Andijon davlat unibersiteti psixologiya kafedrasi


Psixologiya fanida eksperiment usulining ikki turi bor



Yüklə 1,78 Mb.
səhifə44/258
tarix18.02.2022
ölçüsü1,78 Mb.
#52803
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   258
Andijon davlat unibersiteti psixologiya kafedrasi

Psixologiya fanida eksperiment usulining ikki turi bor;

a) laboratoriya eksperimenti;

b) tabiiy eksperiment.

Eksperiment usulining bu ikki turi psixologiya fani sohalarining hammasi uchun baravar qo‘llaniladi. Laboratoriya eksperimentining o‘ziga xos ustunligi shundaki, u eksperimentator (tajriba o‘tkazuvchi) ga alohida qulayliklar beradi. Eksperimentator o‘rganilishi lozim bo‘lgan psixologik hodisani istalgan vaqtda vujudga keltiradi va unga sarflanadigan vaqtdan unumli foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Laboratoriya eksperimentining ayniqsa; psixik holatlarning fiziologik asoslarini o‘rganishdagi imkoniyati kattadir. Shunday qilib, laboratoriya eksperimenti psixologiya fanining eng mahsuldor usuli sifatida ahamiyatga egadir.

Psixologik hodisalarni o‘rganish uchun qo‘llaniladigan usullardan biri a n k ye t a usulidir. Bu usul psixologiya fani sohalarining deyarlik hammasida keng qo‘llaniladi. Anketa usulining o‘ziga xos afzal tomoni shundaki, bir vaqtning o‘zida bir qancha odamlarni, guruh yoki jamoani ham o‘rganish mumkin. Bunda anketa varaqalariga o‘rganuvchi tomonidan avvaldan tayyorlangan savollar yoziladi va o‘rganiluvchilarga tarqatiladi. Ular o‘rganuvchi tomonidan belglangan muddatda bu savollarga yozma javob qaytaradilar. Tadqiqotchi bu javoblarni tahlil qilib, har bir shaxsdagi, guruh yoki jamoadagi o‘rganilishi lozim bo‘lgan psixologik hodisaning darajasini aniqlaydi.

Odamning psixologik sifatlarini o‘rganish uchun qo‘llaniladigan yana bir usul faoliyat mahsullarini tahlil etish usulidir. Ma’lumki, shaxs hamma vaqt ma’lum faoliyat turi bilan shug‘ullanadi. Har bir faoliyat o‘z mahsuliga ega bo‘ladi. Ana shu faoliyat tufayli yuzaga keladigan mahsulda shaxsning psixologik sifatlari o‘z aksini topadi. Shuning uchun har bir odamning ( u qaysi sohada faoliyat ko‘rsatishidan qat’iy nazar) faoliyati mahsuli shu odamga xos bo‘lgan bir qancha psixologik sifatlarni anglatadi. Masalan, talaba tomonidan yozilgan she’rning mazmuni o‘sha talabaning ijodiy qobiliyatini, mehnatsevarligini, tafakkurini, irodaviy sifatlari kabilarni bilishga imkon beradi, undagi mustaqillik va yaratuvchilikka intilishni ko‘rsatib turadi. Shuning uchun psixologiya fanida odamni faoliyati mahsullarini tahlil etish usulidan yordamchi usul sifatida foydalaniladi.

Psixologik hodisalarni o‘rganish uchun qo‘llaniladigan yordamchi usullardan biri biografiya usulidir. Bu usuldan shaxsga xos ayrim psixologik sifatlarni o‘rganish uchun foydalaniladi. Ma’lumki, har bir odam o‘zining biografik ma’lumotlariga ega bo‘ladi. Bu ma’lumotlar shaxsning yoshini, oilaviy muhitini, geografik sharoitini, ulg‘ayish jarayonini, uning kamolotiga ta’sir ko‘rsatuvchi faktorlarini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, biografik ma’lumotlarda shaxsning g‘oyaviy yo‘nalishi, dunyoqarashi, ishonch-e’tidoqi, axloqiy olami, ijtimoiy burchiga sadoqati, maslak va maqsadi ham aks etgan bo‘ladiki, bularning barchasi uning psixologik dunyosini bilishga asos bo‘ladi.

