2- MAVZU. O‘ZBEKISTON HUDUDIDA ILK DAVLAT
BIRLASHMALARINING VUJUDGA KELISHI
Reja
1. Qadimgi Baqtriya podsholigi
2. Qadimgi Xorazm davlati
3. Qadimgi Sug‘diyona
Tayanch so‘z va iboralar.
Avesto, Baqtriya, Jarqo‘ton, Yerqo‘rg‘on,
Kuchuktepa, Qiziltepa, Xorazm va Sug‘diyona.
Hozirgi Afg‘onistonning shimoli-sharqiy, O‘zbekistonning janubi va
Tojikistonning janubi-g‘arbiyda joylashgan hududlar turli yozma
manbalarda Bahdi, Baqtrish, Baqtriyona, Baqtriya, Baxli, Baxlika,
Tuxolo kabi nomlar bilan eslatib o‘tiladi. Zamonaviy adabiyotlarda uni
Baqtriya deb atash e’tirof etilgan (“Shohnoma”da Baxtar zamin,
qadimgi turkiylarda Bahodirlar yurti). Arxeologik ma’lumotlarning
guvohlik berishicha, miloddan avvalgi II ming yillik o‘rtalariga kelib
Surxon vohasida qadimgi dehqonchilik madaniyatining jadallik bilan
rivojlanishi asosida ilk davlatchilikka o‘tish jarayoni boshlanadi. Bu
6
jarayon bosqichma-bosqich rivojlanishning o‘ziga xos xususiyat va
qonunlariga ega edi. Agar davlatchilik asosini shahar madaniyati tashkil
etilishini hisobga oladigan bo‘lsak, bu jarayon O‘zbekistonning
janubida, Baqtriya hududida milloddan avvalgi II ming yillik birinchi
yarmidayoq shaharmonand qishloq Sopollitepa misolida boshlangan edi.
A.Asqarovning fikricha, agar Sopollitepa o‘zining qadimgi shaharsozlik
madaniyatiga xos barcha alomatlari bilan protoshahar, ya’ni Avestoda
tilga olingan “vara” inshootini eslatsa, Jarqo‘ton yodgorligi O‘zbekiston
hududida birinchi bor shakllangan tom ma’nodagi shahar edi. Jarqo‘ton
qadimgi Sharq shaharlaridan tarkibiy jihatidan farq qilmaydi.
Tadqiqotchilarning
fikricha, Jarqo‘ton ko‘rinishidagi ko‘hna
shaharlarni qadimgi Sharqdagi nom-davlatlar shakllari bilan qiyoslash
uchun dalillar yetarli. Ammo Mesopatamiya nom-davlatlarining asosiy
belgilaridan bo‘lgan yozuv Jarqo‘tonda mavjudligi hozircha bahslarga
sabab bo‘lmoqda. Umuman olganda, milloddan avvalgi II ming
yillikning so‘nggi choragiga kelib qadimgi Baqtriya hududlarida
davlatchilikning nom yoki voha tipidagi siyosiy uyushmalari shakllana
boshlaganligiga ilmiy asoslar bor. Miloddan avvalgi I ming yillikning
birinchi yarmi Baqtriya hududlarida ko‘pgina tarixiy-madaniy
o‘zgarishlar bo‘lib o‘tadi. Bu o‘zgarishlar quyidagi jarayonlar bilan
bog‘liq edi:
1. Temir buyumlarning paydo bo‘lishi va keng tarqalishi.
2. Qal’alari bo‘lgan qishloqlarning paydo bo‘lishi va keyin ularning
shaharlarga aylanishi.
