1.5-§ da keltirilgan parallel proyeksiyalarning barcha xossalari ortogonal proyeksiyalar uchun ham o’rinlidir
Ortogonal proyeksiyalashda biror shaklni barcha nuqtalaridan o’tuvchi nurlar o’zaro parallel bo’lib, ular berilgan geometrik shaklni proyeksiyalar tekisligiga proyeksiyalaydilar. Buyumning bitta ortogonal proyeksiyasi bilan uning fazodagi vaziyatini aniqlab bo’lmaydi. Buning uchun biror ko’shimcha shart kiritish zarur. Bunday qo’shimcha shart sifatida birinchi proyeksiyalar tekisligiga perpendikulyar bo’lgan ikkinchi tekislikka buyumning tasvirini olish mumkin. Bu ikki proyeksiyalar tekisligidagi tasvirlar buyumning fazodagi vaziyatini aniqlaydi.
Ortogonal proyeksiyalash usuli texnik chizmalarni chizishda, inshootlarni loyihalashda eng ko’p qo’llaniladi. Bu usul tasvirning yaqqolligini bermasa ham, grafik ishlarni qulayroq qilib, aniq bajarilishini ta’minlaydi va buyumlarning tekislikdagi tasvirlari orqali ularning o’lchamlarini oson va qulay aniqlaydi.
Texnik chizmalarni tuzishda proyeksiyalanuvchi buyumni o’zaro perpendikulyar tekisliklarga nisbatan shunday joylashtirish kerakki, unda buyumning asosiy o’lchamlari va elementlari qulay holda tasvirlansin. Faqat shundagina buyum tasvirlariga qarab uning fazodagi ko’rinishini tasavvur etish mumkin.
Nazorat savollari
Nuqtaning markaziy proyeksiyasi qanday yasaladi?
Qanday holda to’g’ri chiziqning markaziy proyeksiyasi nuqta bo’ladi?
Markaziy proyeksiyalashda nimalar berilgan bo’ladi?
Parallel proyeksiyalash usuli qanday bajariladi?
Parallel proeksyalashda nimalar berilgan bo’ladi?
To’g’ri chiziqning parallel proyeksiyasi qanday yasaladi?
Parallel to’g’ri chiziqlarning proyeksiyalari qanday joylashgan bo’ladi?
Qanday holda to’g’ri chiziqning parallel proyeksiyasi nuqta bo’ladi?
″Ortogonal″ so’zi nimani anglatadi?
To’g’ri chiziqqa tegishli nuqtalarning proyeksiyalari qanday joylashgan bo’ladi?