Etnodiniy metaetnik birliklar ham uchraydi. Masalan, induizm Janubiy
Osiyoda juda ko‘p xalqlarning ijtimoiy va madaniy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatgan,
hozirda esa ushbu mintaqada hind xalqlari yagona birlik sifatida shakllanmoqdalar.
Filippin janubida islomning tarqalishi Moro xalqlari deb nomlangan alohida
etnodiniy guruh shakllanishiga olib keldi. Filippindagi boshqa yirik xalqlarning
birlashuvi esa nasroniylik dini ta’siri ostida ro‘y berdi.
Bir necha kichik etnoslar bitta kattasiga qo‘shilganligi yoki kichik etnik
birliklarning yirik xalq ichida yo‘q bo‘lib ketganligi haqida tarix guvohlik beradi,
ya’ni turli hududlarda va turli ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda etnik birlashish
jarayonlari sodir bo‘lgan. Biroq, unga teskari jarayon, ya’ni etnik bo‘linish sinfiy
jamiyatgacha bo‘lgan davrda ko‘proq sodir bo‘lgan. Bu davrda aholining o‘sishi
qabilalarning parchalanishiga va kishilarning yer shari bo‘ylab tarqalishiga olib
kelgan. Dunyoning ayrim qismlarida etnik bo‘linish jarayoni hozir ham davom
etmoqda. Xususan, yevropaliklarning Amerika, Avstraliya va qisman Afrikaga
ko‘chishi oqibatida bu yerlarda yangi etnoslar shakllandi. Ba’zan davlat
chegaralaridagi o‘zgarish tufayli etnoslarning bo‘linishi ham yangi xalqlarni
vujudga keltiradi.
Etnik birlashuv jarayonlari bir necha xil bo‘ladi: konsolidasiya, assimilyasiya
va etnik integrasiya. Ba’zan etnik rivojlanish ancha murakkab bo‘lib, bu
jarayonlarning barchasi bir vaqtda sodir bo‘ladi.
Konsolidasiya – bu o‘zaro yaqin bir necha etnoslarning (qabila, elat) bitta
yirik xalqqa qo‘shilishi yoki mavjud xalqning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy
91
rivojlanishi bo‘yicha yanada jipslashuvidir. Xalqlarning tili va madaniyati o‘zaro
yaqin bo‘lsa konsolidasiya jadal ro‘y beradi. Etnoslar rivojlanishning quyi
pog‘onalarida qolib, millat sifatida shakllana olmagan hududlarda bu jarayon sodir
bo‘ladi (masalan, Dog‘iston va Oltoydagi kichik elatlar va h.k.).
Konsolidasiya jarayoni ayniqsa ikkinchi jahon urushidan keyin, mustamlaka
tizimi parchalanishi bilan keng quloch yoydi. Milliy ozodlik harakati natijasida
ularning siyosiy mustaqillikka erishishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xo‘jalik
tuzilmasidagi o‘zgarishlar, jumladan ko‘chmanchilik o‘rniga o‘troq turmush
tarzining yuzaga kelishi – bularning barchasi etnik konsolidasiyani, milliy o‘zlikni
anglashni jadallashtirdi. Yaqin o‘tmishda ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlar
uchun xos bo‘lgan etnik xilma-xillik hozirda susayib bormoqda. Qabilalar va lokal
etnik guruhlardan elatlar va millatlar shakllanmoqda. Masalan, Afrikadagi bir
necha qabila uyushmalaridan xausa, yoruba, ibo kabi taniqli elat va millatlar
vujudga keldi. Hindiston, Filippin va boshqa Osiyo mamlakatlarida konsolidasiya
jadal ro‘y bermoqda.
Ayrim millatlar shakllanishiga siyosiy vaziyatlar, birinchi navbatda, alohida
davlatlarning paydo bo‘lishi katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu narsa, masalan,
flamandlardan ajralib chiqqan gollandlarga tegishli. Ikkita mustaqil davlat –
Germaniya va Avstriyaning paydo bo‘lishi bir tilda gaplashadigan alohida
millatlarni vujudga keltirdi. Deyarli barcha Lotin Amerikasi millatlari mustaqil
davlatlar doirasida shakllandilar, shuning uchun ulardagi siyosiy chegara etnik
chegara bo‘lib ham xizmat qilmoqda.