3. Moddiy madaniyatning sezilarli darajada o‘zgarishi.
4. Sharqiy Eron qabilalarining migratsiyasi.
Arxeologik nuqtayi nazardan, yuqoridagi davr Marg‘iyona tipidagi
Yoz I madaniyati mavjud bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Tadqiqotchilar
Yoz I madaniyati davrini milloddan avvalgi II-I ming yillik bo‘sag‘asi –
VIII-VII asrlar bilan belgilaydilar. Surxon vohasidan aynan mana shu
madaniyatga o‘xshash yodgorliklar ko‘plab ochib o‘rganilgan. Bu
davrda Baqtriyaning to‘rtta: Ulonbuloqsoy, Bo‘stonsoy, Urgul va
Xalqajar vohalari o‘zlashtirilgan bo‘lib, arxeologik tadqiqotlar
natijalariga ko‘ra Kuchuktepa, Jarqo‘ton, Bandixon va Qiziltepa
ularning markazlari edi. Yuqoridagi vohalar o‘troq ziroatkorlar va
chorvador-sastarlar harbiy boshliqlarining mulklari, markazlar esa
ularning qarorgohlari bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Miloddan avvalgi I ming yillikning birinchi yarmida Qadimgi
Baqtriya davlati tarkibiga Marg‘iyona va Sug‘diyona ham kirganligi
7
taxmin qilinadi. Bu haqda turli xil ma’lumotlar mavjud bo‘lib, qadimgi
fors podshosi Doro I Marg‘iyonada bo‘lib o‘tgan Frada boshchiligidagi
qo‘zg‘olonni (miloddan avvalgi 521-yil) bostirgani haqidagi Behistun
yozuvlarini “...mana men nimalarni qildim Baqtriyada” deb, xulosalaydi.
Doro III davrida Baqtriya va Sug‘diyona birlashtirilgan o‘lka bo‘lib,
unda Bess nomli satrap hokimlik qilgan davrda Baqtriya, Marg‘iyona
hamda Sug‘diyona aholisining urf-odatlari va madaniyati bir-biriga
ancha o‘xshash bo‘lgan. Tarixning otasi Gerodotning “Tarix” asarida
Baqtriya xalqi Misr va Bobil kabi yirik davlatlar qatorida tilga olinadi.
Yunon tarixchisi Ktesiy Knidskiy Baqtriya haqida qimmatli ma’lumotlar
beradi. Tarixchi davlatdagi ko‘plab shaharlar, mustahkam poytaxt
shahar Baqtra (Balx), Baqtriya podshosi Oksiart, uning bitmas-tuganmas
boyliklari haqida hikoya qiladi. Tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda,
Qadimgi Baqtriya podsholigi qudratliligi jihatdan qo‘shni viloyatlardan
ancha ustun bo‘lib, ular orasida alohida mavqega ega bo‘lgan.
Baqtriyaning tabiiy boyliklari undan tashqari hududda ham Old
Osiyoga qadar mashhur edi. Ayniqsa, Badaxshon lojuvardi (lazurit) va
la’li juda qadrlangan. Avestoning eski qismlarida Axuramazda yaratgan
“eng yaxshi o‘lkalar va mamlakatlar orasida to‘rtinchi bo‘lib go‘zal va
bayroqlari baland ko‘tarilgan Bahdi mamlakati” atamasi uchraydi.
Ayrim olimlarning fikricha, bu “baxtar” atamasiga mos kelsa kerak.
Baqtriya
haqidagi keyingi
qadimgi
ma’lumotlar Ahamoniylar
podsholarining mixxatlarida va bo‘rtma tasvirlarida uchraydi. Misol
uchun, Ahamoniylar podsholarining markazlaridan biri Persapol
shahridagi saroy devorlarida bo‘rtma rasmlarda baqtriyaliklar idishlar
ko‘targan va ikki o‘rkachli Baqtriya tuyalari bilan tasvirlanadi. Demak,
Baqtriya mustaqil satraplik sifatida Ahamoniylar davlatining iqtisodiy
va madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.
A.Sagdullayevning tadqiqotlariga ko‘ra, Baqtriya haqidagi turli
ma’lumotlar qadimgi yunon tarixchilari Gerodot, Ktesiy, Arrian,
Strabon, Kursiy Ruf, Diador, Pliniy kabilarning asarlarida ham mavjud
bo‘lib, ular bu podsholikning qadimiyligi va yuksak madaniyati haqida
ma’lumotlar beradi. Xususan, Ktesiy Knidskiy Ossuriya podshosi Nin
Belidning
Baqtriyaga
qilgan
yurishi,
uning
baqtriyalik
ayol
Semiramidaga uylanganligi, Baqtriya podshosi Oksiart va uning boy
xazinasi haqida ma’lumot beradi. Ktesiyning Baqtriya chegaralari
haqidagi ma’lumotlari ham qiziqarlidir. Uning xabar berishicha, g‘arb
tomondan Baqtriya tekisligiga boradigan yo‘lni tog‘lar to‘sib turadilar,
ulardan faqat dovonlar orqali o‘tib borish mumkin. Baqtriya Tanaisdan
8
Hind daryosiga cho‘zilgan bo‘lib, Tanais uni Yevropadan, Hind daryosi
esa Hindistondan ajratib turadi.
