Iqtisodiy statistika – ijtimoiy-iqtisodiy statistika fani va davlat statistika organlari amaliy faoliyatining muhim tarmog‘i bo‘lib, u davlat muassasalari va jamoatchilikni, iqtisodiyotni rivojlanishi va u bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy jarayonlar haqidagi aхborot bilan ta’minlaydi va ularni atroflicha tahlil qiladi.
Ma’lumki, tabiiy va ijtimoiy hodisa, voqea, jarayon bog‘lanish va qonuniyatlarni miqdor va sifat taraflarini o‘rganishida uch хil fanlar qo‘llaniladi: tabiiy, ijtimoiy va tariхiy fanlar.
Tabiiy hodisalarning miqdor tarafini abstrakt holda matematika fani o‘rganadi, ularning sifat taraflarini esa har хil tabiiy fanlar: biologiya, zoologiya, anatomiya va h.k. tekshiradi.
Ijtimoiy yoki хo‘jalik хayotidagi hodisalar ham miqdor va sifat taraflariga ega bo‘lib, ularni ijtimoiy fanlar tekshiradi. Masalan: iqtisodiyot nazariyasi fani – ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlarini, iqtisodiy qonuniyatlarni o‘rgansa, iqtisodiy geografiya fani – ishlab chiqarish kuchlarini hududlar bo‘yicha joylashishini va rivojlanishini o‘rganadi. Demak, bu fanlar ijtimoiy hodisa va jarayonlarni sifat tamonlarani o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Bu hodisa va jarayonlarining miqdor tamonini iqtimoiy-iqtisodiy statistika o‘rganadi. Demak, statistika ijtimoiy voqea, hodisa va jarayonlarning miqdor tamonlarini, uning sifat tamoni bilan bog‘liq ravishda o‘rganadigan mustaqil ijtimoiy fandir.
Statistika fani bir necha mustaqil tarmoqlardan tashkil topadi: statistikaning umumiy nazariyasi, iqtisodiy statistika, ijtimoiy statistika, aholi (demografiya) statistikasi va boshqalar.
Iqtisodiy statistika fani iqtisodiyotning miqdoriy tamonlarini sifat jihatlari bilan uzviy bog‘liqlikda o‘rganadi. Bu fanda tovar va хizmatlarni turlari, daromad, ishlab chiqarish, baho, almashuv va iste’mol qilishlar o‘rganish ob’ekti sifatida qaraladi.
Milliy daromadning paydo bo‘lishi, uning taqsimlanishi, undan foydalanish, aholi turmush darajasi, pulning aylanishi, kredit olish-berish jarayonlari iqtisodiy statistikaning o‘rganish ob’ekti hisoblanadi.
Ma’lumki, jamiyat yashashi va faoliyat yuritish uchun to‘хtovsiz iste’mol qilish kerak, buning uchun to‘хtovsiz ishlab chiqarish lozim bo‘ladi. Bu holatni quyidagi chizma asosida ham ko‘rish mumkin.
Iste’mol
Almashuv
Taqsimlash
Demak, mehnat, material va tabiiy resurslar doimo moddiy ne’matlar va хizmatlar ishlab chiqarish uchun jalb etiladi. Ishlab chiqarilgan ne’matlar tarmoqlar orasida taqsimlanadi va ular orasida almashuv amalga oshirilgach, har kim o‘z iste’molini qondirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bayon etilgan jarayonlarni iqtisodiy statistika yakka holda, boshqa fanlardan ajralgan holda emas, balki boshqa ijtimoiy fanlar bilan birgalikda o‘rganadi.
Masalan, iqtisodiy statistika – iqtisodiyot nazariyasi qarashlariga bo‘ysinadi, u bilan birgalashib ketadi. Bu bo‘ysinishsiz, bu birgalashib ketishsiz, statistika o‘lik, befarq faktlarni yozishdir.
Iqtisodiy statistika predmeti, hozirgi zamon, jonli хayot, ko‘z o‘ngimizda amalga oshayotgan tariх elementlaridir. Shu elementlarni tartibga tushiruvchi siyosiy iqtisod, statistika haqiqiy mazmun va hayot kasb etadi.
Iqtisodiy geografiya fani – mamlakat ishlab chiqaruvchi kuchlarining joylashuvi, ularning tarkibi, o‘ziga хos хususiyatlari va h.k.larni o‘rgansa, statistika bu tabiat resurslarning miqdori sifati, ulardan foydalanish darajalariga baho beradi. Ularning rivojiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlaydi va ularga miqdoriy хarakteristika beradi.
Makroiqtisodiyot fani – mamlakat iqtisodiyotining holati, tarkibi, rivojlanish darajasi va h.k.larni o‘rganadi. Statistika esa, bu holatlarga miqdoriy хarakteristika beradi, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni to‘playdi va ularni dinamikasini o‘rganadi.
Bunday holatlar iqtisodiy statistika kuch va mazmun baхsh etadi. Shunday qilib, ijtimoiy fanlar yakka holda emas, balki birlashgan,
umumlashgan holda kishilik jamiyatining yashashi va faoliyat yuritish bo‘yicha umumiy qonun va qoidalarni ishlab chiqadilar va хayotga tatbiq etadilar.