Bentonit tuprog‘i — montmorillonit guruhiga kiruvchi (kvars, gips, biotit, gidroslyuda va temir oksidi aralashmalari) tuproq minerallaridan tashkil topgan vulqon kuli, tuf va lavalarni kimyoviy buzilish jarayonida hosil bo‘lgan cho‘kindi tog‘ jinsi. Bentonit tuprog‘i qurilishda (suv ta’siridan saqlovchi sifatida) buyumlar choklarini to‘lg‘izishda, yer osti inshootlari, aerodrom va zovur chekkalarini mahkamlashda, keramzit va agloporit olishda, chinni, fayans sopol qorishmalarning plastikligini yaxshilashda ishlatiladi.
O‘tga chidamli loy,asosan kaolindan, birozgina kvars, dala shpati, gidroslyuda, karbonat va boshqa aralashmalardan tashkil topgan mayda zarrachali sochiluvchan cho‘kindi tog‘ jinsidir. Asosan konstruksion (shamotli) va termoizolyatsiya (yengil) ashyolari, shuningdek, yuqori harorat ta’sirida bo‘ladigan devorbop g‘ishtlarni terishda, suvoq qorishmalari sifatida hamda chinni, fayans, sopol va boshqa o‘tga chidamli o‘choqlar qurishda keng ishlatiladi.
Shirali loydan ishlangan pardozbop sopol.Chinni va fayans (xomashyo — chang aralashgan tuproq) qorishmasini tayyorlashda tarkibida asosan kaolinit minerali bo‘lgan tog‘ jinsi — kaolin ishlatiladi. Barcha pardozbop nozik sopol ashyolari tarkibini asosan dala shpati (mikrolin va boshqalar) bilan kvars tashkil etadi. Qo‘shimcha xomashyolardan — kvars qumi, shamot, toshqol kabilar loyning plastikligini kamaytiradi. Kirishishini kamaytirish va qoliplashga qulay loy olish uchun yuqori plastik tuproq qo‘shiladi. Sopol buyumlardan har xil pardozbop qoplama plitkalar va kislotaga chidamli ashyolar olish uchun suyuq shisha yoki ishqorni qumga qorishtirib asosiy qorishmaga qo‘shiladi.
Sopol buyumlarni jozibali pardozbop qilish uchun ularning yuzasiga glazur (nemischa so‘z bo‘lib «shisha» demakdir) surtiladi. Sopol buyumga qalinligi 0,15—0,3 mm qilib surtilgan glazur erish haroratigacha (1100— 1300°C) qizdiriladi. Glazurning erish harorati pardozbop sopolning erish haroratidan kichik bo‘lishi kerak. Agar glazur oson eruvchan bo‘lsa, u holda 900—1100°C gacha qizdiriladi. Erigan glazur sopol buyum yuzasida 0,13—0,28 mm li shishasimon sirga aylanadi.
Qiyin eruvchan glazur kvars, kaolin, tuproq, dala shpati, tabiiy karbonatli temirdan tashkil topgan. Oson eruvchan glazur takribidagi kvars, dala shpati, dolomit quyqasini tayyorlayotganda unga bura, stronsiy karbonat, magnezitlar qo‘shiladi. Glazurlar yaltiroq va yaltiroqmas bo‘ladi. Yaltiroq glazur rang beruvchi oksidlar qo‘shib qizdiriladi. Yaltiroqmaslariga esa pigmentlar qo‘shiladi. Shuningdek, glazurlar rangli va rangsiz bo‘ladi. Rangligiga 2—15% temir oksidlari, kobalt (havorang), xrom (ko‘k), marganes (jigarrang) kabilar qo‘shiladi. Rangsiz glazurlarga qalay, surma, rux qo‘shiladi. Glazurlar temir sirtiga surtib eritilsa emal deb ataladi. Pardozbop sopol buyumlarni yanada jozibali, chiroyli bo‘lishi uchun ular yuzasi angobli oq yoki har xil rangli tuproq quyqasi bilan 0,25—0,44 mm gacha qalinlikda surtiladi. Oq rangli angob qizdirilgan oq tuproqdan, rangli angob esa tuproqqa obdan tuyilgan mineral bo‘yoq yoki sintetik pigmentlar qo‘shib tayyor- lanadi. Me’morchilikda qoplama g‘isht va bloklar yuzasi angob bo‘yoqlari bilan surtilib pishiriladi.