Shaxsga xos psixologik sifatlarning turli tomonlarini tadqiq etishda psixologiya fanida test usulidan ham foydalaniladi (test - inglizcha so‘z bo‘lib, sinash, tekshirish ma’nolarini anglatadi). Test usuli psixologiyada faqat ilmiy tadqiqot emas, balki sinab ko‘rish, u yoki bu psixologik sifatlarning darajasini aniqlash uchun ham ishlatiladi. Test usuli yordamida qisqa vaqt ichida shaxsda ayrim psixologik funksiyalarning, qobiliyat, malaka va uquvlarning qay darajada takomillashgani aniqlanadi, odamdagi ayrim sifatlarga aniq tavsif berilib, uning ma’lum sohasiga, kasbiga layoqati sinaladi.

Test usuli yordamida psixologik hodisalarni texnik vositalarsiz qisqa muddat davomida standartlashtirilgan holda tekshiriladi va aniqlangan xulosalarni matematik yo‘l bilan hisoblab chiqish imkoniyatiga ega bo‘linadi.

Ba’zi testlar diagnostik xarakterga ega bo‘ladi. Diagnostik testlarning qimmati testlarning mazmunan qanday tuzilganiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, talabaning fizikaga, matematikaga, adabiyotga yoki fanning boshqa sohalariga nisbatan bo‘lgan qobiliyatiga diagnoz qo‘yish testlari va h.k. Hozirgi kunda psixologik tadqiqotlar olib borishda ilmiy asosda tuzilgan testlardan keng ko‘lamda foydalanilmoqda. So‘nggi yillarda fan sohalarining ayniqsa, texnika fanlarining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi natijasida psixologiyada yangi usul - modellashtirish usuli yuzaga keldi. Model o‘rganilishi lozim bo‘lgan psixologik hodisaning yasama andozasi hisoblanadi. Modellashtirish usulining o‘ziga xosligi shundaki, bu usul yordamida ayrim psixologik jarayonlar bevosita o‘rganiladi. Lekin, psixik jarayonning (ko‘rish, eshitish, hid bilish va h.k.) modelini yuzaga keltirish uchun shu psixik jarayonni mukammal bilish zarur. Shuning uchun modelning mukammal bo‘lishi o‘rganilayotgan psixik hodisaga doir bilim darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Ammo, model psixik jarayonning o‘zi bo‘la olmaydi. Modelda psixik hodisa soddalashtiriladi. Bu esa modelning yanglishligiga, psixologik hodisaning noto‘g‘ri o‘rganilishiga olib kelishi mumkin. Umuman, modellashtirish usuli orqali turli psixologik sifatlarni (sezgi, idrok, xotira va h.k.) o‘rganish mumkin.

Shunday qilib, yuqoridagi usullar bilan psixologik tadqikot olib borilganda, avvalo tadqiqot jarayoniga tayyorgarlik ko‘riladi, so‘ngra eksperiment bosqichiga o‘tiladi (tajriba jarayoni), undan so‘ng tadqiqot jarayonida olingan ma’umotlar ilmiy tahlil etiladi va nihoyat, tahlil tufayli aniqlangan xulosalar psixologik nazariya asosida izohlanadi va tadqiqot taxminining to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi aniqlanadi

