MUQIMIY TILIGA RUS TILINING TA’SIRI. Muqimiyning satirik asarlarida 32 ta ot turkumiga, 2 ta sifat, bittadan ravish, yuklama va fe’l turkumiga oid qo’llangan.
Bunda ot turkumiga oid so’zning ko’proq bo’lishi bir tildagi ikkinchi tilga predmet bilan birga kirib kelgan so’zlarning o’zlashishini ko’rsatadi.
Muqimiy asarlari tiliga rus so’zlari asosan og’zaki nutq orqali kirib kelgan. Chunki rus tili va rus tili orqali kirgan so’zlar shu davrda qanday talaffuz qilingan bo’lsa, shundayligicha olingan. Masalan, o’rus, kantur, zavut, kupes, chut(schyot), uyez, poliska (polisiya), purjina, klaska, pristun, kalush, meshin, piyon (pyaniy) doxtur, vogun, bo’lis, ishtiron, zakun, zakalat (zaklad), dabirnas. Rus tilidan qabul qilingan ba’zi so’zlar ma’nosi kengaytirilgan. Masalan, vagun so’zi poyezd ma’nosida qo’llangan:
Sur’at ilak xayr ulusdin yetib
Borlig’i ham xayriyat uldi vog’un.
Samovar so’zi choyxona ma’nosida qo’llangan:
Takyalab charlar, samovaru oqar suv xush havo.
Muncha ham serob ekan, obod olding oxunim.
Muqimiy rus tilidan kirgan ayrim so’zlarda o’zbekcha so’z yasovchi affikslar qo’shib yangi so’zlar hosil qilgan:
Moshinachiga berub, tiktirmaganda barvaqt
Sovuq havo, Muqimiy ojiz, yamon, afandim.
Shunday so’zlarga tiligrafchi, purjinali kabi so’zlarni ham keltirish mumkin.
Ruscha so’zlardan shaxs nutqini individuallashtirish maqsadida ham foydalangan. Bunday maqsadda seychas, durrak, pajalista, poshol, piyonista kabi so’zlarni qo’llagan.
Topib mardiktrini-seychas yuring
Pojalista- der edi-emdi turing.
Muqimiy tomonidan qo’llangan ruscha so’zlarning ayrimlari hozirgi tilimizda adabiy til normasiga aylangan bo’lsa, ayrimlari kabul qilingan emas.
FURQATNING O’ZBEK ADABIY TILI TARAQQIYOTIDAGI ROLI. Furqat O’rta Osiyoning Rossiyaga qo’shilishi natijasida tug’ilgan yangi tarixiy ijtimoiy ongning progressiv xarakterini adabiyotda targ’ib qilgan ijodkorlardan va o’zbek adabiy tili taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan ma’rifatparvarlardan biridir.
Furqatning o’zbek adabiy tili taraqqiyotidagi ahamiyati shundaki, u demokratik shoir sifatida badiiy adabiy til uslubni so’zlashuv nutqiga yaqinlashtirishga harakat qildi.
Furqat asarlari orqali adabiy tilga neologizmlarni olib kirdi. U adabiy tilni yangi leksikaning semantik tushunchalari va iboralar bilan boyitishga intiladi. Badiiy adabiyot tilida fan va texnikaning taraqqiyoti, shuningdek ijtimoiy-munosabatlarning o’zgarishi bilan uzviy bog’liq bo’lgan yangi tushunchalarni ifoda qiluvchi so’zlarni qo’llaydi. Uning poeziyasi tilida leksik neologazmlar: gazeta, doktor, zavud, zakon, lampa, moshina, sallot, telegrom, par (juft), perevot kabi so’zlarni qo’llaydi.
Umumxalq tili materiali zaminida vujudga kelgan semantik neologazmlar kabi, Furqat tilida ancha mahsuldordir. Shoir o’z davridagi yangi tushunchalarni to’liq ifodalash maqsadida umumxalq tilida oldindan iste’mol qilinib kelgan so’zlarni tanlaydi va shu so’zlar asosida original semantik neologazmlarni yaratdi. Bunday semantik neologazmlar shoir tilida konkret bir tushunchani anglatib, o’zining dastlabki nominal ma’nosini ancha o’zgartiradi. Masalan, avom so’zi barcha lug’atlarda izohlanishiga, oddiy xalq ma’nosini bildiradi. Furqat tilida esa bu so’z yangi semantik xususiyatga ega bo’lib, johil ma’nosini anglatadi.
Furqat poeziyasida «oddiy xalq» tushunchasidan tashqari ilm-fan ahlidagi yuz o’giruvchi aristokratiya tabaqasi atrofidagi bir guruh yaramas unsurlar ham ifodalanadi.
Esizkim, bizning o’tmush xonu beglar
Kechib shiratda zoyi subhi shomi:
Keturmay yonig’a bir ahli donish,
O’ziga xos etib necha avomi. (Gimnaziya).
Shu kabi barq, doru so’zlarini va «ishorat aylamoq» birikmasida ham shunday hol ko’rinadi. Barq so’zining lug’aviy ma’nosi chaqmoq bo’lib, muallif uni elektr toki ma’nosida qo’llaydi. Doru so’zini esa elektr tokini yuzaga keltiruvchi yonilg’i yoki shunga o’xshash zaruriy vosita ma’nosida qo’llaydi. Ma’lumki, doru so’zi kishi organizmini sog’lom qiluvchi ximik moddani bildiradi. Fonus so’zi aslida arabcha bo’lib, qo’l fonarini anglatgan. Furqat esa uni elektr lampochkasi ma’nosida qo’llagan:
Chunonchi ikki fonus axli hikmat,
Yasabturlar qilib izhor san’at.
Yonar befilta, begugurt, be yog’
Anga bir sim ishorat aylagay chog’.
(Toshkent shahridagi vistavka xususida).
Shu davr so’zlashuv tilida esa fonus so’zi umuman chiroq ma’nosida qo’llangan.
Furqat lirikasida ulug’ Navoiy taradisiyalarini davom ettirgan bo’lsa, ijtimoiy-siyosiy lirikasida, ma’rifatparvarlikni ifoda qilgan asarlarida o’zbek adabiy tilini yangi so’z va ma’nolar bilan boyitishda katta xizmat qildi.