2.3.- tajriba Adamkevich reaktsiyasi Adamkevich reaktsiyasi indol xalqasi uchun xos bo‘lib, oqsillar va polipeptidlar kontsentrlangan sulfat kislota ishtirokida glioksil kislota bilan qizg‘ish binafsha rang beradi. Bu reaktsiya oqsillar tarkibidagi triptofanga bog‘liq bo‘lib, kislotali muhitda glioksil kislotaning aldegid gruppasi bilan reaktsiyaga kirishib, rangli moddalar kondensati hosil bo‘ladi. Glioksilat kislota doimo oz miqdorda muz-sirka kislota tarkibida bo‘ladi. Shuning uchun bu kislota glioksilat kislota olinadigan manba sifatida ishlatiladi. Hosil bo‘lgan rangning ravshanlik darajasi oqsil tarkibidagi triptofanning miqdoriga bog‘liq.
Kerakli asbob va reaktivlar1 % tuxum oqsili, 1 % bug‘doy oqsili, jelatina, 0,05 % natriy triptofan, muz-kislota, konts H2SO4, suv hammomi, spirt lampa, shtativ, probirkalar.
Ishning bajarilishi: 3 ta probirka olib, birinchisiga 5 tomchi 1 % tuxum oqsili, ikkinchisiga 5 tomchi 1 % bug‘doy yoki soya oqsili, uchinchisiga 5 tomchi jelatina, to‘rtinchisiga 5 tomchi 0,05 % triptofan eritmasidan qo‘yib, ularning har biriga 5 tomchidan muz-sirka kislota qo‘yiladi. Probirkalardagi suyuqlik sekin-asta qizdiriladi, so‘ngra sovitilgach, ohistalik bilan probirka devori bo‘ylab 10 tomchidan kontsentrlangan sulfat kislota tomiziladi. Biroz turgandan keyin 1; 2- va 4 – probirkalarda 2 qavat suyuqlik chegarasida qizg‘ish binafsha rang paydo bo‘ladi. Agar probirkalar qaynab turgan suv hammomiga qo‘yilsa, rangning rivojlanishi tezlashadi. Jelatina molekulasida triptofan bo‘lmaganligi uchun uchinchi probirkada rang paydo bo‘lmaydi. Olingan natijalar jadval kurinishida ifoda etiladi.