Mehnat shartnomalari va mehnat muhofazasi tizimi. Korxonada
xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlarini yaratib
berish ish beruvchining majburiyatiga kiradi va bu jamoa shartnomasida o‗z
ifodasini topishi lozim. Ish beruvchi xodimlarga yoki ularning vakillariga muayyan
ish joyidagi va ishlab chiqarishdagi mehnatni muhofaza qilishning holati haqida
axborot berishi shart. Mehnatni muhofaza qilishning holati ustidan davlat nazorati
va tekshiruvni davlat organlari, jamoat tekshiruvini kasaba uyushmalari va
xodimlarning boshqa vakillik organlari amalga oshiradilar.
Xodimlarni o„qitish, malakasini oshirish tizimi. Ish beruvchi ishlab
chiqarishda kasbga doir ta‘lim olayotgan, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda
malakasini oshirayotgan yoki ta‘lim muassasalarida o‗qiyotgan xodimlarga ishni
ta‘lim bilan qo‗shib olib borish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi shart. Ular
uchun imtiyozlar (ish joyidan haq to‗lanadigan qo‗shimcha, ijtimoiy ta‘tilga
chiqish, qisqartirilgan ish haftasida ishlash va hokazolar) mehnat to‗g‗risidagi
qonunlar va boshqa me‘yoriy hujjatlarda belgilab qo‗yilgan.
Ijtimoiy imtiyozlar tizimi. Ayrim toifadagi xodimlar (homilador va yoki
bolasi bor, oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‗ul ayollar, 18 yoshga to‗lmagan
yoshlar va hokazolar) uchun amaldagi qonunchilikda tegishli ijtimoiy imtiyozlar
belgilab qo‗yilgan. Jamoat shartnomasida korxonaning iqtisodiy imkoniyatlarini
hisobga olgan holda amaldagi qonunchilikda va me‘yoriy hujjatlarda ko‗zda
tutilgan qo‗shimcha imtiyozlar (haq to‗lanadigan qo‗shimcha ta‘tillar, pensiyalarga
tayinlanadigan ustamalar, transport va xizmat safari uchun kompensatsiyalar,
xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning bolalarini maktabda va maktabgacha
tarbiya muassasalarida tekin yoki qisman haq to‗lanadigan tarzda ovqatlantirish va
hokazolar) ko‗zda tutilishi mumkin.