X BOB. RAQOBAT VA MONOPOLIYA 1. Raqobatning iqtisodiy mazmuni. 2. Raqobat shakllari va usullari. 3. Monopoliya, uning vujudga kelishi va turlari. 4. Monopoliyalarning afzalliklari va ijtimoiy –iqtisodiy oqibatlari. 1. Raqobatning iqtisodiy mazmuni Raqobat bozor iqtisodiyotining va umuman tovar xo‘jaligining eng muhim
belgisi, rivojlantirish usuli va tartibga solish mehanizmi hisoblanadi.
Raqobatning iqtisodiy mazmunini tushunib olish unga turli tomondan
yondoshib tahlil qilishni talab qiladi.
Mustaqil tovar
ishlab chiqaruvchilar (korxonalar) o‘rtasidagi raqobat
tovarlarni qulay sharoitda ishlab chiqarish va yaxshi foyda keltiradigan narxda
sotish, umuman iqtisodiyotda o‘z mavqeini mustahkamlash uchun kurashdan
iborat. Bunda ular kerakli ishlab chiqarish vositalari, xomashyo va materiallar sotib
olish, ishchi kuchini yollash uchun ham kurashadi. Ishlab chiqaruvchilar
o‘rtasidagi raqobat oxir-oqibatda iste‘molchilar uchun kurashdir.
Resurslarni yetkazib beruvchilar o‘zlarining iqtisodiy resurslarini (kapital,
er-suv, ishchi kuchi) yuqori narxlarda sotish uchun raqobat qiladilar. Ishlab
chiqaruvchilar va resurslarni yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi raqobat bozor
munosabatlari rivojlangan, iqtisodiyot to‘liq erkinlashgan sharoitda yorqin
namoyon bo‘ladi.
Raqobat
iste’molchilar o‘rtasida ham yuz beradi; ular tovarlarni qulay va
arzon narxlarda sotib olishga harakat qiladilar, ya‘ni xaridor har bir sarflangan pul
birligi evaziga ko‘proq naflilikka ega bo‘lishga harakat qiladi. Arzon va sifatli
tovarni tezroq sotib olish uchun kurashadi.
Shunday ekan, raqobat ko‘p qirrali tushuncha bo‘lib, u bozorning barcha
sub‘ektlari o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni ifodalaydi.