36-jadvaldan ko’rinib turibdiki, taxminan 4-haftagacha yosh o’simliklar fosforni o’g’itlar hisobidan ko’proq o’zlashtiradi, keyinchalik esa (ildiz tizimi ancha rivojlangandan keyin) tuproq hisobidan ko’proq o’zlashtiradi. 36-jadval ma’lumotlari bug’doy tomonidan fosfor yutilishining jadalligini ham ko’rsatadi, ikkinchi haftadan to’rtinchi haftagacha o’simliklarda P2O5 ning miqdori 6,1 martaga, to’rtinchidan oltinchi haftagacha 3,2 martaga va oltinchidan sakkizinchigacha 1,7 martaga oshadi. Shunday qilib, o’simlikda P2O5 ning yig’ilishi uning o’sish muddatiga qarab kamayib boradi.
Rivojlanayotgan o’simlik yosh barglarini kuchli ravishda fosfor bilan ta’minlaydi, binobarin uning tashqaridan kirishi to’xtab qolsa, bu holatda fosfatlarni eski barglardan yosh barglarga ko’chib o’tishi kuchayadi. Yosh makkajo’xori o’simligi dastlabki 10 kun davomida oson o’zlashtiriladigan fosfatlarni ildizga yaqin turgan tuproq qatlamidagi 1 mm atrofida bo’lgan qalinlikdangina yuta oladi, keyingi 100 kun davomida esa bu kattalik taxminan 5 mm qalinlikkacha bo’lgan miqdorni tashkil qiladi. Ma’lumki, o’simliklar oziqlanishida tuproq eritmasining umumiy konsentratsiyasi muhim ahamiyatga ega bo’ladi, uning osmotik bosimi oshganda fosforning o’zlashtirilishi susayadi. O’simliklarni ammiakli oziqlantirilganda nitrat oziqlantirishga qaraganda ularning tanasida fosforning to’planishi ortadi. Reproduktiv organlar hosil bo’lishida, ayniqsa ularning pishib yetilishida vegetativ organlar (poya va barglardan-boshoqqa, novda va daraxt poyalaridan mevalariga) dan ularga tomon fosfatlarning jadal harakatlanishi kuzatiladi.
Uzun tolali zig’ir gullash paytida eng ko’p miqdorda fosforni o’zlashtiradi. Bug’doy esa nay o’rash fazasidan, to’planishgacha bo’lgan davrlarda fosforni yaxshi o’zlashtiradi. G’o’za esa 9/10 qism fosforni gullagandan keyin yutadi. Ma’lum ekin tomonidan fosforning yutilishi dinamikasi to’g’risidagi ma’lumotga ega bo’lish vegetatsiya davomida bu oziqa moddasiga bo’lgan tanqislikning oldini olish imkonini beradi. Ma’lum maydonda masalan, 1 gektarda o’simlik tarkibida bo’lgan fosforning absolut miqdori oshib borganligiga qaramay, o’simlik yoshiga qarab, uning foiz miqdori kamayib boradi.
Shunday qilib, fosfor, kaliy kabi hosilning tovar qismida konsentrlanadi, bu narsa fosforli o’g’itlarni qo’llash amaliyotida hisobga olinishi lozim. Odatda, hosilning tovar mahsulotining juda kam qismi xo’jalikda bevosita foydalaniladi. Tovar bo’lmagan qismi to’laligicha xo’jalik hududida qolib, uning ancha qismi yo yem-xashak, yoki hayvonlar ostiga to’sham sifatida foydalaniladi, shuning uchun go’ng tarkibida tuproqqa qaytariladi. Lekin go’ng hosilning tovar qismi tomonidan olingan azot va fosforni tuproqqa qaytara olmaydi, chunki bu mahsulot xo’jalikdan tashqariga chiqarib yuboriladi.
Xo’jaliklar hududlari ishlab chiqilgan sutning har bir litrida 0,9 g P2O5 bo’ladi. Yiliga 5000 kg dan sut beradigan 100 ta qora mol tovar mahsuloti bilan tuproqdan shuncha fosfor o’zlashtiradiki, uning o’rnini bosish uchun 7 tonnadan kam bo’lmagan 20% li superfosfat solish lozim bo’ladi. Hali bu miqdorni uncha to’liq deb bo’lmaydi, chunki dastlabki 2 yilda, odatda, o’simlik solingan o’g’itdagi fosforning bor yo’g’i 25—30% ini o’zlashtiradi xolos. Demak, o’simlik tomonidan tuproqdan o’zlashtirilgan va chorvachilik mahsulotlariga o’tgan fosforni to’liq va uzil-kesil o’rnini bosish uchun solinadigan o’g’itning miqdorini 3—4 barobar ko’paytirish talab qilinadi.
O’simliklarning fosfatli oziqlanishini yetarli darajada tutib turish faqat o’simlikshunoslik talablarigagina mos bo’lib qolmay, balki chorvachilik talablariga ham mos keladi. Oziqa tarkibida fosfatlarning kam boiishi ularning oziqalik qiymatini pasaytiradi, bu holatda chorva mollarining rasioniga fosfat kislotaning mineral tuzlarini qo’shish lozim bo’lib qoladi.
Fosforning sarflanishida tuproqdan uning ishqorlanishi natijasida yer osti suvlariga o’tishi (tuproqdan sezilarli tarzda azot,oltingugurt, kaliy va o’simlik uchun oziq hisoblangan boshqa elementlardan farqli o’laroq) kuzatilmaydi. Ko’p mamlakatlarda qator o’n yillar davomida o’tkazilgan tajribalardan ma’lum bo’ldiki, og’ir tuproqlardan fosfat kislota tuzlarining yuvilib ketishi sodir bo’lmaydi, lekin yengil tuproqlardan har qalay fosforning biroz tuzlari, yuvilish yo’li bilan yo’qoladi. Qumoq tuproqlarning haydaladigan qatlamiga doimiy ravishda fosforli o’g’itlarni solib turish haydalma qatlam ostida uning miqdorini deyarli oshirmaydi.
O’simliklar tomonidan fosforning o’zlashtiriladigan ulishini, (kg miqdorini) hosilning bir sentner tovar qismiga moslab hisoblash qulaydir. Lekin g’allani somonsiz, ildizmevalarni barglarisiz yetishtirib bo’lmaganligi uchun, olingan raqamga bir sentner tovar mahsulotga tegishli bo’lgan uning tovar mahsuloti hisoblanmagan qismidagi fosforni ham qo’shib hisoblash lozim bo’ladi. Umumlashtirilgan tarzda ko’p ekinlardagi bu raqamlar 39-jadvalda keltirilgan. Shuni qayd etishjoizki, bu ko’rsatkichlar fosforning yig’ib olingan hosil bilan birgalikda tuproqdan chiqqan miqdorini bildiradi.