Assimilyasiya mohiyati shundaki, biron-bir xalqning alohida guruhi yoki
butun bir xalq uzoq vaqt davomida boshqa xalq orasida yashab, uning tili va
madaniyatini o‘zlashtiradi hamda o‘zini avvalgi etnik birlikka mansub ekanini
inkor qiladi. Milliy o‘zlikni anglashdagi o‘zgarishlar bu jarayonning oxirgi
bosqichi hisoblanadi.
Assimilyasiya asosan iqtisodiy taraqqiy etgan mamlakatlar uchun xos bo‘lib,
undagi aholi millat sifatida allaqachon shakllangan. Ushbu kishilar orasida
yashaydigan kamsonli milliy guruhlar esa ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanish
bo‘yicha ancha orqada. Bu jarayon kamsonli millatlarga ham, muhojirlarga ham
tegishli. Muhojirlarning assimilyasiyalashuvi ko‘pgina omillarga bog‘liq: ularning
tubjoy aholisi bilan tili va madaniyatidagi o‘xshashliklar, ko‘chib kelganlarning
milliy jipslik darajasi, ularning o‘z vatanlari bilan siyosiy va madaniy aloqalarini
saqlanib qolganligi, qabul qilgan mamlakat hududidagi joylashuvi (aralash yoki
kompakt, shahar yoki qishloq), irqiy tafovutlar, mamlakatdagi boshqaruvchi
kuchlarning u yoki bu muhojir guruhlarga munosabati va h.k.
Assimilyasiyaning tabiiy va majburiy turlari mavjud. Tabiiy assimilyasiya
ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy aloqalarining rivojlanishi jarayonida o‘z oqimi bilan
sodir bo‘ladi. Majburiy assimilyasiya esa milliy notenglik mavjud bo‘lgan
davlatlarda kamsonli millatlarning tili va madaniyatiga butunlay barham berishga
yo‘naltirilgan reaksion assimilyasiya siyosati natijasidir.
Etnik integrasiyalashuv, ya’ni turli etnoslarning yaqinlashuvi asosan
ko‘pmillatli davlatlarda sodir bo‘ladi. Bunday mamlakatlarda milliy muammolarni
hal etishning muhim sharti – xalqlarni madaniy va xo‘jalik jihatdan yaqinlashtirish
92
hisoblanadi. Bunday integrasiyalashuv etnik birliklar soni hamda ularning tiplari
bo‘yicha o‘zgarishlarga olib keladi. U yoki bu mamlakat aholisi milliy tarkibiga
tavsif berishda umumiy hududga, til va madaniyatga ega, tarixiy shakllangan
kishilar guruhini anglatuvchi “xalq” tushunchasi keng qo‘llaniladi. Ba’zi hollarda
bu tushuncha (Yevropa, Shimoliy Amerika mamlakatlari) millat va elatni, boshqa
holatlarda elat, o‘zaro yaqin qabilalar guruhi, hatto alohida qabilani (Afrika, Osiyo
va Okeaniyaning ayrim mamlakatlari) anglatadi.
Dunyo aholisining etnik tarkibi tinimsiz o‘zarib turibdi; ba’zan yangi etnik
birliklar paydo bo‘lmoqda. Biroq, umuman konsolidasiya va assimilyasiya jahon
xalqlari umumiy sonining qisqarishiga olib keladi. Hatto, bir necha asr ilgari
millatlarning shakllanishi boshlangan Yevropada bir qancha etnoslar (gellar, frizlar
va boshqalar) asta-sekin yo‘q bo‘lib ketdilar. Afrika, Osiyo va Lotin
Amerikasidagi rivojlanayotgan mamlakatlarda esa bu jarayon jadal davom
etmoqda.
