SOPOL ISHLAB CHIQARISH TEXNOLOGIYASI Sopol buyumlar o‘zining shakli, xillari, fizik-mexanik xossalarining turli-tumanligi bilan boshqa ashyolardan farq qiladi. Ammo ularni ishlab chiqarish texnologiyasi bir-biriga o‘xshash.
Loyni tayyorlash. Qazilma kondan keltirilgan tuproq begun va vales deb ataluvchi maxsus mashinalarda maydalanadi va bir vaqtda uning tagidagi g‘alvirdan o‘tkaziladi, keyin g‘alvirdan o‘tmagan yirik toshlar ajratib olinadi. Uncha qattiq bo‘lmagan toshlar esa maydalanib, loy bilan aralashib ketadi. Gorizontal o‘qqa o‘rnatilgan parrakli uskunada tuproq namlanadi. Agar loy yaxshi pishitilmagan bo‘lsa, undan ishlangan sopol
buyum sifatsiz va texnik shartlarga javob bermaydi. Ayniqsa, yupqa sopol buyumlar tayyorlashda loy qorishmasi nihoyatda puxta ishlanishi kerak.
Qoliplash. Sopol buyumlarni qoliplash usuli uning shakliga, loyning xiliga, namligiga va qattiqligiga bog‘liq. Sopol buyumlarni ishlab chiqarish texnologiyasi uch usulga bo‘linadi: plastik usul (qoliplash yoki shtampovka qilish), zichlash va quyma usullari.
G‘ishtni plastik usulda tayyorlash.Lentali zichlagich (shneklar) yordamida loy qorishmasini qoliplash amalda juda keng tarqalgan (4.2-rasm).
Qorishma tayyorlash uchun keltirilgan tuproq loy qoruvchi mashinada 18—28% gacha namlanadi va bir jinsli plastik qorishma hosil bo‘lgunga qadar aralashtiriladi. Tayyor loy qorishmasi buyum shaklini beruvchi — mundshtuk o‘rnatilgan lentali zichlash uskunasiga tushadi.
Quyuq loy bilanqoliplash usuli plastik usulning bir turidir. Loyning namligini 13—18% qilib qorishtiriladi. Bunday usul bilan loy qoliplanganda katta quvvatli zichlagichda 10—20 MPa bosim ostida itarib chiqariladi va maxsus kesgich vositasida kerakli o‘lchamda kesiladi yoki har xil shakldagi xom loy buyumlari quritish xonasiga yuboriladi.
Sopol buyumlari ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan nim quruq usul amalda keng tarqalmagan. Bunday usul bilan namligi 8—12% li loy 15—40 MPa bosimda zichlanib qoliplanadi. Plastik usulga qaraganda nim quruq texnologiyasi uchun uskuna va mashinalar yasashga temir xarajati 3 barobor ko‘p sarflanadi, texnologik jarayon 2 marta qisqaradi. Chiqaziladigan buyumlar shakli va qirralari to‘g‘ri hamda tekis chiqadi. Issiqlik manbai xarajati 30% kamayadi. Ishlatiladigan tuproq zarrachalarining o‘lchami 1 mm lisi 50%, 1-3 mm lisi esa 50% dan oshmasligi lozim. Qoliplash bir yoki bir necha buyumlarni bir yo‘la mexanik yoki gidravlik zichlagichda zichlab, keyin quritiladi va kuydiriladi.
Hozirgi zamon texnologiyasiga ko‘ra, sopol buyumlar quruq usulda kukun-tuproqni 2-6% namlikda yuqori bosimda zichlab olinadi. Ushbu usulda sopol buyumlar qolipdan olingandan keyin quritilmasdan to‘g‘ri pishirish xumdoniga kiritiladi. Shliker usuli bilan sopol buyumlar tayyorlanganda (radiator, unitaz va hokazolar) tarkibida har xil qiyin eruvchan tuproq va qo‘shilmalar, hamda 40% suv bo‘lgan quyqa murrakab shakldagi qolipga quyiladi, keyin quritilib pishirish xumdoniga kiritiladi.
Odatda, xom sopol buyumlarning namligi pishirishdan oldin 8-10% dan oshmasligi kerak.
G‘ishtni pishirish, asosan, uch bosqichga bo‘linadi: xom g‘ishtdagi erkin birikmagan suvni asta-sekin yo‘qotish; xom g‘ishtni pishirish (900—1000°C); g‘ishtni asta-sekin sovitish.
Sopol buyumlar pishiriladigan xumdonlar, asosan ikki xil: tonnelli va aylanma xumdonlardan iborat bo‘ladi.