O‘zbek lug‘atchiligi tarixi, aslida, eski turkiy til lug‘atchiligi va arab tili lug‘atchiligi tarixi bilan uzviy bog‘liqdir: "Devonu lug‘otit turk" (1073-1074y.), "Muqaddimat-ul adab" (1137y.), "Kitob ul-idrok li lisanul atrak" (1312y.), "Attuhfat-uz zakiyatu fil lug‘atit turkiya" (XIII asr) kabi asarlar arab tilida va arab tilshunosligi an’analarida yozilgan bo‘lsa-da, ularning barchasida qadimgi turkiy til va eski turkiy til lug‘ati o‘z ifodasini topgan.
"Devonu lug‘otit turk" (1073-1074y.)-Mahmud Koshg‘ariyning turkiy tillar haqidagi qomusiy asari. Unda Markaziy Osiyodan qora dengiz bo‘ylarigacha cho‘zilgan hududda yashovchi turkiy urug‘lar, qabilalar, elatlar, ularning tillari haqida ma’lumot beriladi. Xalq og‘zaki ijodidan namunalar keltiriladi.
Lug‘atning bizgacha bitta qo‘lyozmasi etib kelgan. Bu qo‘lyozma, kotibning ta’kidlashicha, Mahmud Koshg‘ariyning o‘z qo‘li bilan yozilgan nusxadan ko‘chirilgan bo‘lib, 1914 yilda Turkiyaning Diyorbakr shahridan topilgan. U Istanbulda saqlanmoqda.
"Devonu lug‘otit turk" arab tilidan nemis, usmonli turk va o‘zbek tillariga tarjima qilingan.
"Muqaddimat-ul adab" -Mahmud az-Zamaxshariyning Xorazmshoh Alouddavla Abulmuzaffar Otsizga bag‘ishlab yozgan asari. Bu asar besh qismdan iborat bo‘lib, ularda otlar, fe’llar, bog‘lovchilar, ot o‘zgartishlari va fe’l o‘zgartishlari haqida bahs yuritiladi. Arabcha so‘zlarning ostida forscha, ba’zilarida turkiy, hatto mo‘g‘ulcha tarjimalari berilgan. Asar 1706 yilda Xo‘ja Ishoq Afandi tomonidan usmonli turk tiliga, keyinchalik fransuz va nemis tillariga ham tarjima qilinib, Parij, Leypsig, Vena, Leyden, qozon shaharlarida, Norvegiya, Misr va Hindistonda bir necha marta nashr etilgan. Manbalarda ta’kidlanishicha, "Muqaddimat-ul adab"ning chig‘atoy tilidagi tarjimasi az-Zamaxshariyning o‘zi tomonidan amalga oshirilgan.
«Attuhfatuz zakiyatu fil lug‘atit turkiya» («Turkiy til haqida noyob tuhfa», XIII asrning oxirida yozilgan).- Muallifi noma’lum. Bizgacha bu asarning bitta nusxasi yetib kelgan, u Turkiyadagi shaxsiy kutubxonalardan birida saqlanadi.
Lug‘at arab tilida yozilgan, uni turkshunos Besim Atalay turkcha izohlar bilan nashr ettirgan. Lug‘atda qipchoq o‘zbeklari tili tavsiflangan. U 1968 yilda taniqli tilshunos Solih Mutallibov tarjimasida o‘zbek tilida nashr ettirilgan.
«Kitob ul-idrok li lison il-atrok» («Turkiy tillarni bilish kitobi», 1312y.)- Abu hayyan Andalusiyning turkiy tillarning leksikasi va grammatikasiga oid asari. Unda o‘z davrining turkiy lahja va shevalari haqida ma’lumot berilgan.
«Kitobu bulg‘atul mushtaqori lug‘atit turk val qifchoq» («Turk va qipchoq tilini bilishni istaganlar uchun qo‘llanma», XIVasr)-Jamoliddin Abu Muhammad Abdulahad Turkiy tomonidan yaratilgan lug‘at. Asarning arabcha matni qora, turk so‘zlari esa qizil siyohda yozilgan. Lug‘atning leksikografik materiali 4 bo‘limga ajratilgan:
1) xudo va osmon, unga bo‘ysunuvchi jami mavjudotlar haqida;
2) yer, uning usti va ostida bor bo‘lgan narsalar haqida;
3) ravishdoshlar;
4) fe’llar.
Bu asar turkiy tillar tarixini o‘rganishda katta ahamiyatga ega. Uning qo‘lyozmasi Parij milliy kutubxonasida saqlanadi.