“Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari”(7-9-sinflar)
O‘quvchi-yoshlarning milliy g‘oyaga doir “Odobnoma”, “Vatan tuyg‘usi” fanlaridan olgan bilimlari 7-9-sinflarda o‘qitiladigan “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” fanini o‘qitish jarayonida boyitib boriladi.
“Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” fanining vazifalari jumlasiga ijtimoiy hayotda yuz berayotgan turli xil diniy ekstremistik, xalqaro terrorizm, informatsion hurujlar, tajovuzkorlik harakatlariga qarshi o‘quvchilarni g‘oyaviy tarbiyalash, voqea-hodisalar mohiyatini to‘g‘ri talqin eta olish, sog‘lom e’tiqod va dunyoqarashlarini tarkib toptirish, zararli g‘oyalarga qarshi kurashish ko‘nikma va malakasini, mafkuraviy immunitetni shakllantirish ham kiradi.
Mazkur fanning “Milliy istiqlol g‘oyasi” bo‘limi bo‘yicha o‘quvchilar ongiga singdiriladigan milliy g‘oya, mafkura, g‘oyalarning turlari, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, o‘zbek modeli, jamiyatni isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari kabi masalalar o‘quvchilarga tushunarli tilda sodda, tarixiy va hayotiy misollar orqali mavzulararo uzviylikka rioya qilingan holda izchil etkazilishi lozim.
“Ma’naviyat asoslari” bo‘limi ma’naviy-madaniy, odob-axloq me’yorlari, insoniylik fazilatlari, jamoaning tarbiyaviy ta’siri, yoshlarning o‘z kuchi, bilim salohiyati va kelajagiga ishonch hislarini shakllantirishga xizmat qiladi.
7-sinfda “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” fani istiqlolning millatimiz kelajagini ta’minlashdagi ahamiyati, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, fikr, g‘oyalarning turlari, mafkura, taraqqiyot, mustaqillik, Konstitutsiya, madaniyat, san’at, insoniy fazilatlar haqida bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarni shakllantirishni nazarda tutadi.
8-sinfda o‘quvchilar tomonidan egallangan yuqoridagi bilim, ko‘nikma va malakalar yanada mukammalroq tushunchalar bilan boyitilib, bunda xalqimizning kuchi va qudrati birdamlikda va hamjihatlikda ekanini o‘quvchilar ongiga singdirish nazarda tutiladi. Strategik maqsadlar, mafkuraviy immunitet, milliy istiqlol mafkurasi, bosh g‘oya va asosiy g‘oyalar, insoniylik, sog‘lom turmush turzi singari tushunchalar ijtimoiy hayotimiz bilan qiyoslash orqali o‘rganiladi.
9-sinfda esa dunyoning mafkuraviy manzarasi, geosiyosat, diniy ekstremizm, terrorizm,ssivilizatsiya, taraqqiyotga yo‘naltirilgan o‘zbek modeli haqidagi tushunchalarni o‘quvchilar ongiga singdirish orqali ularni mustaqillikni qadrlaydigan, burch va mas’uliyatni sezadigan, yurt kelajagi uchun javobgarlikni namoyon qiladigan fazilatlarni tarbiyalash asosiy vazifa hisoblanadi.
Milliy istiqlol g‘oyasining inson dunyoqarashi, e’tiqodi, tafakkuri, xarakter sifatlarini shakllantirishdagi murakkabligi, tarix, iqtisod, siyosat, ma’naviyat va boshqa fanlar haqidagi bilimlar bilan bog‘liqligi fanlararo integratsiyani amalga oshirishni, ta’lim ta’lim jarayonini tashkil etishga, turli metodlardan foydalangan holda yondashishni taqozo etadi. Bir-biriga yaqin bo‘lgan “G‘oya nima?”, “G‘oyaning o‘ziga xos xususiyatlari va turlari”, “Mafkura nima?”, “Taraqqiyot va mafkura” masalalarini olib qaraydigan bo‘lsak, ularning o‘zaro aloqadorligi va mohiyatidan kelib chiqqan holda “Davra suhbati”, “Erkin minbar”, “Guruhlararo bahs” singari o‘quvchilarni faollikka undovchi metodlardan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Muayyan masala yuzasidan o‘quvchilarning qiziqishi, faolligini oshiradigan, izlanuvchanlikka asoslangan “Evristik muloqot”, “Alohida holatlar tahlili”, “Muammoli vaziyat”, “Aqliy hujum” metodlaridan ijodiy foydalanish zarur.
“Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” fani mazmunining uzviylik va uzluksizlik tamoyiliga rioya etilgan holda o‘quvchilarda quyidagi bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish ko‘zda tutiladi.
