tashkiliy tuzulma. Tashkiliy tuzulma, faqat mijozlarning ajratilgan guruhlariga farmatsevtika yordamini ko‘rsatishda turli usullar, texnologiyalardan foydalanilgan taqdirda, iste’molchilarning segmentlari bo‘yicha quriladi (15.3- сhizma). Masalan, ulgurji farmatsevtika tashkilotlari, odatda, alohida kasalxona sektori, chakana savdo bo‘g‘ini, boshqa ulgurji tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarini tartibga soluvchi tuzulmalarni ajratadilar.
15.4. Tashkilot faoliyatini reglamentlash Farmatsevtika tashkilotining faoliyati reglamentlash, ya’ni har bir element (tuzulmaviy bo‘linma) ishlashining ma’lum tartibini o‘rnatish yo‘li bilan ta’minlanadi.
Reglamentlash — boshqaruv jarayonlarini tashkil etishning asosiy vositasi, uning yordamida korxona ma’lum natijaga yo‘naltirilgan tizim sifatida ishlaydi.
Reglamentlash tamoyili xodimlar o‘z faoliyatini, ularga muvofiq amalga oshiradigan ma’lum qoidalar, nizomlar, ko‘rsatmalar, yo‘riqnomalar, me’yornomalarning o‘rnatilishi va ularga qat’iy rioya etilishini anglatadi. Amalda xizmatchilarning mehnat faoliyatini reglamentlashning maqbul darajasini belgilash hamda hal qilishda qat’iy, maqsadga yo‘naltirilgan reglamentlash zarur bo‘lgan masalalar doirasini aniq belgilab olish juda muhimdir. Shu maqsadda tuzulmaviy bo‘linma to‘g‘risidagi nizom — har bir tuzulmaviy bo‘linmaning faoliyatini normativ huquqiy reglamentlash uchun mo‘ljallangan hujjat ishlab chiqiladi.
Nizom mazkur bo‘linmaning mavqeyini, uning boshqaruv tizimidagi o‘rni va vazifasini, ichki tashkilotini belgilab beradi.
Tuzulmaviy bo‘linma to‘g‘risidagi nizomga asosan bo‘linma nomidan uning rahbari bajarilishi uchun to‘liq javobgarlik olib boradigan vazifalar va funksiyalar bo‘yicha bo‘linma xodimlarining kundalik faoliyati amalga oshiriladi. Nizom ijrochilar o‘rtasida funksiyalar va ishlarni taqsimlashda, ularning shaxsiy lavozim majburiyatlarini belgilashda, shtatlar jadvalini tuzishda asosiy hujjat bo‘lib hisoblanadi. U bo‘linmaning butun jamoasi mehnatining natijalarini hamda ayrim xodimlarning qo‘shgan ulushini to‘laroq va asoslangan holda baholash, xodimlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish haqida qarorlarni qabul qilish imkonini beradi.
Sifatli nizomlarni ishlab chiqishda, ularning tayyorlanishi va tasdiqlanishi barcha tuzulmaviy bo‘linmalar uchun baravar bir vaqtda yoki qat’iy belgilangan jadval bo‘yicha o‘tkazilishi muhimdir. Bu ishlab chiqilayotgan barcha hujjatlar to‘plamini tizimiy bo‘lishini, ishlar, javobgarliklar va vakolatlarning aniq taqsimlanishini ta’minlaydi.
Nizomlarning loyihalari ishlab chiqilishini, odatda, tuzulmaviy bo‘linmalar rahbarlarining o‘ziga topshiriladi, biroq ishlash jarayonida yondoshgan bo‘linmalarga taalluqli masalalarni birgalikda muhokama qilish lozim. Bu hujjatlarning to‘liq to‘plamini tayyorlash, bo‘linmalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishlarni kelishish va har bir alohida nizom ustida yakka tartibda ishlashda muqarrar yuzaga keladigan vazifalar va funksiyalar bir-birini takrorlashining oldini olish imkonini beradi.