Gerodot o‘zining “Tarix” asrarida Baqtriya va baqtriyaliklarni 45
marta tilga oladi. “Baqtriya” atamasi Esxilning milloddan avvalgi V
asrda sahnaga qo‘yilgan “Fors”lar tragediyasida ham uchraydi. Yana bir
qadimgi tarixchi Strabon Baqtriyani “oriylar o‘lkasining javohiri”
sifatida ta’riflaydi. Baqtriyaning Ahamoniylar davlati tarkibiga
kirganligi haqida yozma va arxeologik ma’lumotlar nisbatan
ko‘pchilikni tashkil etadi. Arxeologiya ma’lumotlariga ko‘ra, milloddan
avvalgi I ming yillikning o‘rtalariga kelib, Amudaryodan kechuv joyida
va daryo yoqalab yo‘llar bo‘yida qal’alar (Sho‘rtepa, Talashqon, Termiz,
Xirmontepa) bunyod etiladi. Bu holatni olimlar Ahamoniylar
ma’muriyatining Baqtiriyadan Sug‘dga o‘tuvchi yo‘llarni qattiq
nazoratda tutgan bo‘lishi mumkinligi bilan izohlaydilar. Bu davrga kelib
Baqtriya aholisi joylashuvida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘lib o‘tadi.
Bronza davrida o‘troq dehqonchilik manzilgohlari, asosan, Baqtriyaning
shimoli-g‘arbida markazlashgan bo‘lsa, keyinroq bu ko‘lam kengayib
shimoli-sharqiy qismlarni ham qamrab oladi. Tog‘ oldi hududlaridagi
vohalarda aholi turmush tarzi yanada qizg‘inlashib borgan bo‘lsa,
Surxondaryo, Konfirnihon, Vaxsh, Yavansuv atroflarda yangi vohalar
o‘zlashtiriladi.
Shunday qilib, milloddan avvalgi I ming yillikning o‘rtalariga kelib
qadimgi O‘zbekistonning janubida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar bilan
bog‘liq ko‘plab o‘zgarishlar bo‘lib o‘tadi. Yuqoridagi sanab o‘tilgan
vohalarning har biri ma’lum hududiy-siyosiy birlashmani tashkil etgan
bo‘lib, o‘z nomiga, ma’muriy markazlariga, yirik shaharlariga ega
bo‘lgan bo‘lishi mumkin edi. Misol uchun, Surxondaryodagi Qiziltepa
ko‘hna shahri atrofida to‘rtburchak shaklda qurilgan qadimgi uy-
qo‘rg‘onlari (Qizilcha) 3-4 ta qo‘shni uylardan iborat bo‘lib, alohida
joylashgan qishloq jamoasini tashkil etganlar. Har bir katta oila
jamoasini ma’lum uy-joy, chorva va yerga egalik qilib, ma’lum darajada
iqtisodiy mustaqil bo‘lgan.
Qishloq jamoalarining hududiy, iqtisodiy va ijtimoiy birlashuvi,
ibtidoiy davrlarga oid urug‘-qabilaviy birlashuvdan tubdan farq qilib, ilk
davlatchilik shakllari paydo bo‘lganligidan dalolat beradi. Milloddan
avvalgi VII-VI asrlar Baqtriya jamiyatida hududiy bo‘linish shakllanib,
aholining o‘troqlashuv jarayonlari yanada kuchayadi. Ko‘hna shaharlar
qishloq xo‘jalik atroflariga ega bo‘lib, qal’alar paydo bo‘ladi, muhim
savdo yo‘llari bo‘ylarida tayanch istehkomlar barpo etiladi. Turli binolar
9
bunyod etishda mudofaa inshootlarining ahamiyati yetakchi o‘rin
egallaydi.
Dostları ilə paylaş: |