Xalqlarning joylashuvida ham o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Yer shari bo‘ylab
ko‘pchilik xalqlar kompakt bo‘lib yashaydilar. Milliy aralash aholi, avvalo etnik
chegaralar yoqasida joylashgan hududlar uchun xos bo‘lib, bunday aralashuv
o‘xshash tillarda so‘zlashadigan va madaniy-maishiy munosabati yaqin bo‘lgan
qo‘shni xalqlarda ayniqsa kuchli bo‘ladi. Mintaqalarning iqtisodiy rivojlanish
darajasi yuksalib borgan sari, shunga mos holda, ularning milliy tarkibi ham
murakkablashib boradi. Jumladan, qishloq joylarga nisbatan shaharlar aholisining
milliy tarkibi xilma-xildir. Shahar qancha katta bo‘lsa, aholining milliy tarkibi
shuncha rang-barang bo‘ladi. Shahar aholisining milliy xilma-xilligi muhojirlarni
ko‘p qabul qiladigan mamlakatlar uchun xosdir. Chunki yangi ko‘chib
kelganlarning asosiy qismi shaharlarda o‘rnashadilar.
AQSh shahar aholisi milliy tarkibining tahlili bu holatni to‘la-to‘kis
tasdiqlaydi. Ushbu mamlakat shaharlarida assimilyasiyalashmagan muhojirlar
salmog‘i o‘rtacha mamlakat ko‘rsatkichiga nisbatan 2,5 barobar yuqori. Janubi-
Sharqiy Osiyo shaharlarida tubjoy millatlarga mansub kishilardan tashqari,
aholining anchagina qismini xitoylar va hindlar tashkil qiladi; ular bu yerda savdo,
hunarmandchilik va sanoat ishlab chiqarishida band. Arab davlatlari va
Afg‘onistonda ham hindlar asosan shaharlarda yashab, savdo va hunarmandchilik
bilan shug‘ullanadilar.
Tojiklar, o‘zbeklar, turkmanlar va afg‘onlar keng tarqalgan shimoliy
Afg‘aniston shaharlarida tojiklar ko‘pchilikni tashkil etadi. Afg‘onlar ko‘p
yashaydigan hududlardagi shaharlarda, jumladan Qobulda ham ular ulushi yuqori.
Xitoyning ko‘pchilik shaharlarida (kamsonli millatlar yashaydigan hududlarda
ham) xitoylar, qisman xuey va manchjurlar, faqat Sinszyan okrugi shaharlarida
uyg‘urlar, Tibet shaharlarida esa tibetliklar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Umuman,
ko‘pmillatli davlatlarda nisbatan yirik yoki iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan
millatlarning vakillari shahar aholisining asosiy qismini tashkil etadi.
Qishloq joylardagi milliy aralashuv ikki yoqlama tavsif kasb etishi mumkin.
Faqat ikki va undan ortiq xalq bitta aholi punktida yashaydigan bo‘lsagina, ularni
milliy jihatdan xaqiqiy aralash hudud deb hisoblash mumkin (bu sohadagi eng
yaqqol misol – Malayziya bo‘lib, ularda eng kichik qishloqlargina bir millatlidir).
93
Odatda muayyan hududda ko‘plab xalqlar joylashgan bo‘lib, ularning har biri o‘z
qishloqlariga ega bo‘ladi.
Siyosiy chegaralar ko‘pincha milliy chegaralarga mos kelmaydi. Ehtimol,
millat shakllanishi bilan davlatning paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda ro‘y bergan
G‘arbiy Yevropa hamda Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun bu hodisa odatiy
holdir. Boshqa mintaqalardagi juda ko‘p xalqlar ikki va undan ortiq davlatlar
hududida yashaydilar hamda ularning orasi davlat chegaralari bilan ajratilgan. Bir
millatli davlatlar juda kam uchraydi (ayrim G‘arbiy Yevropa va Arabiston yarim
oroli mamlakatlari, Yaponiya, Koreya, Bangladesh). Ko‘pchilik dunyo
mamlakatlari ko‘pmillatli bo‘lib, ularning ba’zilarida (Rossiya, Hindiston,
Indoneziya, Xitoy, Eron, Nigeriya va b.) o‘nlab va hatto yuzlab xalqlar
yashaydilar. Hozirgi paytda migratsion jarayonlarning keng quloch yoyishi bois bir
millatli mamlakatlarda ham hech bo‘lmasa kamsonli millatlarning kichikroq guruhi
uchraydi. Masalan, Yaponiyada XX asrning 20-40 yillarida ko‘chib borgan
koreyslarning avlodlari yashaydi va ularning soni taxminan 500-600 ming kishini
tashkil etadi.