Faoliyatining yo‘nalishi endi shakllanayotgan va u faqat kelgusida to‘la miqyosda belgilanishi mumkin bo‘lgan yangidan tashkil etiladigan bo‘linmalar uchun 1 yil muddatga amalga kiritiladigan vaqtinchalik nizomlar ishlab chiqiladi, shu yil o‘tganidan so‘ng ularga aniqlik kiritiladi va bu nizomlar doimiy sifatida tasdiqlanadi.
Reglamentlarning tasdiqlanishi dogmaga aylanmasligi, innovatsiyalarga to‘sqinlik qilimasligi kerak, ya’ni ular dolzarblik saqlanib qolishi uchun ma’lum darajadagi moslashish xususiyatlariga ega bo‘lishi lozim.
Nizomlarning mazmunini aniqlashtirish darajasiga to‘g‘ri yondoshish asosida ularni asoslanmagan holda tez eskirishining oldini olish mumkin, aniqlashtirish darajasi keraklicha va yetarlicha bo‘lishi kerakki, unda vazifalar va funksiyalarning doirasini aniq qayd etish, ularning bajarilishi va natijalarini nazorat qilish, boshqaruv qarorlarini qabul qilishdagi xatolar va kechiktirishlar, yomon tayyorlangan va sifatsiz boshqaruv qarorlari hamda qarorlarning qabul qilinmasligi uchun javobgar bo‘lgan mansabdor shaxslarni aniqlash mumkin bo‘lsin.
Shu bilan birga ortiqcha aniqlashtirish rahbarning faoliyatini cheklab qo‘yishi, bo‘linma ishining samaradorligini kamaytirishi ham mumkin. Buni ayniqsa shuning uchun e’tiborga olish muhimki, reglamentlash bilan bir qatorda bo‘linmalar va mansabdor shaxslar, shu jumladan bo‘linmalarning rahbarlari o‘rtasida norasmiy munosabatlar sohasi mavjud bo‘lib, shu o‘zaro munosabatlar davomida ko‘pgina masalalarga aniqlik kiritiladi. Hozirgi zamon sharoitida bevosita norasmiy muloqotlar, hatto juda murakkab va to‘satdan yuzaga keladigan vaziyatlarda tezkorlik bilan oqilona yechimlarni topish imkonini beradi, chunonan barcha hayotiy vaziyatlar turli-tumanligini reglamentlash hujjatlarida oldindan hisobga olib bo‘lmaydi.
Yangi vazifalar va funksiyalarning paydo bo‘lishi, faoliyatning ayrim yo‘nalishlarining ahamiyatida urg‘u beriladiganlarining o‘zgarishi, ayrim faoliyat yo‘nalishlarining yo‘qotilishi, ma’lumotlarga kompyuterlarda ishlov berish va tarmoqlarni yaratishga asoslangan yangi axborot texnologiyalarining qo‘llanishi, hujjat almashinuvining takomillashtirilishi tashkiliy tuzulmaning elementlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga jiddiy o‘zgartirishlarni kiritadi va bu reglamentlash hujjatlarida ham aks ettirilishi shart. Bo‘linmalar to‘g‘risidagi nizomlar to‘plami, bo‘linmalarning ishlash sharoitlarini o‘zgarishini hisobga olib ishga yaroqli holatda bo‘lishini ta’minlash uchun reglamentlash hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarni o‘z vaqtida kiritib turish kerak. Biroq bunday o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar yig‘ilib borgani sayin bo‘linmalarni birgalikda samarali ishlashini ta’minlash qiyinlashib boradi, shuning uchun boshqaruv tuzulmasini ham, uni to‘ldiruvchi normativ hujjatlar to‘plamini ham muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqish zarur.
