Maxsus ensiklopedik lug‘at (MEL). Fan-texnika, san’at va madaniyatning ma’lum bir sohasiga oid tushunchalarni shu soha qiziquvchilari va mutaxassislari uchun mo‘ljallab tavsiflaydi. Bunday lug‘at sifatida soha ensiklopedik lug‘atlari – «Meditsina ensiklopediyasi», «Физический энсиклопедический словаръ», «Лингвистический энсиклопедический словаръ» kabilarni misol qilib keltirish mumkin. UELdan farqli ravishda MEL tor sohaga doir tushunchani keng va batafsil sharhlaydi. Masalan, rus tilida yaratilgan «Лингвистический энсиклопедический словаръ» da shunday deyiladi: «Bu lug‘at turli ixtisosliklardagi filolog-tilshunoslar va ilmiy xodimlarning keng doirasiga, shuningdek, tilshunoslik bilan yaqin bo‘lgan soha vakillari psixologlar, mantiqshunoslar, filosoflar, etnograf va adabiyotshunoslarga mo‘ljallangan». Quyida «Лингвистический энсиклопедический словаръ» dan namuna keltiramiz (bunday lug‘at o‘zbek tilida yaratilmagani uchun olingan maqolaning tarjimasi berildi).
«AKKOMODATSIYA (lat. accomodatio — moslashish) tovushning kombinator o‘zgarishidan biri: qo‘shni undosh va unlining qisman moslashuvi. Akkomodatsiya shunday hodisaki, keyingi tovushning ekskursiyasi (artikulatsiyasining boshlanishi) oldingi tovushning rekursiya (artikulatsiyasining tugashi)ga moslashadi (progressiv akkomadatsiya) yoki oldingi tovushning rekursiyasi keyingi tovushning ekskursiyasiga moslashadi. Ayrim tillarga unlining undoshga moslashishi xosdir, masalan, rus tilida a, o, u unlilari yumshoq undoshdan keyin til oldi unlilariga aylanadi (ularning artikulyatsiyasi ekskursiyaga intilgan).
Ko‘rinadiki, maxsus ensiklopedik lug‘at soha mutaxassislari uchungina zarur bo‘lgan tushunchani ana shu soha ilmiy uslubiga xos ifoda bilan tasvirlaydi.
Umumiy filologik lug‘at barcha soha kishilari, keng foydalanuvchilar ommasiga mo‘ljallangan izohli, imlo, orfoepik, tarjima lug‘atdir. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» (O‘TIL), «Ruscha-o‘zbekcha lug‘at» (RO‘L) ana shunday lug‘atlar sirasiga kiradi. Shu boisdan O‘TILda shunday deyiladi: «Lug‘at keng o‘quvchilar ommasiga – tilshunoslar, o‘rta va oliy maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari, yozuvchilar, jurnalistlar, gazeta va nashriyot xodimlari va o‘zbek tiliga qiziquvchi barcha kitobxonlarga mo‘ljallangan» (1-tom, 5-bet) Izohli lug‘at so‘zning ma’nosini shu tilda sharhlaydi, izohlaydi va shu ma’nosi bilan nutq tarkibida beradi. Misollar:
BAQIRLAMOQ – Baqir-buqur ovoz chiqarib qattiq qaynamoq. Hamrobibi dasturxon yozdi, baqirlab qaynayotgan samovarni keltirib, qopqoqlab qo‘ydi. R.Fayziy.
Yoz – 1-yilning bahor bilan kuz orasidagi eng issiq fasli. Laylak keldi-yoz bo‘ldi. Dangasaning ishi bitmas, yoz kelsa ham qishi bitmas. 2-ko‘chma umrning eng gullagan yaxshi davri. Yozim o‘tdi, chiroyingizga to‘q bu quvnoq ko‘ngil. G‘ayratiy.
Ko‘ngli yoz bo‘ldi. Ortiq sevinib, bahri dili ochildi. Negadir otashin ko‘ngli yoz bo‘lib ketdi. O‘.Umarbekov. Charos.
Umumiy izohli lug‘atda lug‘aviy birlikning barcha – grammatik, uslubiy, frazeologik birlik tarkibida qatnashishi, omonimligi, qaysi tildan o‘zlashganlik belgilari ko‘rsatiladi.
O‘zbek tilining bu turdagi lug‘ati birinchi marta 1981-yilda Moskvada nashr etildi. «Boy leksikografik an’analarning davomi sifatida o‘tgan asrning 50–80-yillari mobaynida o‘zbek tilshunosligida erishilgan va o‘zbek leksikografiyasini tilshunos-likning tez rivojlanib borayotgan mustaqil sohasiga aylantirgan ulkan muvaffaqiyati tufayli yuzaga kelgan» (1-tom, 5-bet). «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» o‘zbek xalqi tarixi va ma’naviyati taraqqiyotida ulkan hodisa bo‘ldi. «Lug‘atning asosiy vazifasi o‘zbek tilining so‘z boyligini to‘plash va tavsiflash bilan birga, uning me’yorini belgilab berish va mustahkamlashdan ham iboratki, unda tilning imlo, talaffuz, so‘z yasash va ishlatish me’yorlari tavsiya etildi» (1-tom, 5-bet).
Demak, o‘zbek tilining ilk izohli lug‘ati o‘z oldiga qo‘yilgan o‘zbek tilining so‘z boyligini to‘plash va tavsiflash hamda uning me’yorini belgilashdan iborat tarixiy vazifasini bajardi. Biroq tilshunoslik fanining rivoji, o‘rganish manbaiga yondashuv omillari va metodologiyasining taraqqiyoti, jamiyat rivojlanishining muayyan bosqichida ijtimoiy fanlarga qo‘yiladigan yangicha talablarning yuzaga kelishi ijtimoiy ong shakllaridan bo‘lgan tilning ilmiy talqinida ham yangicha qarashlar shakllanishiga olib keladi .
Leksemalarning lug‘aviy ma’nosi talqinida lison va nutqni izchil farqlash talabi har bir so‘zga xos barqaror lisoniy va o‘tkinchi nutqiy jihatni ajratishni taqozo qiladi. Nutqiy hodisa cheksizlik va rang-baranglik tabiatiga ega bo‘lganligi bois leksikografik talqinning obyekti bo‘la olmaydi. Lug‘at so‘zga xos barqaror jihatnigina qamrab olish imkoniga ega. Demak, semasiologiya sohasida amalga oshirilgan izchil substansial tadqiqotlar lug‘atni tartiblashtirishda muhim tayanch omil bo‘lib, leksikografni cheksiz nutqiy ma’nolarni tartibga keltirish, lug‘atga kiritish hamda izohlash tashvishidan xalos etadi. Bunda har bir voqelangan nutqiy lug‘aviy ma’noda qorishgan o‘zga hodisalar tajallilarini e’tibordan soqit qilish, ushbu birlik (leksema)ning mohiyatiga daxldor bo‘lgan unsurni ajratish va tavsiflash leksikografik talqinda muhim ahamiyatga ega.