Yaqin va uzoq chet el psixologiyasi fanida inson psixikasini tadqiqot qilish metodlarining turlicha klassifikatsiyasi (tasnifi) berilgan. Umumiy psixologiya sohasi bo‘yicha xilma-xil ilmiy asosga qurilgan nazariyalar mavjud bo‘lib, ularning har qaysisi to‘kislik va nuqsonli tomonlariga ega. Quyida biz rus psixologi B.G.Ananev tavsiya qilgan klassifikatsiyaga asoslangan holda metodlar xususiyatini yoritib beramiz. B.G. Ananev psixikani o‘rganish metodlarining tashkiliy, empirik (amaliy), olingan natijalarni qayta ishlash yoki statistik hamda natijalarni sharhlash deb nomlab, ularni to‘rtta katta turkumga, guruhga ajratgan. Mazkur metodlar guruhi o‘z navbatida uning maqsadi va vazifasiga binoan yana bir nechta toifa hamda turlarga bo‘linadi. Navbatdagi fikrda ana shu metodlarning umumiy, xususiy va o‘ziga xos xususiyatlariga hamda qiyosiy tavsifiga to‘xtalamiz. Tadqiqot metodlarining birinchi guruhi tashkiliy deb nomlanib, u o‘z ichiga qiyoslash, longityud (uzluksiz), kompleks (ko‘pyoqlama) deb ataladigan turlarni qamrab oladi. Qiyoslash metodi umumiy psixologiya (turli guruhlarni o‘zaro solishtirish), sotsial psixologiya (katta yoki kichik guruhlar hamda ularning har xil toifalarini o‘zaro taqqoslash), meditsina psixologiyasi (sog‘lom va bemor kishilarning psixik xususiyatlarini qiyoslash), sport psixologiyasi (sportsmenlar holati, ularning uquvchanligi va ishchanligini o‘zaro chog‘ishtirish) kabi fanlarda unumli foydalaniladi.

Umumiy psixologiya fanida qiyoslash metodi turli yoshdagi odamlarning bilish jarayonlari, shaxs xususiyatlari, bilimlarini o‘zlashtirish xossalari, aqliy qobiliyati, salohiyati, taraqqiyot dinamikasi, shaxs jinsiy tafovutlari va o‘ziga xosligi, individual-tipologik holatlarini o‘rganishda tatbiq etiladi. Rus psixologlari L.S.Vigotskiy, P.P.Blonskiy, A.A.Smirnov, B.G.Ananev, D.B.Elkonin, P.Ya.Galperin singari olimlar va ularning shogirdlari tadqiqotlarida qiyoslash metodidan foydalanilgan. Keyingi yillarda xalq ta’limi va oliy ta’lim tizimida hamda ishlab chiqarishda XX asrning 70- yillaridan e’tiboran to hozirgi davrgacha «inson omili» muammosining muhokamaga qo‘yilishi, vaqt taqchilligi, ishchanlik imkoniyati, qobiliyati, psixologik moslik masalalarining alohida ahamiyat kasb etishi mazkur metodni keng qo‘lamda qo‘llashni taqozo etmoqda. Bundan tashqari, tajribada olingan miqdoriy ma’lumotlar ishonchlilik darajasini oshirish uchun ham qiyoslash metodi ishlatiladi. Ayniqsa, sinaluvchilardagi o‘zgarishlarni ko‘ndalang kesim holatda olib qarash, tadqiqot bosqichini kesib, ya’ni vaqtincha to‘xtatib, alohida tahlil qilish ushbu metodga borgan sari diqqat-e’tibor tobora ortib borayotganligidan dalolat beradi. Masalan, tajribaning birinchi bosqichining turli yoshdagi va jinsdagi odamlarga ta’sirini aniqlash va hokazolar shular jumlasidandir.

Umumiy psixologiyada qiyoslash metodi bilan bir qatorda longityud (uzluksiz) metodi ham keng ko‘lamda qo‘llaniladi. Ushbu metodning boshqa metodlardan farqli tomoni shundan iboratki, uning yordamida bir yoki bir necha sinaluvchilar uzoq muddat, hatto o‘n yillar davomida (A.Termenning 50 yillik uzluksiz tajribasi hozircha rekord hisoblanadi) tekshiriladi. Longityud metodidan AQShlik A.Termen, nemis psixologi V.Shtern, fransuz R.Zazzo va Sh.Byuler, rus psixologlari N.A.Menchinskaya, A.N.Gvozdev, N.S.Leytes, V.S.Muxina va boshqalar ko‘p davrlardan beri unumli foydalanib keladilar.