Ta’kidlash joizki, “kamsonli millat” tushunchasi bir xil ma’noni anglatmaydi.
Ko‘p hollarda ushbu tushuncha ostida yirik xalqning asosiy qismidan ajralib
qolgan kichikroq guruhi tushuniladi. Masalan, Turkiyadagi greklar, Italiyadagi
albanlar, Qirg‘izistondagi o‘zbeklar va h.k. Ba’zi holatlarda ushbu tushuncha o‘z
davlatiga ega bo‘lmagan millatlarga nisbatan qo‘llaniladi (masalan, Ispaniya va
Fransiyada basklar, Fransiyada bretonliklar, Turkiya, Iroq va Suriyada kurdlar,
Xitoyda uyg‘urlar, Eron, Pokiston, Afg‘onistonda beludjilar va h.k.). Boz ustiga,
mazkur xalqlar o‘z etnik hududlarida ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Aholi milliy tarkibini aniqlash murakkab jarayon bo‘lib, unga ko‘plab omillar
xalaqit beradi. Jumladan, hatto milliy tarkib bo‘yicha to‘liq statistik ma’lumotlar
bo‘lgan taqdirda ham ko‘pchilik mamlakatlarda assimilyasiya va konsolidasiya
jarayonlarining oxiriga yetmaganligi tufayli milliy o‘zlikni anglash darajasi oraliq
bosqichda bo‘lgan kishilar guruhi aholining katta qismini tashkil qiladi.
Ta’kidlash joizki, ko‘pchilik mamlakatlarda aholi ro‘yxatlari va uni hisobga
olishning boshqa shakllari bir taraflama bo‘ladi. Ayniqsa, Osiyo, Afrika va qisman
Lotin Amerikasining ichki hududlarida saqlanib qolgan mayda etnik birliklarni
(qabilalarni) ajratishda katta muammolar kelib chiqadi. Bunday qabila birliklari
orasida aniq chegaraning o‘zi yo‘q.
Aholi ro‘yxatlarida ikkita muhim etnik ko‘rsatkich – til va milliy o‘zlikni
anglash (qaysi millatga mansubligi haqidagi savolga bergan javobi orqali
aniqlanadi) ko‘p uchraydi. Til umumiyligi – etnos shakllanishining muhim
shartidir; zotan, ko‘pincha til va xalq nomi o‘zaro mos keladi. U yoki bu aholi
guruhida ona tilining o‘zgarishi assimilyasiya jarayonlarining chuqurlashib
ketganini ko‘rsatadi; odatda til o‘zgargandan keyin milliy o‘zlikni anglashda ham
o‘zgarishlar yuz beradi. Masalan, Fransiya sharqida yashaydigan deyarli barcha
elzasliklar nemis va fransuz tillarida so‘zlashadilar. Belgiya va Shveysariya kabi
ko‘pmillatli davlatlar aholisining asosiy qismi ikki yoki uch tillidirlar. Umuman
ikkitillilik – ko‘pmillatli mamlakatlar uchun xos xususiyat bo‘lib, kamsonli
millatlar vakillari o‘z ona tillaridan tashqari, rasmiy davlat tilidan ham
94
foydalanadilar (Hindistonda – hindi, Pokistonda – urdu, Indoneziyada – baxasa
indonesia, Filippinda – tagalog, bir qator Afrika davlatlarida – ingliz yoki fransuz
tillari). Ikkitilli guruhlar asosan etnik chegaralar yoqasida hududlarda keng
tarqalgan. Bundan tashqari, ikkitillilik muhojirlarni ko‘p qabul qilgan mamlakatlar
uchun xosdir. Keyingi paytlarda ikkitillilikka shahar aholisining jadal o‘sishi,
qishloq aholisining turli guruhlari o‘rtasidagi aloqalarning kuchayishi, ta’lim va
madaniyat darajasining yuksalishi kabi omillar katta ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bir necha xalqlarning bir tilda so‘zlashishi tez-tez uchraydigan holdir.