Amaldagi unifikatsiyalashtirilgan tashkiliy-tasarrufiy hujjatlar tizimiga muvofiq „Tuzulmaviy bo‘linma (departament, boshqarma, bo‘lim) to‘g‘risidagi nizom“da quyidagi bo‘limlar ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak;
· „ Funksiyalar“;_·_„_Huquqlar_va_javobgarlik“;'>Umumiy qoidalar“; · „ Asosiy vazifalar“; · „ Funksiyalar“; · „ Huquqlar va javobgarlik“; · „ Boshqa bo‘linmalar bilan munosabatlar. Aloqalar“; „Umumiy qoidalar“ bo‘limida bo‘linmaning aniq nomi ko‘rsatiladi, uning tashkiliy tuzulmadagi o‘rni aniqlanadi, uni kimning bevosita bo‘ysunuvida bo‘lishi va kim tomonidan boshqarilishi belgilanadi. Bo‘linma rahbarini lavozimga tayinlash va lavozimdan bo‘shatish tartibi o‘rnatiladi. Shuningdek, bo‘linmaning ichki tuzulmasi ham keltirilgan bo‘lishi kerak. Bo‘linmaning qismlari o‘rtasida funksiyalarning taqsimlanishini aniq belgilash, bo‘ysunuvni va bo‘linma qismlarining o‘zaro munosabatlarini ko‘rsatish lozim. Bundan tashqari, bo‘linma tuzulmasini va shtatlarini tasdiqlash tartibi belgilanadi, bo‘linma o‘z faoliyatida amal qilishi kerak bo‘lgan asosiy normativ hujjatlarning ro‘yxati keltiriladi.
„Asosiy vazifalar“ bo‘limi bo‘linmaning asosiy vazifalari ta’rifini o‘z ichiga oladi, korxona oldida turgan maqsadlarga erishilishini ta’minlaydigan uning boshqaruv ta’siri o‘tadigan doirasini belgilab beradi. Qabul qilingan tashkiliy tuzulmaga qarab buning uchun muammoli-maqsadli, funksional, jismli yoki hududiy (mintaqaviy) yondoshuvdan foydalanilishi mumkin. Vazifalarga yetarlicha yiriklashtirilgan, masshtabli ko‘lamda, ortiqcha detallashtirmasdan ta’rif berilgan bo‘lishi kerak. Ular 3 dan 5 tagacha bo‘lganda vazifalar soni eng muvofiq deb hisoblanadi.
„Funksiyalar“ bo‘limi nizomning asosiy bo‘limi bo‘lib hisoblanadi. Unda yuqorida ta’rif berilgan vazifalarni eng samarali va tejamli usulda bajarish uchun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan asosiy funksiyalar va ish turlari aks ettirilishi lozim. Ushbu bo‘limning ishlab chiqilishi bo‘linmaning ish yuklamasini, u tomonidan bajariladigan ishlarning tarkibi va hajmini o‘rganib chiqish, qo‘yilgan vazifalarni hal qilish uchun eng samarali hisoblangan texnologiyaga nisbatan bo‘linmalar o‘rtasida chegaralarni aniq belgilash va ishonchli „tutashish joylari“ni ta’minlashga asoslangan. Shuning uchun nizomlarni ishlab chiqishda, boshqaruv texnologiyalarini va xodimlarning mehnatini tashkil etishni takomillashtirish masalalari hal qilinadi, axborot aloqalari va hujjat oqimlari tahlil qilinadi va oqilona tashkil etiladi, o‘zi orqali o‘tadigan hujjatlarni tayyorlashda bo‘linmaning vazifasi aniqlashtiriladi, bo‘linma mustaqil qarorlar qabul qiladigan masalalarning doirasi belgilanadi.
„Huquqlar va javobgarlik“ bo‘limi bundan oldingi bo‘limlarning materiallariga asoslanadi. Unda bo‘linmalarning vakolatlari belgilanadi va tegishli funksiyalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan huquqlar biriktiriladi, ularning to‘la hajmda va tegishli tarzda bajarilishi uchun javobgarlik ko‘lami belgilanadi. Bo‘linmaning huquqlarini uning rahbari hamda u o‘z vakolatlarining bir qismini topshiradigan boshqa mansabdor shaxslar amalga oshiradilar. Tegishli pog‘onalardagi rahbarlarga taqdim etiladigan vakolatlarning ko‘lami tashkiliy tuzulmaning markazlashtirilishi darajasini belgilab beradi. Bo‘linma ishining xususiyatlarini, uning funksiyalari va huquqlarini e’tiborga olib, rahbarning bo‘linmaga biriktirilgan barcha ishlarning o‘z vaqtida va o‘rnatilgan talablarga muvofiq bajarilishi, xodimlarning ishi oqilona tashkil etilishi uchun javobgarligi belgilanadi. Javobgarlik haqidagi masala yakkaboshchilik tamoyili asosida hal qilinadi, unga muvofiq mazkur javobgarlik bitta shaxs zimmasiga yuklatilib, bir nechta shaxs o‘rtasida taqsimlanmaydi, bu esa vazifalar majmuasi bir nechta bo‘linma tomonidan bajarilganida ayniqsa muhimdir.
