PARDOZLASHDA ISHLATILADIGAN SOPOLBOP XOMASHYOLAR Qurilishda ishlatiladigan sopol ashyolarga, asosan xomashyo sifatida eng ko‘p tarqalgan tuproq qo‘llaniladi. Sopolbop (kulolchilik) tuproq tarkibida kaolinit, gidroslyuda va ozgina kvars, dala shpati, temir oksidi, karbonatlar bo‘lgan mayda zarrachali cho‘kindi tog‘ jinsi mavjud.
Tuproq zarrachalarining diametri 0,005 mm dan kam bo‘lganda loy plastik (mayin) bo‘ladi. Undan tayyorlangan buyum quriganda o‘z shaklini o‘zgartmaydi, kuydirgandan keyin mustahkam va chidamli
bo‘ladi. Shuningdek, tuproqda 0,005-0,16 mm li chang zarrachalari va 0,16-2 mm li qum donalari ham aralashgan bo‘ladi. Loy tarkibi va undagi zarrachalarni mayda-yirikligiga qarab yuqori plastik, qoniqarli plastik, kam plastik va plastikmas guruhlarga bo‘linadi. Yuqori plastik loy tarkibida 80—90% gacha tuproq zarrachalari bo‘ladi. Bunday loyni plastiklik ko‘rsatkichi 25 dan katta, suv shimuvchanligi 28% dan ko‘p va havoyi kirishishi 10—15% dan oshmaydi. Qoniqarli plastik loyda tuproq zarrachalari 30—60% gacha bo‘ladi. Plastikligi 15—25%, suv shimuvchanligi 20—28%, havoyi kirishishi esa 7—10% ga teng. Kam plastik loylar tarkibini 5—30% gacha tuproq zarrachalari tashkil etadi. Suv shimuvchanligi 20% gacha, plastikligi 7—15% va havoyi kirishishi 5—7% ga teng. Plastikmas loyni qayta ishlab bo‘lmaydi va u qolipga tushmaydi.
Agar loy tarkibida tuproq zarrachalari 60% dan ko‘p bo‘lsa «shirali loy»deyiladi. Ammo uning kirishishi katta bo‘ladi. Loyda tuproq zarrachalari 10—15% bo‘lsa, bunday loyni «shirasiz loy» deyiladi. Buning uchun unga bentonit tuprog‘i qo‘shiladi.
«Shirali loydan» sopol buyumlari ishlab chiqaradigan korxonalarda pardozbop g‘ishtlar, plitkalar, bo‘shliqli bloklar, tombop cherepitsalar, quduq va oqova suv quvurlari, polbop plitkalar, qo‘yma toshlar, terrakotlar, mayoliklar, chinni-fayans buyumlar tayyorlanadi.
G‘ishtbop tuproq— tarkibida kaolinit, gidroslyuda, montmorillonit, ozgina kvars, karbonat va temir oksidlari bo‘lgan har xil yiriklikdagi mineral zarrachalari aralashgan cho‘kindi tog‘ jinsi.