O‘z kompetensiyasiga muvofiq ravishda davlat organi quyidagi hokimiyat vakolatlariga ega: a) ijro etilishi majburiy bo‘lgan huquqiy hujjatlar. Bu hujjatlar me’yoriy yoki individual (huquq me’yorlarini qo‘llashga doir hujjat) bo‘lishi mumkin;
b) davlat organlari huquqiy hujjatlarining ijrosi turli usullar, shu jumladan majburlash va ishontirish tarzida ijro etilishini ta’minlash.
O‘z vakolatini amalga oshirish uchun davlat organi zarur moddiy vositalarga, ya’ni "ashyoviy qo‘shimchalarga" ega bo‘ladi, moddiy baza bilan ta’minlanadi, moliyaviy mablag‘lar, bankdagi hisobraqami, moliyalash manbaiga (budjet hisobidan) ega bo‘ladi. Bular sirasiga turli xarakterdagi moddiy qiymatliklarni va davlat organi hisoblanmaydigan turli tashkilot, korxona va muassasalarni kiritish mumkin. Bunday tuzilmalar, garchi davlat organlari hisoblanmasa-da, biroq bu organlar tomonidan tegishli davlat funksiyalarini amalga oshirishga ko‘maklashadi, masalan, turli o‘quv yurtlari, o‘quv muassasalari, maktablar va bog‘chalar davlatning ma’rifiy sohadagi funksiyalarini amalga oshirishga yordam beradi.
Davlat organi o‘zaro va organ bilan alohida huquqiy munosabatlarda bo‘lgan davlat xizmatchilaridan iborat. Davlat organi alohida shaxsdan, bir guruh odamlardan yoki jamoadan iborat bo‘lishi mumkin. Biroq davlat organida ishlaydigan odamlar oddiy odamlar bo‘lmay, balki davlat xizmatchilaridir.
Davlat organining jismoniy ifodasi bo‘lib, unda ishlaydigan insonlar hisoblanadi. Ular rasmiy xodimlar bo‘lib, o‘zaro oilaviy, fuqaroviy va boshqa munosabatlarga kirishmaydi.
Shu o‘rinda davlat xizmatchisi tushunchasiga to‘xtalib o‘tish lozim.
Davlat xizmatchilari – bu ushbu davlatning fuqarolari bo‘lgan, tegishli qonunda belgilangan tartibga muvofiq, belgilangan haq evaziga davlat xizmati majburiyatini bajarayotgan shaxslardir.
Davlat xizmatchilarining mavqei, huquqi va burchlari qonunchilik tomonidan belgilanib, ularning huquqiy maqomini ta’minlaydi. Ular tomonidan hokimiyat vakolatla-ridan foydalanish hajmi va tartibi qonunchilik tomonidan belgilanib, lavozim yo‘riqnomalari, shtat jadvallari va shu kabilarda izohlanadi.
Hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan, huquqiy hujjatlar chiqarib, ularni mustaqil ravishda hayotga joriy etuvchi mansabdor shaxslar davlat xizmatchilari qatoriga kiradi.
Davlat xizmatchilari bevosita moddiy boyliklar yaratmaydi, shu sababdan ularni jamiyat boqadi. Ular egallab turgan lavozimiga hamda bajargan ishiga muvofiq tarzda davlat organidan ish haqi oladi.
Shunday qilib, davlat organi – davlat mexanizmining yuridik jihatdan rasmiylashgan, davlat-huquqiy vakolatlarga ega bo‘lgan va davlat xizmatchilaridan tashkil topgan, davlatning muayyan vazifa va funksiyalarini o‘z kompetensiyasi doirasida amalga oshirish uchun moddiy vositalarga ega bo‘lgan hamda tashkiliy va xo‘jalik jihatidan alohida bo‘lgan qismidir.