Masalan, ingliz tilida inglizlar, avstraliyaliklar, yangi zelandiyaliklar, kanadaliklar,
AQSh amerikaliklari va boshqa xalqlar gaplashadilar. Ispan tili nafaqat ispanlar
uchun, balki Lotin Amerikasidagi juda ko‘p xalqlar uchun ona tili bo‘lib
hisoblanadi. Bitta tilda nemislar, avstriyaliklar va shveysariyaliklar so‘zlashadilar.
Muayyan tilda so‘zlashadigan kishilar soni o‘sha xalqqa mansub aholi soniga
mos kelmaydi. Ayniqsa bu narsa millatlararo muloqot vazifasni bajaruvchi yirik
xalqlarning tillariga tegishlidir. Bunday tillarning eng ko‘p tarqalganlari (taxminan
mln. kishi): xitoy (1500), ingliz (500), hindi va unga yaqin urdu (540), ispan (300),
rus (270), arab, bengal va indonez (har birida 250 dan), portugal (200), nemis
(140), fransuz (125) va h.k. Shunday qilib, mazkur 12 tilda jahon aholisining 2/3
qismi so‘zlashadi.
Milliy o‘zlikni anglash eng muhim etnik aniqlovchi bo‘lib xizmat qiladi.
Uzoq tarixiy davrlar mobaynida shakllangan milliy o‘zlikni anglash, garchi etnik
birlikni tashkil qiluvchi juda ko‘p unsurlardan iborat bo‘lsada, o‘ziga xos
mustaqillikka ega. Shuning uchun u asosiy xalqdan hududiy jihatdan ajralib qolgan
kishilar guruhida, hattoki tili o‘zgarib ketgan holatda ham saqlanib qolishi
mumkin. Milliy o‘zlikni anglash ta’sirida ba’zan etnik guruhlar o‘z milliy
hududiga qayta qo‘shilishga, o‘z ona tilini qayta tiklashga intiladilar.
O‘zlikni anglash yuqori darajada milliy konsolidasiyalashgan xalqlar uchun
xosdir. Biroq, qabila tuzumi uchun xos xususiyatlarni saqlab qolgan elatlarda
milliy ongi hali aniq shakllanmagan bo‘ladi. Bunday elatlarda ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlanishning past darajasi va milliy konsolidasiyalashuv markazlarining yo‘qligi
turli shevalarda so‘zlashuvchi guruhlar o‘rtasida muloqot va madaniy aloqalar
rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Aniq milliy ong shakllanmaganligi oraliq guruhlar
(muhojirlar, ikkitilli aholi, etnik chegaralar yoqasida yashovchi kishilar va h.k.)
uchun ham xosdir. Ko‘pincha boshqa mamlakatlarga ko‘chib ketgan muhojirlarda
o‘z xalqiga mansublik hissi susayib, uning o‘rnini ilgari yashagan mamlakatga
yoki o‘zining sobiq qo‘shnisiga mansublik hissi egallaydi. Jumladan,
kataloniyaliklar, galisiyaliklar va hatto basklar o‘zlarini ispanlar deb, tamillar –
hindlar deb, yavaliklar – indonezlar deb atay boshladilar.
Assimilyasiya jarayonlarining borishi, muhojirlar orasida milliy ong
o‘zgarishidagi sur’atlar ular kirib kelgan mamlakatining tili, urf-odatlari va turli
madaniy unsurlarini qay darajada o‘zlashtirishlariga hamda aralash nikohlarning
tarqalishiga bog‘liq. Ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda (AQSh, Avstraliya,
Kanadaning ingliz tili provinsiyalari) Buyuk Britaniyadan ko‘chib kelganlar
farzandlarini boshqalardan ajratish qiyin. Markaziy Yevropa, Italiya, slavyan
davlatlari emigrantlarining assimililyasiyalashuvi qiyin kechmoqda; irqiy jihatdan
95
ham farq qiluvchi – yaponlar, indonezlar, filippinliklarda esa yanada qiyinroq.
Osiyo millatiga mansub kishilar, odatda uchinchi va undan keyingi avlodlarda ham
o‘z milliy xususiyatlarini saqlab qoladilar.
