1-bob. SPORTCHA YURISHNING RIVOJLANISH TARIXI
Sportcha yurish – yengil atletika turlaridan biri bo’lib hisoblanadi. Hozirgi
vaqtda sportcha yurish bo’yicha bellashuvlar barcha yirik musobaqalarda,
jumladan, olimpiya o’yinlarida ham o’tkaziladi. Musobaqalarda qabul qilingan
masofalardan (5, 10, 15, 20, 25, 30, 50 km) ikkitasi asosiy hisoblanadi: 20 km va
50 km.
Sportcha yurish bilan shug’ullanuvchi sportchilar soni yil sayin oshib
bormoqda. Ayollar orasida ham sportcha yurish ommalashib bormoqda.
Sportchilarning sport texnikasi natijalarini o’sib borishi yengil atletikaning
bu turiga yoshlarning kirib kelishi, musobaqalar soni, sportcha yurishning
ommalashtirilishi, mamlakatimiz va dunyoning tez yuruvchi sportchilarini mashq
qilish tajribasini umumlashtirish, sportcha yurishda mashq qilish va o’qitish
uslubiyatini o’rganish hamda ilmiy tadqiq etishga bog’liqdir.
Yil davomida va ko’p yillik mashq qilishning uslubiy jihatdan to’g’ri tashkil
etilishi yutuqlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mashq qilish jarayonida sportcha yurish texnikasiga asosiy e’tibor qaratiladi.
Musobaqa qoidalariga zid kelmagan mukammal uslubli texnikaga ega
bo’lgandagina, sportchi yirik xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatga erishadi.
Sportcha yurishda ikkita asosiy shart mavjud:
1) oyoq yo’lkaga qo’yilgan paytdan boshlab u yyerdan uzilgunga qadar oyoq
tizza bo’g’imidan tekislangan bo’lishi zarur;
2) uchish fazasi bo’lmasligi kerak, ya’ni har doim tayanch bilan aloqa bo’lishi
lozim. Qatnashchi har xil hakamlar tomonidan uch marta ogohlantirilgandan so’ng
musobaqadan chetlashtiriladi. Ogohlantirish olgan qatnashchi hakamning
ogohlantirishini tushunganligini bildirib, qo’lini yuqoriga ko’tarishi kerak.
Chetlashtirilgan qatnashchi yo’lkani tark etishi yoki, agar musobaqalar
stadion tashqarisida o’tayotgan bo’lsa, trassadan chiqib ketishi hamda o’z raqamini
yechib tashlashi zarur.
Ayrim hollarda, agar qatnashchining chetlashtirilganligi to’g’risida avvalroq
xabar berishga sharoit bo’lmagan bo’lsa, u musobaqalar tugagandan keyin
chetlashtirilishi mumkin.
Sportcha yurish bo’yicha dastlabki musobaqa 1986 yilda Angliyada
o’tkazilgan. Keyinchalik, sportcha yurish musobaqalari boshqa mamlakatlarda,
jumladan – Germaniya, Italiya, Kanada, Shvestiyada tashkil qilinishi boshlangan.
Olimpiya o’yinlari dasturi tarkibiga sportcha yurish 1906 yilda Afina shahrida
o’tkazilgan navbatdagi Olimpiya o’yinlari davomida kiritilgan. XVI Olimpiya
o’yinlaridan boshlab (Melburn shahri, 1956 yil), tez yuruvchi sportchilar o’rtasida
ayollar guruhlarida 20 km masofada, erkaklar guruhida 20 va 50 km masofalarda
yurish musobaqalari tashkil qilinishi belgilangan.
Jumladan, erkaklar o’rtasida 20 km masofaga sportcha yurish bo’yicha
o’rnatilgan rekord B.Seguraga (Meksika) tegishli bo’lib, uning qayd qilgan vaqti
1:17.48 ga teng hisoblanadi, shuningdek 50 km masofaga sportcha yurish bo’yicha
V.Spistin (Rossiya) rekord natijani o’rnatgan bo’lib, uning erishgan natijasi
3:37.26 ga teng hisoblanadi. Ayollar o’rtasida 20 km masofaga sportcha yurish
bo’yicha dunyo rekordi T.Gutkova (Rossiya) tomonidan o’rnatilgan bo’lib, uning
qo’lga kiritgan vaqti 1:25.18 ga teng hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda erkakalar o’rtasida sportcha yurish bo’yicha dunyo rekordi
20 km masofaga Bernardo Segura, shu masofa shosseda Vladimir Kanaykinlarqa
tegishli bo’lib, Bernardo Segura 1:17:25,6 natija, (Meksika, 1994 yil), Vladimir
Kanaykin 1:17:16,7 (Rossiya, 2007 yil) teng natijalarni qayd qilgan bo’lsa, ayollar
o’rtasida sportcha yurish bo’yicha dunyo rekordi 20 km masofaga Olimpiada
Ivanova, shu masofa shosseda Yelena Lashmanovalarqa tegishli bo’lib, Olimpiada
Ivanova 1:26:52,3 natija, (Rossiya, 2001 yil), Yelena Lashmanova 1:25:02
(Rossiya, 2012 yil) teng natijalarni qayd qilgan.
|