belgilaydi. Boshqacha bir ma’noda tarix buyuk faylasuf va donishmanddir. Uning mana shu dono
falsafasini to‘g‘ri anglagandagina, xalqlar o‘z kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Xristianlik falsafasi asoschisi A.Avgustian (354-430 yy.) hozirgi eramiz boshidayoq, ya’ni bundan
bir ming olti yuz yil oldin tarixning xalq va millatning taqdirida tutajak o‘rnini ko‘rsatib, shunday degan
edi: “G‘aflatda yotgan xalqni uyg‘otish uchun, avvalo, uning tarixini uyg‘ot” Qadimgi Rimda esa “Tarix -
hayotning muallimidir” degan yozuv shior sifatida shahardagi peshtoqlardan biriga yozib qo‘yilgan edi.
XIII asr Sharq tarixchisi Shahobiddin Muhammad an-Nasaviy ham bu fikrni o‘zining quyidagi to‘rtligida
yanada teran ma’noda mana bunday bayon etadi:
Kimki tutmas
qalbida tarixini,
U inson ham emas, olim ham emas.
Biroq kimki uqsa o‘tmishini,
Ko‘p boyitar o‘z turmushini.
XXI asrga rivojlanishning zamonaviy taraqqiyot yo‘li bilan kirib kelgan, boy madaniyati va bebaho
ma’naviyatiga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi o‘zining ming yilliklar qa’riga kirib borgan tarixiy o‘tmishi bilan
alohida o‘rin egallaydi. Hozirgi O‘zbekiston Respublikasi hududlarida bo‘lib o‘tgan tarixiy-madaniy
jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishlar, turli davrlarda xalq farovonligi va taraqqiyotini ko‘zlab
o‘tkazilgan ko‘plab islohotlar, shuningdek, yuksalish va inqiroz holatlari, chet el bosqinchilariga qarshi
ozodlik kurashlari yurtimizning serqirra va rang- barang tarixidan dalolat beradi. Shu bois ham bu tarix eng
qadimgi davrdan boshlab ko‘p ming yillar davomida ajdodlarimiz va xalqimiz
tarixi sifatida nafaqat
o‘zbekistonlik, balki xorij olimlari tomonidan ham tan olinib o‘rganildi, tadqiq etildi va ayni paytda ham
shu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlar izchillik bilan davom etmoqda.
O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgach, sovet davridagi tarixga munosabatdan farqli
o‘laroq o‘tmish tarixiga munosabat tubdan o‘zgardi. Haqqoniy tarixni tadqiq etish boshlanib, avvalo,
tarixni davrlashtirishdagi besh formatsiyali noilmiy “izm”lardan voz kechildi. Zero, tarix ijtimoiy-iqtisodiy
formatsiyalar almashinuvi bo‘lmasdan, balki bir-birini almashtirib va to‘ldirib turuvchi, ma’lum xalqlar va
elatlar, etnik guruhlar tomonidan yaratilgan sivilizatsiyalar hosilasi hamda zanjiri ekanligi respublika
olimlari tomonidan yakdillik bilan e’tirof etildi.
Tarixning yaratuvchisi va ijodkori xalqdir. Bo‘lib o‘tgan
tarixiy-madaniy jarayonlar, voqea va
hodisalar, islohotlarni xalqsiz va tarixiy shaxslarsiz tasavvur etish aslo mumkin emas. Tarix - xalqning fikr
hamda tafakkurining hosilasidir. Aynan shuning uchun ham tarix - ibrat maktabi bo‘lib, o‘tmishda yo‘l
qo‘yilgan nuqsonlarni anglash va ulardan tegishli saboq chiqarish, hushyorlik va ogohlikka, buzg‘unchi
g‘oyalarga qarshi turishga undovchi, milliy birlik, hamkorlik va bag‘rikenglikka chaqiruvchi beqiyos
ahamiyatli maktabdir. Shundan kelib chiqib ta’kidlash lozimki, qadim o‘tmish
bilan bugungi kunning,
o‘tmish ajdodlarimiz bilan bugungi avlodlarimiz o‘rtasidagi bog‘liqlikni unutmasdan yanada
mustahkamlash milliy taraqqiyotning asosiy kafolati hisoblanadi. Bunday bog‘lanishda esa tarix asosiy
ko‘prik vazifasini bajaradi.