Hozirgi paytda dunyoda taxminan 2000-3000 xalq mavjud bo‘lib, ular bir
necha o‘n kishidan iborat mayda qabilalardan (Hindistonda andamanlik minkoplar,
Indoneziyada toalalar, Braziliyada botokudlar, Argentinada alakaluflar va
yamanlar va h.k.) to bir necha yuz million aholini o‘z ichiga oluvchi yirik (ruslar,
AQSh amerikaliklari, xitoylar, yaponlar, braziliyaliklar va h.k.) millatlargacha
bo‘lgan guruhlarni o‘z ichiga oladi.
Biroq mazkur raqamlar juda shartli bo‘lib, u yoki bu xalqning alohida millat,
elat, qabila yoki qaysidir etnos tarkibidagi etnografik guruh ekanligi haqida
mutaxassislar orasida tinimsiz bahslar bormoqda. Masalan, milliy jihatdan eng
konsolidasiyalashgan mintaqa – Yevropada olimlar 60 ta xalqni tubjoy millatlar
sifatida ajratganlar. Ayrim etnograflar bretonlar, uelsliklar, frizlarni mustaqil
xalqlar deb hisoblasalar, boshqalari bretonlar – fransuzlar, uelsliklar – inglizlar,
frizlar esa gollandlar tarkibiga mansub etnografik guruh deb ataydilar. Shuning
uchun, bunday holatlarda muayyan xalqqa mansub aholi sonini aniqlashda ona tili,
tug‘ilgan yurti, fuqaroligi, irqi, dini, qabilaviy mansubligi kabi ma’lumotlardan
foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Bir qator Osiyo va Afrika mamlakatlarida o‘zaro yaqin til va shevalarda
so‘zlashadigan kishilar guruhlari orasida milliy konsolidasiyalashuvning
kuchayishi kuzatilmoqda. Qondosh etnos guruhlar uchun yagona adabiy tilning
yaratilishi, ma’muriy chegaralar aholining milliy tarkibiga mos holda o‘rnatilishi
bu jarayonlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu narsa hindistonliklar, bixarlar,
rajastxanliklar, visayya kabi yirik etnik guruhlarga tegishlidir. Jumladan, bixarlar
tarkibiga uchta ko‘pmillionli xalq – bxodjpuri, magaxi i maytxili xalqlari hamda
o‘ndan ortiq mayda etnik guruhlar, rajastxanliklar tarkibiga – marvarilar,
jaypurilar, mevarilar va boshqalar kiradi. Visayya xalqi esa sebua, panay-
xiligaynon, samar-leyte va boshqa etnik guruhlarni o‘zida birlashtiradi. Kelgusida,
muayyan tarixiy sharoit ta’sirida nomlari qayd etilgan barcha etnik guruhlar yo
yagona xalqqa birlashishi, yoki o‘zaro qondosh xalqlar negizida bir necha mustaqil
millatlar shakllanishi kutiladi.
Hozirgi paytda xalqlarni muayyan tilda so‘zlashuviga ko‘ra (lingvistik)
tasniflash ancha keng tarqalgan. To‘g‘ri, birgina til xalqlar orasidagi barcha
belgilarni o‘zida aks ettirish imkoniga ega emas, bunday holatlarda boshqa etnik
ko‘rsatkichlardan foydalaniladi. Xalqlarni guruhlashda mazkur tizim qondoshlik
belgilari bo‘yicha birlashtirilgan tillarni, ularning lug‘at fondi va grammatikasini
taqqoslash yo‘li bilan o‘rnatilgan genealogik tasnifidan foydalanadi.
Ushbu tizimdagi oliy taksonomik birlik – til oilalari bo‘lib, hozirgi paytda
dunyoda 15 ta til oilasi va biron bir oila tarkibiga kirmaydigan, o‘ziga xos tilda
so‘zlashadigan alohida xalqlar (koreyslar, yaponlar, basklar, ketlar va h.k.) mavjud.