7-sinfda:
- g‘oya bilan fikrni bir-biridan farqlay olish;
- g‘oyaning turlarini ajrata bilish;
- mafkura mohiyatini tushuntirib bera olish;
- taraqqiyot jarayonida mafkuraning rolini anglay bilish;
- bunyodkor va buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan o‘z munosabatini bildira olish;
- ma’naviyat, mustaqillik tushunchalarining mazmunini bilish;
- vatanparvarlik hissining kamol toptirishi;
- millat tushunchasining mazmun va mohiyatini anglash;
- milliy iftixor tuyg‘usini his qilish;
- bilimdonlik – ma’naviy barkamollik mezoni ekanini anglash, savodxonlik;
- o‘zida huquqiy madaniyat asoslarini namoyon qilish;
- insonning tabiatga munosabati, ekologik madaniyat – oliyjanoblik belgisi ekanini anglash;
- san’atni go‘zallik timsoli sifatida his eta olish;
- insonparvarlik – oliy fazilat belgisi ekanini bilish;
- inhr-muruvvat – yuksak fazilat ekanini anglash;
- do‘stlik, o‘rtoqlik, kamtarlikka ijobiy, manmanlikka o‘z salbiy munosabatini bildira olish;
- milliy g‘ururlilik ko‘nikmalarini namoyon qilish.
8-sinfda:
- O‘zbekistonning strategik maqsadi va o‘z taraqqiyot yo‘lini yoshiga mos ravishda tushunish;
- g‘oyaviy bo‘shliq tushunchasini sharhlay olish;
- mafkuraviy poligonning yadroviy poligondan nima uchun xavfliligini anglab etish;
- mafkuraviy immunitet tushunchasini sharhlay olish;
- milliy istiqlol mafkurasi mohiyati, vazifalarini anglash;
- “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish” g‘oyasining mazmunini to‘laqonli tushunishi;
- milliy istiqlol mafkurasi g‘oyalarining mazmuni va mohiyatini tushunib etish va asoslay olish;
- milliy istiqlol mafkurasining bosh v asosiy g‘oyalarini sharhlay olishi;
- insoniylik xislatlari haqida mustaqil fikrlay olishi;
- Navro‘z, Hayit, Xotira va Qadrlash kuni hamda boshqa umumxalq bayramlari mohiyat-mazmuninianglashi;
- ichkilikbozlik, kashandalik, giyohvandlikning kelib chiqish sabablari va zararli oqibatlarini bilishi.
9-sinfda:
- “Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” risolasini o‘rganish;
- “Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari” fanining maqsad-mohiyatini bilish;
- “Biz hech kimdan kam bo‘lmaganmiz, hech kimdan kam bo‘lmaymiz ham!” shiori mazmun-mohiyatini bilish va tushuntirib berish;
- dunyoning mafkuraviy manzarasi, ko‘p qutbli dunyo haqida tasavvurga ega bo‘lish;
- ayrim davlatlarning g‘arazli geosiyosati va uning ortida yotgan maqsadlarini tushunish;
- diniy ekstremizm, uning ko‘rinishlari va zararli oqibatlari haqida ma’lumotga ega bo‘lishi;
- xalqaro terrorizm: uning turlari, namoyandalari va zararli oqibatlarini bilish;
- antik, o‘rta asrlar va zamonaviy taraqqiyot haqida tushunchalarga ega bo‘lish;
- taraqqiyotning o‘zbek modeli, jamiyatni isloh etishning besh tamoyilini anglab etish;
- ma’naviyat, mustaqillik ma’naviyati haqida tushunchalarga ega bo‘lish;
- ma’naviy barkamol inson tushunchasi va shaxs ma’naviyati mezonlarini bilish;
- Vatan, millat oldidagi burch, mas’uliyat haqida tasavvurga ega bo‘lish;
- ona tilining roli va ahamiyatini anglash;
- mehnatsevarlik, kasb-hunar komillik nishonasi ekanini tushunish;
- uy tutish qoidalarini bilish, ro‘zg‘or yuritishda tejamkorlik madaniyatini shakllantirish;
- urf-odat, an’ana, to‘y va marosimlar orqali mehr-oqibat tuyg‘ularini uyg‘otish;
- mahalla – jamoaviylikning noyob, an’anaviy milliy usuli, tarbiya maskani ekani haqida bilimlar majmuasiga ega bo‘lish, uning mazmun-mohiyatini anglash.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limida «Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» fani mazmunida:
O‘quvchilarning 7-9-sinflarda «Milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari» fanidan egallagan tushuncha, ko‘nikma va malakalari 10,11-sinflarda «Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» fanidan g‘oya va mafkuralar tarixi, hozirgi zamonda inson qalbi va ongi uchun kurash mafkuraviy muammolar va mafkuraviy immunitetga doir mavzularni o‘tish jarayonida rivojlantiriladi.
Maqsad o‘quvchilarni milliy istiqlol g‘oyasi bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar bilan qurollantirish, ularda mustaqil dunyoqarash va erkin tafakkurni shakllantirishni davom ettirish hamda g‘oyaviy tarbiyani amalga oshirishdan iborat.
Mazkur fan bo‘yicha o‘qitiladigan mavzularni 7-9-sinflarda o‘tilgan mavzular bilan bog‘lab, uzluksizlik va uzviylikni ta’minlash o‘quvchilar tomonidan ushbu fanni mukammal o‘rganish imkoniyatini yaratadi.
