BAXSHILIK SAN’ATI. Odatda baxshilikni estetikada sa’nat turiga kiritish qabul qilinmagan va xalq og’zaki adabiy ijodi sifatida badiiy adabiyotning xili deb hisoblab kelinadi. Aslida “bunday kamsitish”ning sababi o’zbek estetikasida shu paytgacha ovro’paga, to’g’rirog’i, ruslarga taqlidning nihoyatda kuchli bo’lganida. Shunday qilib, biz uni to’laqonli san’at turi deb bilamiz va buni isbotlashga harakat qilamiz.
RASSOMLIK SAN’ATI. Bu san’at turi ham qadimdan mavjud, uning dastlabki namunalarini qadimgi tosh asridagi g’orlar devoriga ishlangan rasmlarda ko’rish mumkin. Ularda asosan ov hayvonlari va inson tasviri berilgan. Keyinchalik tasvirda tabiat ko’rinishlari ham aks ettira boshlangan. Dastlab ular bir yo’lda – rangli va oq-qora rang tasvir sifatida SHarqda (Xitoy, Hindiston, musulmon mintaqasida) xattotlik, kitobat bezagi sifatida taraqqiy topgan, biz ularni hozirgi zamon tili bilan minatyuralar deb ataymiz. Miniatyuralar odatda rangli bo’lgan va ko’pincha tabiat (daraxtlar, cho’llar, butoqlar) fanidagi inson, qushlar, xayvonlar tasvirini o’z ichiga olgan holda kitobdagi mazmunning bir qismini ifodalagan, boshqacha qilib aytganda, bosma texnikasi qo’llanila boshlangunga qadar ular grafika – kitobiy rasmlar vazifasini bajargan.
MUSIQA. Agar rassomlik san’atida deylik uning manzara janridagi Levitanning mashhur “Qarag’ayzor” asari ko’z oldimizda muayyan ma’noda tugallangan rangtasvir sifatida namoyon bo’lsa, musiqa asari, m., Betxovenning “Oydin sonata”si yoki Hoji Abdulazizning “Guluzorim” kuyi ohanglar vositasida tinglash jarayonida chizilayotgan rangtasvirdir. Ya’ni rangtasvir badiiy mazmundagi markazni in’ikos ettirgan holda ibtido bilan intihonni tasavvurimizga havola qilsa, musiqada ibtido, markaz va intiho asarning o’zida mujassam bo’ladi. Shu bois rassomlik san’atini ranglar musiqasi, musiqani esa tovushlar tasviri deyish mumkin. Ayni paytda musiqa rassomlikdagi yoki badiiy adabiyotdagi aniq yo muayyan tasvirlash imkoniga ega emas, lekin u ohangdor tovush orqali inson qalbiga kuchli ta’sir ko’rsatish, uning ruhini qisqa vaqt ichida o’zgartirish qudratiga ega. Bu jihatdan unga teng keladigan san’at turi yo’q. SHu sababli musiqadagi “musiqiylik” tushunchasi barcha san’at turlari uchun yuksak mahorat ma’nosini anglatadi. M., she’riyatdagi musiqiylik, nasrdagi musiqiylik, me’morlik – qotib qolgan musiqa, ranglar musiqasi v.h.
TEATR. Insoniyat ma’naviy hayotida Teatr san’ati juda qadamdan o’z o’rnini yo’qotmay keladi. Bundan bir necha ming yillar avval qadimgi Hindiston, qadimgi Xitoy va qadimgi Yunonistonda dastlab teatr bir kishilik sahnadan iborat bo’lgan, keyinchalik ikki kishilik sahnadan, undan keyingina jamoviy san’at turiga aylangan. Ya’ni spektakl jamoaviy ijod mahsuli – rejissyor, dramaturg, aktyor va rassomning ijodiy izlanishlari natijasi o’laroq yuzaga keladi. Ayni paytda unda bir necha san’at turi omuxta tarzda namoyon bo’ladi: me’morlik, rassomlik (dekorastiya), musiqa va notiqlik san’atining hamkorligi spektaklning sahnaviy asosini, dinamik tarzda rivojlanib boradigan dramatizm esa uning badiiy – estetik mohiyatini belgilab beradi.
SIRK. Sirk eng qadimgi an’anaviy san’at turlaridan biri. U Sharqda vujudga kelgan va dorbozlik san’ati deb ham atalgan, ko’chma tomosha sifatida xalq orasida shuhrat qozongan. Unda dorda langar bilan yurishdan tashqari, dorboz havo gimnastikachisi (chig’iriqda) vazifasini ham bajargan. Pastda albatta nog’ora dorbozning harakatlariga mos ohangda yangrab turgan. Ayni paytda pastda qiziqchi, ko’zboylog’ich, akrobat (besuyak), ayiq o’ynatuvchi ishtirok etgan, ba’zan askiyadan ham foydalanilgan.
ASKIYA. Baxshilik san’atiga o’xshab, askiya ham xalq og’zaki ijodi mahsuli. U arab tilidagi «o’tkir zehnli» ma’nosini anglatadigan «zakiya» (ko’pligi – «azkiya») so’zidan olingan bo’lib, qadimgi, xalq sevgan san’at turlaridan biri. U – ikki va undan ortiq kishi tarafma-taraf bo’lib, davrada, to’g’ridan-to’g’ri, tomoshabinlar olqishi shaklidagi baholash usulida o’tkaziladigan so’z o’yini.