O‘ZBEKISTON POLIMER ASHYOLARI Hozirgi kunda respublikada qurilayotgan uy-joylarni plastmassa buyumlarisiz, sintetik ashyolarisiz tasavvur qilish mumkin bo‘lmay qoldi.
1964-yilda ishga tushirilgan binokorlik ashyolari va plastmassa buyumlari ishlab chiqaradigan Ohangaron kombinati respublikamizdagina emas, balki Markaziy Osiyoda ham eng yirik korxonadir. Bu korxona Markaziy Osiyoning hududlarida uy-joy qurish uchun yetarli miqdorda plastmassa buyumlari yetkazib bermoqda.
Ohangaron kombinati xilma-xil binokorlik ashyolari: polietilendan — quvurlar, qoplama plitkalar; polistiroldan — issiqlikni kam o‘tkazadigan buyumlar va boshqalar ishlab chiqarmoqda. Respublikamiz qurilish industriyasining plastmassa va sintetik smolalarga bo‘lgan ehtiyoji 2000-yilda 25 ming tonnadan oshib ketdi.
Ohangaron qurilish ashyolari kombinati, Toshkent 1-yog‘ochsozlik zavodi, Samarqand Qurilish ashyolari va konstruksiyalari kombinati respublikada polimer ashyolari ishlab chiqaruvchi asosiy sanoat korxonalaridir.
Plastmassa olish uchun ketadigan xomashyoga respublikamiz juda boy. Shulardan g‘o‘zapoya o‘stiriladigan o‘simliklar orasida plastmassa buyumlar uchun eng qimmatli xomashyolardan biridir.
Plastmassalarni seluloza tolalari, paxta zavodining qoldiqlari bilan puxtalab juda mustahkam tolali plastiklar olish mumkin.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda chigit sheluxasini kompleks qayta ishlaydigan bir nechta gidroliz zavodi bor.
Plastmassa uchun xomashyo sifatida ishlatiladigan furfurol chigit sheluxasidan gidroliz yo‘li bilan olinadi. Shuningdek, makkajo‘xori o‘zagi, pista po‘chog‘i, zig‘ir va har xil yovvoyi o‘simliklar poyasidan ham ushbu yo‘l bilan furfurol olish mumkin.
Qamishdan bir qancha muhim kimyoviy moddalar olish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining «Umumiy va noorganik kimyo instituti» ma’lumotlariga ko‘ra qamish suvda qaynatilganda 6%, kislotada qaynatilganda esa 17% furfurol olish mumkin. Demak, odatda furfurol ishlab chiqarish uchun qo‘llaniladigan xomashyolarga (paxta sellulozasi, yog‘och va boshqalar) qaraganda qamishdan ko‘proq furfurol ajrab chiqadi. Qamishning furfurol olingandan keyin qolgan qismi selluloza sanoati va qoplama plitkalar ishlab chiqarish uchun xomashyo bo‘la oladi.
Neft tozalaydigan har bir zavod a’lo sifatli mashina moylari va yonilg‘ilardan tashqari uglevodorod xomashyosini ham ishlab chiqara oladi. Uglevodorod xomashyosidan esa turli sintetik ashyolar tayyorlanadi. Plastmassa olishda asosiy xomashyo tabiiy gazdir. O‘zbekistonda yer ostidagi tabiiy gaz zaxiralari juda ham ko‘p. Bu gaz arzon yoqilg‘i bilan birga kimyo sanoati tarmoqlari uchun juda qimmatli xomashyo hamdir.
O‘zbekistonda paxtadan ПВX qo‘shib sun’iy charm (linoleum) ishlab chiqarish yanada taraqqiy topdi.
Respublikada tabiiy gazdan kremniyorganik birikmalar ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi.
Respublikamizda qurilish ashyolari sifatida polimer buyumlar ishlab chiqaruvchi korxonalar hozirgi kun talablarini to‘la qondira oladigan darajada emas. Faqatgina ikkita yirik zavod polimer buyumlari ishlab chiqarmoqda. Ulardan biri «Ohangaronlinplast» ekstruziya va termoplast polimerlarni quyma usulda bosim ostida tayyorlashga ixtisoslashgan bo‘lsa, ikkinchisi «Yantoq-Brit» O‘zbekiston — Angliya qo‘shma korxonasi o‘rama va uzun buyumlar, jumladan, devorga yopishtiradigan ko‘pik pardaqog‘oz va polimer- betondan tayyorlanadigan santexnik qismlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashdi.
«Ohangaronlinplast» ochiq turdagi AU si korxonasining quvvati ПВX pardasini ishlab chiqarish 20000 ming m2, issiq va tovushdan muhofazalovchi ПВX linoleumlar — 4300 ming m2, polietilen pardalari — 1635 tonna, termoplast quvurlari va plastmassa ehtiyot qismlari — 877 tonna quyma va har xil shaklli uzun plastmassa buyumlari — 2910 tonna miqdorida ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
Korxonalardagi texnologiyalarni nodir mashina va uskunalar bilan boshqarish maqsadida 1998-yili Germaniyaning «Ermafa-Kunstofftexnik» firmasi bilan tuzilgan innovatsiya dasturiga binoan ПВX pardalari ishlab chiqaruvchi zamonaviy uskunalar ishga tushirildi. Natijada, qalinligi 0,1—0,8 mm va eni 1800 mm ga teng bo‘lgan oddiy ПВX pardalari, hamda 4 xil rang bilan naqsh beruvchi (chuqur bosmada) ПВX pardalari ishlab chiqarilmoqda. Bunday uskunalarda galanteriya, kansellyariya buyumlari, qishloq xo‘jaligi va xalq xo‘jaligining boshqa sohalari uchun ham turli pardalar ishlab chiqarish mumkin.
Respublikada ilk bor qurilish uchun juda zarur, tombop, suvga chidamli, chirish va zanglashdan saqlovchi samarali ashyolar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bunday ashyolar nafisligi, ishlatishga qulayligi, ta’mirlash va montaj qilishga osonligi bilan xorijiy ashyolar qatori bozor sharoitida raqobatlashishi mumkin.
Germaniyadan keltirilgan uskunalarning quvvati 20 mln m2 ga teng. Bu bilan respublikada chiqarilayotgan barcha linoleumlarni qoplash mumkin. Pardaning chidamliligi 20 yilga teng bo‘lib, undagi rang va naqshlarni buyurtmachining xohishiga ko‘ra ishlab chiqarish ham mumkin.
«Ohangaronlinplast» korxonasida ishlab chiqarilayotgan polimer ashyolar quyidagilardir:
suv, kislota va ishqor eritmalari ta’siriga mo‘ljallangan, diametri 25 mm dan 110 mm gacha bo‘lgan polietilen quvurlar;
qishloq xo‘jaligi va har xil mahsulotlar uchun qalinligi 0,04 mm dan 0,2 mm gacha, eni 2800 mm li polietilen pardalar;
temir-beton devorbop panellarga har xil o‘lchamlardagi teshiklar qoldirish uchun diametri 14 mm dan 32 mm gacha bo‘lgan uzun ПВХ naycha va quvurchalar;
termoplast avtomatlari vositasida xalq ta’minoti mahsulotlari —vanna, sifon, tog‘ora, unitaz va shu kabi sanitar-texnik buyumlari;
xorijdan keltiriladigan linoleumni yopishtirishda kerak bo‘ladigan ПВA yelimi va suvi.
Quyidagi 10.2-jadvalda 2005-yilgacha respublikada ishlab chiqariladigan plastmassa ashyolari miqdori berilgan.