Budjet munosabatlarining qonuniy-huquqiy asoslari Reja (1)
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining budjet sohasidagi vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini va budjetnomani ishlab chiqadi;
davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari loyihalarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining daromadlari va xarajatlarini ko‘rib chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini va budjetnomani ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasiga Davlat budjetining daromadlari prognozini har chorakda yetkazadi;
birinchi va ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ular uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘larni taqsimlash, shuningdek navbatdagi yil uchun xarajatlar smetasini tuzish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalarni yuboradi;
o‘rta muddatli budjetni tayyorlash jarayonini ikki bosqichda (tuzish va tayyorlash) amalga oshirish bo‘yicha yagona uslubiy qo‘llanmalar to‘plamini (sirkulyarni), shuningdek Davlat budjetini shakllantirishda budjetdan ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlarini yetkazish hamda qayta ko‘rib chiqish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning takliflari asosida Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonun qabul qilingan kundan e’tiboran bir oylik muddatda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan tasdiqlangan mablag‘lar doirasida ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning takliflari asosida ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun tasdiqlangan budjetdan ajratiladigan mablag‘larga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma’qullash uchun kiritadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, tumanlar va shaharlar budjetlarining hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy budjetlarning loyihalarini tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar yuboradi;
birinchi va ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning xarajatlar smetalarini va jamlanma xarajatlar smetalarini, shtat jadvallarini, shuningdek ularga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazadi;
ushbu Kodeksning 145-moddasida nazarda tutilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining xarajatlari yoyilmasiga moliya yili mobaynida o‘zgartirishlar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu Kodeksning 145 va 149-moddalarida nazarda tutilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘larga va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar taqdim etadi;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni ularning manbalari kesimida to‘liq va o‘z vaqtida tushishi ustidan monitoringni amalga oshiradi;
budjet tizimi budjetlarining mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar, shuningdek budjet tashkilotlari hamda budjet mablag‘lari oluvchilarning moliyaviy hisobotlari shakllarini va ularni taqdim etish tartibini tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining tegishli davrdagi ijrosi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi;
budjetdan tashqari maxsus hisobvaraqlarda zaxiralar tashkil etadi;
Davlat budjetini ijro etish jarayonida unga tushumlarni ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shimcha zaxiralarni aniqlaydi;
budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlarini maqbullashtirishni amalga oshiradi;
budjet ssudalarini beradi;
davlat tomonidan mablag‘lar jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining shartnomalari va davlat kafolatlarini ro‘yxatdan o‘tkazadi;
davlat qarzining hisobini va monitoringini yuritadi;
budjet tizimi budjetlarining kassa ijrosini yuritadi;
budjet tizimi budjetlarining Yagona g‘azna hisobvarag‘idagi va boshqa bank hisobvaraqlaridagi mablag‘larini boshqaradi;
budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazadi;
budjet tizimi budjetlarida mablag‘lar nazarda tutilgan yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan va ularning topshirig‘iga ko‘ra to‘lovlarni amalga oshiradi;
budjet tizimi budjetlari ijrosining budjet hisobini yuritadi va budjet hisobotini qabul qiladi;
davlat qarzi bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi, O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini bajaradi;
O‘zbekiston Respublikasiga kelayotgan insonparvarlik yordami hamda texnik ko‘maklashish mablag‘lari hisobini yuritadi;
prognoz yil uchun Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining loyihalari hamda kelgusi ikki yilga oid budjet mo‘ljallari, shuningdek Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga yuborilishidan oldin ularning jamoatchilik muhokamasini ta’minlaydi;
budjet tizimi budjetlari daromadlari va xarajatlarining balansliligiga ta’sir ko‘rsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni moliyaviy hamda iqtisodiy ekspertizadan o‘tkazadi;
o‘z vakolatiga kiradigan masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qonunchilikka muvofiq budjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.