Mazkur metod orqali har xil jinsli egizaklar (Hasan-Husan, Fotima-Zuhra) yoki aralash jinsli (Hasan-Zuhra, Fotima-Husan) qo‘shaloqlar kuzatilgan. Shuning uchun bir talay tadqiqotlarning «ona kundaligi» (N.A.Menchinskaya, V.S.Muxina) deb nomlanishi bejiz emas. Uzoq muddat davomida muayyan bir shaxsni (kichik guruhni) kuzatish sinaluvchida yangitdan paydo bo‘layotgan fazilatlarining taraqqiyot dinamikasi, uning xulq-atvoridagi illatlar (me’yordagi xatti-harakatdan chetga og‘ish) va ularning oldini olish muammolari yuzasidan material yig‘ish, shuningdek, murakkab psixologik munosabatlar, ichki bog‘lanishlar, qonuniyatlar, mexanizmlar to‘g‘risida mukammal, ishonchli, barqaror ma’lumotlar to‘plash imkonini yaratadi.

Longityud metodi yordamida sub’ektiv omillarning o‘ziga xosligidan tashqari, sinaluvchiga ob’ektiv (tabiiy) shart-sharoitlarning, ijtimoiy­psixologik muhitning ta’siri ham o‘rganiladi. Chunonchi, egizaklarning o‘zaro o‘xshashligi va ularning tafovutlanishi, ta’sirlanishi, his-tuyg‘ularining o‘zgarishi, shaxslar o‘rtasidagi individual farqlar (ishchanligi, temperamenti, oliy nerv faoliyati sistemasi va hokazolar) yuzasidan olingan ma’lumotlar longityud metodining sharofati bilan ro‘yobga chiqadi.

XX asrning ikkinchi yarmida XXI asrning boshlarida fan va texnikaning taraqqiyoti psixologik tekshirishlarning ilmiylik darajasini yanada oshirish uchun (sub’ektiv omillar ta’sirini kamaytirish maqsadida) kompleks programma asosida boshqa fanlar (meditsina, fizika, fiziologiya, biologiya, sotsiologiya, kibernetika, statistika, filosofiya, logika) bilan birgalikda tadqiqot ishlarini olib borishni taqozo qilmoqda. Bu voqelik fan olamida integratsiya (qo‘shilish, uyushish) jarayoni yuz berayotganligi ko‘rsatkichi ifodasidir. Amaliy xususiyatga molik ilmiy-tekshirish ana shu ko‘pqirrali (kompleks) yondashishni talab etmoqda. Psixologiya sohalari (psixofiziologiya, kosmos, tibbiyot psixologiyasi, muhandislik yoki aviatsion psixologiya) o‘rtasida esa tadqiqot ob’ektiga tizimli yondashish prinsipi amalga oshirilmoqda. Ushbu ijtimoiy­psixologik voqelik sohalar differensiatsiyasidan (ajralishidan) dalolat bermoqda. Kompleks metod yordamida o‘rganilayotgan ob’ektdagi o‘zgarishlar turli sohaviy nuqtai nazardan tahlil qilinadi yoki ularga har xil yondashiladi. Masalan, shaxsning muayyan bilimlarni egallash xususiyati psixologik jihatdan tekshirilayotgan bo‘linsa, kompleks (ko‘pyoqlama) yondashish ta’sirida ana shu o‘zgartirishning falsafiy, mantiqiy, fiziologik, ijtimoiy, biologik xususiyatlari ochib beriladi. Aytaylik, keksayishning biologik omillarini o‘rganish qari kishidagi psixologik, fiziologik, mantiqiy jihatlarining ochilishiga xizmat qiladi.

Kompleks (ko‘pqirrali) programma (dastur) yordamida amalga oshirilgan tadqiqotning natijasi ilmshunoslik uchun muhim ahamiyatga molik bo‘lib, insonshunoslik muammolarini hal qilishda ham alohida ijobiy rol o‘ynashiga shak-shubha yo‘q.




Yüklə 1,78 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   258




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin