Ma`ruza №9
QUYI AMUDARYO OKRUGI
Reja:
1. Okrugning geologik tuzilishi va rel`efi.
2. Okrugning iqlimi va iqlim resurslari.
3. Ichki suvlari va suv resurslari.
4. Tuproqlari, o`simliklari va hayvonotlar dunyosi
5. Tabiiy geografik rayonlari.
Quyi Amudaryo tabiiy-geografik okrugi Qoraqum cho`li bilan Orol dengizi
orasida joylashib o`z ichiga Amudaryoning qadimiy va xozirgi zamon del`tasini
oladi. Okrugni g`arbdan Ustyurt, janubdan Ungizorti Qoraqumi, sharqdan Qizilqum
va Sultonvays tog`lari, shimoldan esa Orol dengizi o`rab turadi. Quyi Amudaryoning
ushbu chegara orasidagi maydoni 46 ming kv km ni tashkil etadi.
Quyi Amudaryo okrugi janubi-sharqdan shimoli-g`arb tomonga cho`zilgan
bo`lib, shu tomonga kengayib, pasayib boradi. Okrug janubda Tuyamo`yin
tangligidan boshlanib, Orol dengizigacha davom etadi. Shu masofada uning uzunligi
400 km bo`lib kengligi bir xil emas. Eng janubiy qismida Tuyamo`yin tangligida
okrugning kengligi taxminan 10-12 km bo`lib, shu erdan Amudaryoning qadimiy
del`tasi boshlanadi va shimoli-g`arbga qarab kengayib, Xorazm-Toshxovuz
tekisligini hosil qiladi hamda kengligi 75-80 km ga etadi. Amudaryoning qadimiy
del`tasi Taxiatosh tangligigacha davom etadi va torayadi, so`ngra shimolga tomon
yana kengayib qadimiy del`ta tugab, Amudaryoning xozirgi zamon del`tasi
boshlanadi hamda Orol dengizigacha davom etadi. Shu yo`nalish bo`yicha del`ta
pasayadi va kengayib, ba`zi erlarda 140-150 km ga etadi.
Quyi Amudaryo okrugi antropogen davrniig allyuvial-del`ta yotqiziqlarining
asta-sekin to`planishi va uning del`tasining Orol dengizi tomonga o`sishi tufayli
vujudga kelgan. Binobarin, Quyi Amudaryoda quruqlikning vujudga kelish jarayoni
janubi-sharqdan, ya`ni Tuyamo`yin tangligidan shimoli-g`arb, shimol tomonga qarab
davom etgan. Amudaryoning xozirgi zamon del`tasini Orol dengiziga tutashgan
mintaqasida «eng yosh» del`ta bo`lib, uning maydoni Orol dengizi suv sathining
pasayishi xisobiga muttasil kengayib bormoqda. So`nggi 35 yil ichida Orol dengizi
suv sathining 15,5 metr pasayishi tufayli uning suvi ba`zi joylarida 100 km gacha
chekinib, quruqlikka aylanib qoldi.
Quyi Amudaryo yotqiziqlari yoshi va litologik tuzilishi jihatidan bir xil emas.
Okrugdagi eng qadimiy jinslar uning negizini tashkil etuvchi bo`r davr yotqiziqlari
bo`lib ustini paleogen, neogen va antropogen jinslari qoplab olgan.
Quyi Amudaryoning qadimiy del`tasi antropogen allyuvial yotqiziqlaridan (gil,
gilli qum, (qumoq, qumloq va boshqa) iborat bo`lib, ularning qalinligi (bo`r davrning
tub jinslari ustidan) 20 m, ba`zi joylarda 100 m. ga etadi. Shuningdek qadimiy del`ta
chetlarida, ba`zi kichik botiqlarda ko`l yotqiziqlari ham uchraydi.
Quyi Amudaryoning xozirgi zamon del`tasi esa, asosan, antropogen davr
allyuvial, eol yotqiziqlaridan qumoq, qumli, gilli qum, gil kabi jinslardan tashkil
topib, qalinligi 80- 140 m ga etadi.
Orol dengizining quruqlikka aylangan qismida esa xozirgi zamon yotkiziqlari
(qumoq, qumloq, gil) bo`lib, ular tarkibida xar xil tuzlar mavjud, ba`zi joylari esa
botqoqlashgan.
Quyi Amudaryo okrugining qadimdan sug`orib dehqonchilik qilinadigan erlari
(Xorazm) da qalinligi 2-3 m ga etuvchi agroirrigatsiya qatlami vujudga kelgan.
Quyi Amudaryo okrugi er usti tuzilishi jihatidan yassi tekislik bo`lib, shimolga
va shimoli-g`arbga qarab bir oz nishabdir. Lekin qiyaligi juda sezilarsiz (qiyaligi
0,0017) ligi tufayli Amudaryo tarmoqlanib, ilon izi bo`lib, sekin oqadi. Shuning
uchun Amudaryoning qadimiy o`zanlari vujudga kelib uning rel`efini ancha
murakkablashtirgan. Usha qadimiy o`zanlar orasida nisbiy balandliklari 60-80 m ga
etuvchi bir necha tepaliklar, marzalar va qoldiq tog`lar mavjud. Shular jumlasiga
Quyanchiq, Qoratov, Qumbeltov, Jumirtov, Borlitov, Quskanatov, Koshqantov,
Beltov, Manqir, Tuzqir, Tarimqiya, Zangibobo va boshqalar kiradi. Bu tepaliklarning
ba`zilari kadim yaxlit bo`lib, daryoning «tentirab» oqishi tufayli, ular bo`laklarga
bo`linib ketgan. Daryoning o`sha qadimiy o`zanlari o`rnida esa kichik ko`llar
vujudga kelgan.
Quyi Amudaryo okrugi hududidagi eng muhim qadimiy o`zanlari uning o`ng
kirg`og`idagilari Orol tomon yo`nalgan Shortonbay, Kreyt-O`zaq Itkra-O`zaq Kora-
O`zaq Kindiksay, Qorako`lsay va boshqalardir. Chap qirg`oqdan boshlanuvchi va
Sariqamish botig`i tomon yo`nalgan eng qadimiy o`zani Quhnadaryo, Daryoliq va
Daudan hisoblanadi. Ma`lumotlarga qaraganda XVI asrgacha Amudaryo suvining bir
qismi vaqt-vaqti bilan (suvi ko`p bo`lganda) Quhnadaryo orqali Sariqamish ko`liga
quyilib turgan. V. V. Tsinzerlingning ma`lumotiga ko`ra 1878 yili Amudaryo suvi
toshganda Quhnadaryo o`zanidan sekundiga 60 kubometr suv uch oy Sariqamish
botig`iga oqib turgan.
Quyi Amudaryo rel`efining tabiiy xolatini o`zgartishda insonning xo`jalik
faoliyati ham muhim rel`ef hosil kiluvchi omilga aylangan. Chunki inson o`zining
ko`p asrlik xo`jalik faoliyatida Quyi Amudaryo erlarini tekislagan, jarlarni
to`ldirgan, ariq va zovurlar qurgan, oqibatda okrug er usti tabiiy xolatini o`zgartgan.
Quyi Amudaryo okrugi O`zbekistonning shimoli-g`arbida joylashganligi
sababli qishi nisbatan sovuq, yozi esa issiq, quruq va serquyosh. Qishda okrug
shimoli-sharqiy tomonidan esuvchi havo massasi ta`sirida bo`lib, harorat ancha
pasayib ketadi. Bu yo`nalishdagi havo massasi ko`proq oktyabr` oyidan may
oyigacha davom etadi. May oyidan boshlab shimoli-sharqiy tomondan etib keluvchi
havo massasi kuchsizlanib, so`ngra shimoldan va shimoli-g`arbdan esuvchi havo
massasi ustunlik qiladi. Maydan sentyabr`` oyigacha davom etadi. Sentyabr`` oyidan
boshlab yana shimoli-sharqiy yo`nalishga ega bo`lgan shamollar ustunlik qilib,
harorat kechalari pasayib, sovuqlar bo`lishi mumkin.
Quyi Amudaryo yuqorida qayd kilganimizdeq O`zbekistonning eng sovuq
hududidan biri xisoblanib, o`rtacha yillik harorat 10-12°S atrofida bo`ladi.
Quyi Amudaryo okrugida qish sovuq bo`lib, yanvarning o`rtacha harorati 4,5°-
7,6°S atrofida (Xivada -4,5°, Chimboyda -7,6°) o`zgaradi. Ba`zan shimoldan va
shimoli-sharqdan sovuq havo massasi kirib kelib, turib qolib, eng past haroratni
(Taxiatoshda) pasaytirib yuboradi.
Quyi Amudaryo okrugi O`zbekistonning eng kurg`oqchil hududi xisoblanib,
yiliga 79-108 mm yog`in tushadi. Yog`in
miqdori okrugning janubidan shimoliga
tomon ortib boradi. Agar Xivada yillik yog`in miqdori 79 mm bo`lsa, haroratda 108
mm ga etdi. So`nggi yillarda Orol suv sathining pasayishi tufayli uning atrofida
yog`in yil bo`yi bir xil tushmaydi. Eng ko`p yog`in qish va bahor fasliga, eng kam
yog`in yozga to`g`ri keladi. Agar yillik yog`in miqdorini 100% desak uning 35-40%
qishga, 44-45% bahorga, 7-17% yozga, 10-15% kuzga to`g`ri keladi. Bahorda ba`zan
yog`in jala tarzida yog`ib, qishloq xo`jalik ekinlariga, xususan, g`o`zaning yosh
nihollariga zarar keltiradi.
Quyi Amudaryoda shamolning kuchi va yo`nalishi xamma qismida bir xil emas.
Orol dengizi yaqinida shamolning o`rtacha tezligi sekundiga 4-5 m, okrugning
janubida (Xivada) 3 m atrofida. Shamollar ko`pincha shimoliy va shimoli-sharqiy
tomondan esadi. Shimoli-sharqiy shamollar ko`proq, yilning sovuq faslida esa,
shimoliy va shimoli-g`arbiy shamollar yilning issiq, faslida esadi.
Quyi Amudaryoda qish noyabrning birinchi yarmidan boshlanib, mart oyigacha
davom etadi. Birinchi sovuq tushadigan kunlar oktyabr` oyining ikkinchi yarmidan
boshlansa, oxirgi sovuqli kunlar aprelning birinchi yarmigacha davom etadi.
Shunday qilib, sovuqsiz kunlar o`rtacha 193 kundan 208 kungacha (Chimboyda 193
kun, Xiva 208 kun) davom etadi. Quyi Amudaryo okrugida kuzda birinchi sovuq
tushishidan oldingi effektiv haroratlar yig`indisi
1902° dan (Qo`ng`irotda) 2385°
gacha (To`rtko`lda) etadi.
Quyi Amudaryo okrugida Amudaryoning eski va yangi del`tasi joylashgan.
Amudaryo o`zani bu qismda gox torayib, gox kengayib tarmoqlarga bo`linib oqadi.
Amudaryo okrug hududida Pitnak yaqinida torayib, Tuyamo`yin tangligi hosil qiladi,
vodiysining kengligi 450-480 m ga tushib qoladi, so`ngra yana kengayib 10 km ga
etadi. Lekin Sultonvays, Qo`yanchiq, Qoratov, Jumurtov kabi past qoldiq tog`lar
orasida Amudaryo vodiysi torayib, tangliklar hosil qiladi.
Amudaryo Nukus shaxaridan quyida tarmoqlarga ajraladi. Ularning eng
muhimlari Qipchoqdaryo, Oqdaryo, Erkindaryo, Ko`hnadaryo, Qortaboyuzoq,
Toldiqdaryo, Qozoqdaryodir. Bu tarmoqlarning ko`pchiligi xozir Amudaryoning suvi
yuqoriyuqori qismida sug`orishga sarflanishi tufayli quruq o`zanga aylanib, ularga
faqat yozda vaqti-vaqti bilan suv yuboriladi.
Amudaryo suvi sug`orishga sarflanishi tufayli okrugda yil sayin uning miqdori
kamayib, tarmoqlarida keskin o`zgarishlar yuz bera boshladi. Faqat Quyi Amudaryo
okrugidagina erlarni sug`orish uchun yiliga daryodan 24 km
3
suv olinmoqda.
Natijada Amudaryo Orol dengiziga yil sayin kam suv quymoqda.
Amudaryo 1960 yili Orolga 37,8 km
3
suv quygan bo`lsa, bu miqdor 1965 yilga
kelib 25,2 km
3
ga, 1975 yili 10,0 km
3
ga, 1980 yili 8,3 km
3
ga, 1985 yili 2,4 km
3
ga
tushib qoldi. So`nggi yillarda Amudaryo suvidan xalq xo`jalikda tejab foydalanish
xisobiga 1987 yildan boshlab Orolga yana ko`proq suv quya boshladi 1988 yili 16,0
km
3
suv oqizdi. Natijada Amudaryo del`tasida keskin o`zgarish yuz berib, ko`p
tarmoqlari qurib, suv faqat Oqdaryo-Ordaboyo`zak o`zani orqaligina Orolga
quyilmoqda. Vaxolanki, 1960 yili Amudaryo suvi Injenero`zaq Ordobayo`zaq Ung va
Chap Aqqay
tarmoqlari orqali Orolga quyilar edi.
Okrug hududida Amudaryoning oqimi uning umumiy oqim tartibiga (rejimiga)
o`xshab, eng ko`p suv sarfi Nukus yonida iyul`-avgust oylariga (yillik oqimining
35,0%), eng kam suv sarfi esa yanvar-fevral` (yillik oqimining 6,9%) oylariga to`g`ri
keladi.
Amudaryo suvi zovur, oqova va boshqa toifadagi suvlarning tashlanishi tufayli
minerallashish darajasi ortib, har xil kimyoviy moddalar bilan ifloslanib borishi
oqibatida (qishda suvi kamayganda sho`rlik har litrda 2,5-3,0 grammgacha etadi)
undan ichimlik sifatida foydalanish davlat standartiga to`g`ri kelmay qoldi.
Quyi Amudaryo okrugida 100 dan ortiq ko`llar bo`lib, ularning umumiy
maydoni 285 km
2
. Lekin ular okrug hududi bo`yicha notekis joylashgan. Eng ko`p
ko`llar Xorazm-Sariqamish del`tasida joylashib, (60 dan ortiq) umumiy maydoni
127,74 km
2
ga teng. Ko`llarning qolgan qismi Amudaryoning xozirgi zamon
del`tasida joylashgan.
Amudaryoning qadimiy del`tasidagi eng katta ko`llar qatoriga To`ng`izko`l,
Sho`rko`l, Ulug`-Sho`rko`l, Ziyko`l, Oqko`l, Abilko`l kabilar kiradi.
Amudaryoning hozirgi zamon del`tasidagi eng muhim ko`llari Sudoch`e,
Qoratereng, Xo`ja ko`l, Moshanko`l, Shegeko`llaridir.
Quyi Amudaryo okrugida grunt suvining xususiyati litologik tuzilishi va
rel`efiga bog`liq holda bir xil emas. Amudaryoning qadimiy del`tasi hisoblangan
Xorazm-Sariqamish rel`efi tekis bo`lsada, janubi-g`arbga, ya`ni Sariqamish botig`i
tomonga bir oz nishab. Shu tufayli grunt suvlari usha tomonga qarab siljiydi. Lekin
Amudaryoning xozirgi zamon del`tasining rel`efi tekis bo`lganligi uchun grunt
suvining siljishi juda sust. Chunki uning atrofini nisbatan baland bo`lgan erlar o`rab
olgan. So`nggi yillarda Orol suvi sathining pasayishi tufayli grunt suvning shu
tomonga siljishi uchun sharoit vujudga keldi.
Quyi Amudaryo okrugida grunt suvi asosan Amudaryo va irrigatsiya
shoxobchalaridan shimilgan suv xisobiga, qisman yog`inlardan to`yinib turadi.
Okrugda grunt suvi er betiga ancha yaqin bo`lib, uning urti va yillik chuqurligi
sug`oriladigan zonada 0,83-2,69 m. Sho`r yuvish va vegetatsiya davrida grunt suv
sathi ko`tarilib, chuqurligi 0,4-0,6 m tashkil etadi. Qishda grunt suvining satdxida
pasayib 2,2-3,6 m ga tushadi. Grunt suv sathi sug`oriladigan zonadan tashqarida
chuqurlashib boradi. Sug`oriladigan chetlarida chuqurligi 10-15 m bo`lsa, okrugning
cho`llar bilan tutashgan qismida 20-30 m ga etadi.
Quyi
Amudaryo
okrugida
tuproq
hosil
qiluvchi
omillarning
(ona jinsi, rel`efi, iqlimi, er osti suvlari, o`simlik qoplami) xususiyatlari turlicha
bo`lganligi tufayli uning tuproq qoplami ham bir xil emas. Okrugning ko`p qismini
o`tloq-qayir allyuvial, sug`oriladigan o`tloq (o`tloq-voha) tuproqlari tashkil qiladi.
O`tloq, qayir allyuvial va o`tloq-botqoq tuproq turlari asosan Amudaryoning hozirgi
zamon del`tasining quyi qismining markazida joylashib, ustki qismida chirindi
miqdori 2-3% ga etadi. Bu tuproq turi hamma qismida sho`rlashgan emas, faqat
pastqam, grunt suvi er yuzasiga yaqin bo`lgan joylarda sho`rlashgan. Bunday
joylarda, yana botqoq sho`rxok tuproqlar ham uchraydi.
Sug`oriladigan o`tloq (o`tloq-voha) tuprog`i esa asosan Amudaryoning qadimiy
del`tasida va hozirgi zamon del`tasining yuqori qismidagi o`tloq-qayir allyuvial va
o`tloq-botqoq tuproqlar tarqalgan mintaqaning o`ng va chap tomonlarida joylashgan.
Bu tuproq turi insoniyatning bir necha ming yillardan beri davom etib kelayotgan
xo`jalik faoliyati ta`sirida o`zining tabiiy holati o`zgarib, madaniy voha tuprog`iga
aylangan.
Quyi
Amudaryo okrugining ko`llari atrofida, Orol, dengizi sohillarida, qadimiy
daryo o`zanlarida botqoq, o`tloq-botqoq, sho`rxok botqoq-sho`rxok tuproqlar
uchraydi.
Orol dengizi sohillarining sharqiy qismida OQala burnidan Qazohdaryoning
quyi qismigacha bo`lgan hududlarda dengiz bo`yi sho`rxoklari joylashgan.
Quyi Amudaryo okrugida sho`rxoklar yaxlit lenta hosil qilmasdan
sug`oriladigan erlar orasida xam «orol» holda uchraydi. Sho`rxokli taqir tuproq
turlari asosan Amudaryoning hozirgi zamon del`tasida gil yotqiziqlari mavjud
bo`lgan joylarda, xususan, uning Ustyurt platosiga tutash qismida hamda
Amudaryoning o`ng sohillarida joylashgan.
Quyi Amudaryo okrugida cho`l qumloq tuproqlari Muynoq yarim orolida,
okrugning Qizilqumga tutashgan sharqiy qismida va Amudaryoning qadimiy
del`tasini Qoraqumga yaqin qismlarida uchraydi.
Quyi Amudaryo okrugidagi qoldiq, qirlar hisoblangan Qumbeltau, Barlitov,
Qashqantov, Beltov, Manqir, Tuzqir kabi past tog`larda sur-qo`ng`ir tuproq turi
mavjud.
Quyi Amudaryo o`simlik qoplami uning rel`efi, iqlimi, er osti suvlari, tuprog`i
va boshq tabiiy omillarga bog`liq holda joylashgan. Shu sababli geobotanik nuqtai
nazaridan okrug o`simliklari quyidagi turlarga bo`linadi; to`qay, galofit va
psammofit.
To`qay o`simliklar Amudaryoning hozirgi zamon del`tasidagi allyuvial, o`tloq-
botqoq, botqoq va o`tloq-taqir tuproqlar tarqalgan qayirlarida katta maydonni o`z
ichiga olib, qamishzorlar bilan qoplangan. Shuningdek bu erlarda qo`g`a, turang`il,
yovvoyi jiyda, tol, yulg`un kabi o`simliklar xam o`sadi. To`qay o`simliklari yana
Amudaryoning o`zaniga yaqin har ikkala sohillarida, suv bilan to`ladigan
o`zanlarda, ko`llar atrofida xam uchraydi. To`qayzorlar ikki qavatdan (yarusdan)
iborat bo`lib, yuqorisi tol, jiyda, turang`il yoki qo`g`alardan, pasti esa yulg`un,
ruvaq qamish kabilardan iborat.
Amudaryo del`tasining o`tloq-taqir, taqir tuproqlarda va sho`rxoklarda jing`il
formatsiyasi keng maydonni ishg`ol
qiladi. Lekin sho`rxoklarda va sho`rlashgan
erlarda tamaris jingil formatsiyasini siqib chiqarmoqda.
Quyi Amudaryo okrugining o`tloq tuproqlar tarqalgan qismlarida ruvaq
bug`doyiq va ajriq kabi o`simliklar o`sadi. Shuningdek Amudaryo del`tasining quruq
erlarida yantoq va ajriq ko`p.
Quyi Amudaryo okrugining ba`zi joylarida sho`rxoklar ham uchraydi. Ular
asosan Orol dengizining qurib qolgan sharqiy qismida, Sudoch`e ko`lining janubida
joylashib, galofit o`simliklar o`sadi. Ularning eng muhimlari sarisazan, qorabaraq
tamaris, potash, itsegak va bir yillik sho`ra o`simliklaridir.
Quyi Amudaryodagi sur-qo`ng`ir tuproqlar tarqalgan past tog`larda esa burgan,
shuvoq kabilar uchraydi.
Quyi Amudaryoning Kizilqum va Koraqumga tutashgan qismida, qum va qumli
tuproqlar tarqalgan joylarda cho`lga xos psammofit o`simliklar selin, juzg`un, oq
saksovul, kuyonsuyaq kizilcha, sho`ra mavjud.
Quyi Amudaryo okrugining o`ziga xos tabiiy sharoiti uning hayvonot olamiga
ham ta`sir etgan. Bu okrugda sut emizuvchilar, qushlar, baliqlar boshqa okruglarga
nisbatan ko`proq tarqalgan. Qushlarning 222 turi, sut emizuvchilarning 31 turi
(asosan kemiruvchilar), baliqlarning esa 30 turi mavjud.
Quyi
Amudaryoning
antropogen
landshafti
(sug`orilib
o`zlashtirilgan
hududlarda) mavjud bo`lgan katta qismida uy sichqoni, kursichqon, plastiksimon
tishli kalamush, tipratikan va har xil qushlar (chumchuq, mayna, zarg`aldoq, bedana)
yashaydi.
Daryo qayirlarida, ko`llarda qushlardan - qirg`ovul, g`oz,
o`rdak oqqush, qo`ton,
birqozon (soqoqush), chayka, qorabuzov, chittaq baklan, pelikan, laylaq chumchuqlar;
sut emizuvchilardan ondatra, tulki, chiyabo`ri, to`qay mushugi, bo`rsiq.
Quyi Amudaryo del`tasining Kizilqum va Qoraqumga tutashgan qismlarida va
del`ta ichidagi o`zlashtirilmagan qumli cho`llarda toshbaqa, yumronqoziq, kulrang
va taroq barmoqli gekkon, qum sichqoni, yumaloq boshli kaltakesak cho`l mushugi,
tulki, o`qilon, efa uchraydi.
Quyi Amudaryo okrugida baliqlar ko`p bo`lib, ular daryoda va uning
tarmoqlarida, ko`llarda, irrigatsiya shoxobchalarida yashaydi. Eng ko`p tarqalgan
laqqa baliqlar, cho`rtan baliqlari, osyotrlar losossimon baliqlar va boshqa baliqlardir.
Quyi Amudaryo okrugida to`qay landshafti va u erdagi qushlar va boshqa
hayvonlarni muxofaza qilish uchun Bodayto`qay ko`riqxonasi hamda Quyi
Amudaryo (del`ta landshafti va u erdagi qush va baliqlarni asraydi), Nuruntubek
(to`qay landshafti va cho`chqa, chiyabo`ri, kirg`ovul), Xorazm (ko`l landshafti va u
erdagi suv qushlari) kabi buyurtmalar mavjud.
Quyi Amudaryo okrugining tabiiy boyliklari xilma-xil bo`lib, eng muhimlari er-
suv resursidir. Bu okrug hududida 2,4 mln gektarga yaqin sug`orishga yaroqli erlar
mavjud. Lekin hozir 0,6 mln gektar maydondagi erlar sug`oriladi xolos.
Ikkinchi muhim resursi qamishzorlari va o`tloqlaridir. Okrug hududiga 0,5 mln
ga atrofida qamishzorlar mavjud edi, lekin xozir Amudaryo del`tasiga suv kam etib
borayotganligi uchun uning maydoni yil sayin kamaymoqda. Qamishzorlar sifatli
em-xashak silos xom ashyosidir. Ma`lumotlarga ko`ra 10 t qamishdan 8 t silos olish
mumkin.
Uchinchi muhim resursi sifatli mo`yna beruvchi ondatra hisob-lanadi. Lekin
so`nggi yillarda Amudaryo del`tasidagi o`zanlar va ko`llarda suv qurib qolganligi
tufayli ondatra terisini tayyorlash xam, baliq ovlash xam kamayib ketmoqda.