Ba’zi hollarda u yoki bu xalq tillararo o‘xshashligiga qarab emas, balki geografik
va tarixiy-madaniy belgilari bo‘yicha muayyan til oilasi tarkibiga kiritilgan
(tillarning genetik qondoshligi ilmiy isbotlangan chog‘dagina “til oilasi”
tushunchasi qo‘llaniladi). Bunday guruhlarga papuaslar va hind xalqlari mansub
96
bo‘lib, aslida ularning har biri bir necha oilani o‘zida birlashtirgan. Uch afrika
«oilasi» (niger-kordofan, nil-sahroi kabir va koysan) ham bir necha oiladan iborat.
Oila ichidagi o‘zaro yaqin til guruhlari – dunyoda ularning soni 45 ta – hamda
(oila tarkibida, biroq bironta til guruhiga kirmaydigan) alohida tilda so‘zlashadigan
xalqlar ikkinchi taksonomik birlikni tashkil etadi. Masalan, hind-evropa oilasiga
slavyan, boltiq, german, roman, eron va boshqa til guruhlari bilan bir qatorda, hech
bir guruhga qo‘shilmaydigan albanlar va armanlar ham kiradi.
Eng quyi taksonomik birlik alohida til emas, balki xalq bo‘lib hisoblanadi.
Til oilalarining shakllanish jarayoni insoniyatning yer shari bo‘ylab joylanishi
bilan uzviy bog‘liq. Eng yaqin tillar odatda uzoq vaqt davomida bitta mintaqada
yashagan va kelib chiqishi umumiy bo‘lgan qo‘shni xalqlarda uchraydi. Ba’zi
hollarda bir-biridan uzoqda yashaydigan xalqlarning tillarida ham o‘xshashlik
kuzatiladi (masalan, yavaliklar va malagaslar, vengrlar va mansilar, yoqutlar va
ozarbayjonlar). Buning sababi shuki, o‘xshash tilda so‘zlashadigan xalqlarning yo
kelib chiqishi umumiy, yoki uzoq o‘tmishda ular o‘zaro qo‘shni bo‘lib
yashaganlar.
Yer shari aholisining 40 foizdan ko‘prog‘i 11 ta til guruhini o‘zida jamlagan
hind-evropa til oilasiga mansub. Mazkur tillar dunyoning deyarli barcha
mintaqalarida, ayniqsa Yevropa, Osiyo va Amerikada keng tarqalgan. Jahon
aholisining taxminan 20 foizi xitoy-tibet oilasi (uning tarkibiga eng ko‘psonli xalq
– xitoylar kiradi) tillarida so‘zlashadi. Aholining 8 foizi Afrikada keng tarqalgan
niger-kordofen, 5-7 foizi esa semit-xamit oilasi (Osiyo va Afrika mamlakatlaridagi
arablar) tillaridan foydalanadi. Shunday qilib, mazkur 4 ta til oilasida insoniyatning
4/5 qismi gaplashadi.
Til oilalari va guruhlarining geografik tarqalishi juda notekis. Masalan, arab
tili Janubi-G‘arbiy Osiyo va Shimoliy Afrikaning juda katta hududlarini egallagan.
Turk guruhiga mansub tillar Bolqon yarim orolidan to shimoli-sharqiy Sibirgacha
yetib borgan. Dunyoning barcha qit’alarida ingliz tilida so‘zlashadilar. Ispan tili
Lotin Amerikasining katta qismida tarqalgan. Yevropada inglizcha va ispancha
gaplashadigan kishilar dunyodagi jami shu tillarda so‘zlashuvchilarning 20
foizidan kamrog‘ini tashkil etadi. Bu jarayonlar ta’sirida bitta tilda mazkur xalqqa
umuman aloqasi bo‘lmagan, ko‘pincha butunlay boshqa irqqa mansub kishilar ham
so‘zlashmoqdalar.
Keyingi yillarda turli xalqlar o‘sish sur’atidagi xilma-xilliklar tufayli turli til
oilalari va guruhlariga mansub aholining yer yuzidagi jami aholi soniga nisbatan
salmog‘i tez o‘zgardi. Niger-kordofan, semit-xamit va avstroneziya til oilalari
aholisi orasida o‘sish juda yuqori. Ayni paytda, hind-evropa va ural oilalariga
mansub xalqlar hamda yaponlarning salmog‘i sezilarli darajada kamaygan.
Dostları ilə paylaş: |