„Boshqa bo‘linmalar bilan munosabatlar. Aloqalar“ bo‘limi bo‘linmalar o‘rtasida barqaror aloqalar va o‘zaro majburiyatlar hamjihatligini belgilab beradi. Qismlarning bog‘lanishi va amaliy hamjihatligisiz bir butunni tashkil etib bo‘lmaydi. Funksiyalar, huquqlar va javobgarlikning taqsimoti integratsiya va muvofiqlashtirish choralari bilan tenglashtirilgan bo‘lishi lozim, ular bu bir-biridan alohidalashgan elementlarni bir-biriga bog‘lashi va ularning harakatida kerakli kelishganlikni ta’minlashi kerak. Ko‘pincha o‘zaro bog‘lanish uning vertikal (chiziqli) va gorizontal (funksional) bog‘lanishlar kabi asosiy turlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Qayd etib o‘tilganidek, vertikal bog‘lanishlar tashkiliy tuzulmadagi iyerarxik pog‘onalarni birlashtiradi. Ular qat’iy o‘rnatilgan, doimiy amal qiladigan bo‘lib vakolatlarning taqsimlanishini aks ettiradi.
Bu bog‘lanishlar tasarrufiy (pastga) va hisobot (tepaga) axborotlarini uzatish kanallari bo‘lib xizmat qiladi. Vertikal bog‘lanishlar doirasida hukmronlik va ta’sir etish muammolari hal etiladi. Ular yordamida rahbar o‘zining hukmronlik huquqlarini ro‘yobga chiqaradi va buyruq, farmoyish, ko‘rsatma va hokazo shaklidan foydalangan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarlikni amalga oshiradi.
Gorizontal bog‘lanishlar boshqa bo‘linmalar, tashkiliy tuzulmaning bo‘ysunish xususiyatiga ega bo‘lmagan boshqa elementlari bilan munosabatlarni aks ettiradi. Ularning asosiy maqsadi — boshqaruv qarorlarini tayyorlash va qabul qilish bo‘yicha qabul qilingan muolajaga muvofiq yondosh bo‘linmalarga axborot uzatish yo‘li bilan o‘zaro bog‘lanishlarning yanada samaraliroq bo‘lishiga yordam berishdan iborat. Bog‘lanishning ushbu kanallari bo‘yicha statistik axborotlar, tahlil qilish ma’lumotlari, hujjatlarning loyihalari, ularni qayta ishlash va tuzatishlar kiritish bo‘yicha taklif va mulohazalar uzatiladi. Ularning asosida boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish va qabul qilishga ko‘p tomonlama kompleks yondoshuv amalga oshiriladi. Gorizontal bog‘lanish kanallarining ko‘p sonli va batartib bo‘lishi tashkiliy tuzulmada kamchiliklar borligidan dalolat beradi. Gorizontal bog‘lanishlarni har doim ham to‘liq rasmiylashtirib bo‘lmaydi, shuning uchun ular, odatda, norasmiy o‘zaro bog‘lanishlar bilan to‘ldiriladi. Rasmiy bog‘lanishlar, ya’ni nizomda qayd ettirilgan bog‘lanishlar, faqat tashkiliy tuzulmaning „shaxsiyatlashtirilmagan“ elementlari o‘rtasidagi majburiy va doimiy, muntazam amalga oshiriladigan bog‘lanishlarni aks ettiradi.