Quyi Amudaryo okrugi tabiiy sharoitiga, ayniqsa tuproq o`simlik qoplamining
xususiyatiga ko`ra Chimboy-Qo`ng`irot va Beltov kabi tabiiy-geografik rayonlarga
bo`linadi.
I. Chimboy-Qo`ng`irot tabiiy-geografik rayoni Amudaryoning hozirgi zamon
del`tasi va unga har ikki tomondan yondoshgan hududlarni o`z ichiga oladi. Rayon
shimolda Orol dengizi bilan, g`arbda Ustyurt okrugi bilan, sharqda Beltov rayoni
bilan, janubda Xorazm rayoni bilan chegaralanadi.
Rayonning qishi sovuq (yanvarning o`rtacha harorati -7,5°) va davomligi (3,5
oy), vegetatsiyali qish kuzatilmaydi, yoz issiq (iyul`ning harorati +26°). +10° dan
yuqori bo`lgan kunlardagi haroratning yig`indisi 3800° dan oshmasligi bilan
okrugdagi boshqa rayonlardan farq qiladi.
Rayon quyidagi tabiiy-geografik landshaftlarga bo`linadi:
1.
Orol suv sathining pasayishi tufayli quruqlikka aylangan, grunt suvi yuza va
o`ta sho`r, o`simlik deyarli usmaydigan yoki siyrak holda galofit tur o`simliklar
o`suvchi botqoq-sho`rxok va o`tloq-sho`rxok joylardan iborat bo`lgan landshaft.
2.
Bir yillik sho`ralar o`suvchi sho`rxokli del`ta tekisliklar landshafti. Bu tur
landshaft birinchi landshaftning janubida, Orolning qadimiy kirg`oqlarida hamda
madaniy landshaftlar orasida uchraydi.
3.
Negizi mezokaynazoy yotqiziqlaridan iborat bo`lgan, shuvoq o`suvchi sur-
qo`ng`ir tuproqli past qoldiq tog`lar (Qushqantov mutloq balandligi 123 m, Qizillar
mutloq balandligi 117 m) landshafti.
4.
Amudaryo del`tasining o`tloq, botqoq va qayir allyuvial tuproqlari tarqalgan
to`qay o`simliklari o`suvchi yangi qayir va qayirlar landshafti.
5. Amudaryoning chap sohilidagi qora saksovul o`suvchi taqir-sho`rxok
tuproqli del`ta tekisliklar landshafti.
6. Amudaryoning allyuvial del`ta tekisliklarida va qayirlarida joylashgan o`tloq-
allyuvial va taqir tuproqli madaniy landshaftlar.
II. Beltov tabiiy-geografik rayoni Chimboy-Qo`ng`irot rayonining sharqida
joylashib, janubda Qizilqum okrugi bilan shimol, shimoli-g`arbda Orol dengizi,
shimoli-sharqda Qozog`iston bilan chegaralanadi.
Rayon kenglik bo`ylab cho`zilgan Beltovni, Orol bo`yini, Beltovning janubi,
janubi-sharqida joylashgan Okdaryo, Janadaryolarning del`ta tekisliklarini o`z
ichiga oladi. Rayon okrugidagi eng sovuq qish (yanvarning o`rtacha harorati -9,2°),
yozi esa eng issiq (iyul`ning o`rtacha harorati +29°) hudud hisoblanadi. Rayonda
vegetatsiyali qish kuzatilmaydi, harorati +10° dan yuqori bo`lgan davrdagi
haroratning yig`indisi katta bo`lib, 4180 darajaga etadi.
Rayon quyidagi tabiiy-geografik landshaftlarga bo`linadi:
1.
Dengiz chekinishi tufayli quruqlikka aylangan, galofit tur o`simliklar siyrak
o`suvchi sho`rxok o`tloq-sho`rxok botqoq-sho`rxoklardan iborat bo`lgan Orol
dengiz kirg`oq bo`yi tekisliklar landshafti.
2.
Beltovning shimolidagi saksovul o`suvchi marzasimon rel`efga ega bo`lgan
eol qumli tekisliklar landshafti.
3.
Negizi mezokaynazoy jinsli, shuvoq o`suvchi sur-qo`ng`ir tuproqli past
qoldiq tog` (Beltov) landshafti.
4. Oqchadaryo va Janadaryo allyuvial-del`tasidagi qora saksovul o`suvchi taqir
tuproqli, sho`r hamda sho`rxokli del`ta tekisliklar landshafti.
|