O‘quvchilarni milliy istiqlol g‘oyalari asosida tarbiyalashda ilg‘or pedagogik texnologiyalar va masofadan o‘qitish kabi usullardan o‘z o‘rnida foydalanish zarur.
O‘quvchilarning milliy istiqlol g‘oyasiga doir mustaqil ilmiy izlanishini tashkil etishda ilmiy ma’ruzalar bilan chiqish, seminar-konferensiya usullaridan foydalanish mumkin.
Ularni yangi g‘oya echimini yaratish, shaxsiy tajribaga yoki vaziyatga bog‘lash, bahsli g‘oyalarni muhokama qilishga o‘rgatish uchun guruhli bahslar, ma’lum bir vaziyatlar tahlili, savol-javob, so‘rovnomalardan foydalanish maqsadga muvofiq. O‘quvchilarda vatanparvarlik va milliy iftixor tuyg‘usini tarbiyalash, axloqiy xislatlarni milliy qadriyatlar asosida tarkib toptirish, rivojlanishning ma’naviy-axloqiy negizlari, komil inson tarbiyasi haqidagi ma’ruzalar, qizg‘in suhbatlar va munozaralarda amalga oshirilishi mumkin.
YUqoridagi maqsadlardan kelib chiqqan holda «Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» fanining mazmuni quyidagilar bilan asoslanadi:
G‘oya va mafkura tushunchalarining mazmun-mohiyati. Bunyodkor g‘oya va sog‘lom mafkuraning inson va jamiyat hayotidagi ahamiyati. Vayronkor g‘oya va mafkuralar. Milliy g‘oya va mafkuralarning tarixiy ildizlari. Buyuk allomalarning jamiyat taraqqiyoti to‘g‘risidagi g‘oyalari va ma’naviy merosi, undan faxrlanish tuyg‘usi. Milliy istiqlol g‘oyasining umuminsoniy qirralari. Hozirgi dunyoning g‘oyaviy-mafkuraviy manzarasi. Mafkuraviy jarayonlarning globallashuvi. Hozirgi davr: geosiyosat va mafkuraviy poligonlar. Mafkuraviy jarayonlarning umumbashariy va mintaqaviy muammolari. Istiqlol va milliy mafkuraning shakllanishi zarurati. YAngilanish va rivojlanishning ma’naviy-axloqiy negizlari. O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li va mafkuraviy muamolar. Taraqqiyotning o‘zbek modeli. Milliy g‘oya va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi. Zararli g‘oyalar va mafkuraviy tahdidlarga qarshi ogohlik va hushyorlik. Xalqaro terrorizm. Mafkuraviy tahdidlarning shakllari va turlari. Mafkuraviy tahdidlarga qarshi ogohlik va hushyorlik zarurati. Mafkuraviy immunitet haqida Birinchi Prezident Islom Karimov fikrlari yoritiladi.
«Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» fani o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida faqat uchinchi yakunlovchi bosqichlarda o‘qitiladi. SHunga ko‘ra, 9-sinfni tamomlab kelgan o‘quvchi uchun bu fanni o‘rganishda 2-2,5 yil uzilish bo‘ladi. Mana shu oraliq masofada o‘quvchilarning milliy istiqlol g‘oyasini o‘rganib borishi uchun ta’lim jarayonida uzviylikni ta’minlash zarurati tug‘iladi. Bu vazifani amalga oshirishda mazkur ta’lim tizimida o‘qitiladigan umumta’lim fanlari qo‘l keladi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limida «Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» fani o‘zining aniq maqsad va vazifalariga ega. Ta’lim olayotgan yoshlarga «g‘oya» va «mafkura» tushunchalari mohiyati va mazmuni tushuntiriladi. Mafkuralar o‘rtasida kurash keskinlashgan tarixning hozirgi burilish pallasida bunyodkor g‘oyalarning insonparvarlik, adolatparvarlik bilan sug‘orilgan tamoyillariga tayanish o‘quvchi-yoshlar ongiga singdiriladi. Vayronkor g‘oyalar esa hamma davrlarda halokatli oqibatlarga olib kelishini tarixiy misollar hamda zamonamizda yuz berayotgan voqealar asosida tushuntiriladi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimida o‘quvchilarga g‘oya va mafkuralarning tarixiy shakllari, hozirgi zamonda inson qalbi va ongi uchun kurash, Markaziy Osiy: geosiyosat va mafkuraviy jarayonlar, biz qanday jamiyat barpo etmoqdamiz, taraqqiyotning o‘zbek modeli, milliy istiqlol mafkurasining mohiyati va mazmuni, milliy istiqlol g‘oyasining asosiy tamoyillari, milliy istiqlol mafkurasining maqsad va vazifalari, bunyodkor g‘oyalar, istiqlol va g‘oyaviy tarbiya, komil inson kabi mavzular asosida o‘quvchilarga bilimlar beriladi.
Nazariy tushunchalar amaliy mashg‘ulot jarayonida mustahkamlanib, bo‘lajak kasb-hunar sohalari bilan bog‘lab, zarur ko‘nikma hamda malakalar hosil qilinib boriladi.