Haqqoniy yozilgan Vatan tarixini o‘rganish va o‘qitish u soxta tarixiy tushuncha va tarixiy
xotirasizlikka barham beradi, milliy g‘oya va mafkuraning takomillashuvini tezlashtiradi. Xalqimiz undan
ruhiy quvvat olib, dushmanga bosh egmaslik, mustamlaka ilkiga tushmaslik, boshqalarga bo‘ysunmaslik,
begona g‘oya va mafkura hamda zug‘umlar ta’siriga berilmaslik ma’naviyatiga ega bo‘ladi. Shuning uchun
ham tarixni o‘rganish va o‘qitish zarur. Tarixni mukammal bilish, uning mazmun va mohiyati, falsafasini
teran anglash millat uchun yuksak fazilat hisoblanadi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani oldida turgan asosiy vazifa quyidagilardan iboratdir:
birinchidan, yoshlarga va bo‘lajak mutaxassis kadrlarga chuqur milliy va umuminsoniy tarixiy, g‘oyaviy-
siyosiy, ilmiy-nazariy dunyoqarashni singdirish; ikkinchidan, yoshlarda milliy tafakkur, g‘urur va o‘zlikni,
milliy vijdon va umuminsoniy barkomollikni tarbiyalash; uchinchidan, yoshlarda otashin vatanparvarlik
va
milliy jasoratni, millat va Vatanga sadoqatni rivojlantirish; to‘rtinchidan, yoshlarga milliy va tarixiy
qadriyatlami e’zozlash, asrab-avaylash ruhini singdirish, ularda yuksak axloqiy fazilatlar (halollik, poklik,
odillik, rostgo‘ylik, mehnatsevarlik, kamtarinlik, imon va e’tiqodlik)ni tarbiyalash; beshinchidan, yoshlarni
Vatan va xalq, millat, ota-ona, farzand, tabiat va jamiyat oldidagi muqaddas burchlarini chuqur his etish va
ularga sadoqatlik ruhida kamol toptirish.
2017-yildan boshlab O‘zbekiston milliy tiklanishdan - milliy yuksalish tomon yo‘l oldi. Bunda
Respublikamiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev
tomonidan ilgari surilgan, mamlakatni zamonaviy asnoda
rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar katta ahamiyat kasb
etmoqda. 2021-yil oxirlaridan bu strategiya - Taraqqiyot strategiyasi nomini oldi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani uzviy ravishda yuqoridagilar va bulardan boshqa o‘zining
xilma-xil imkoniyatlaridan kelib chiqib, komil insonni tarbiyalashga katta hissa qo‘shadi. Vatan tarixining
davlat boshqaruvi va qurilishida, jamiyat va insoniyat taraqqiyotida, millat va xalq hayotida tutgan o‘rni
hamda ahamiyati benihoya katta ekanligi qadim-qadimdan e’tirof etib kelinmoqda. Shuni alohida
ta’kidlash kerakki, tarixning bu ajoyib xislati va tarbiyaviy ahamiyati, kuch-qudratini barchamiz teran his
etishimiz va anglab yetmog‘imiz lozimdir.
Tayanch so‘zlar.
Fanning predmeti va ob’yekti, o‘quv jarayoni, O‘zbekiston, tarix,
eng yangi tarix, mustaqillik,
ijtimoiy fanlar, inson omili, millat o‘tmishi, tarixiy makon, voqea-hodisalar, inson va tabiat, tarix falsafasi,
mentalitet, metodologiya, ilmiy- nazariy asoslar, usullar, tamoyillar,
ijtimoiy zaruriyat, nazariya,
sivilizatsion yondashuv, metodologiya tamoyillari, davrlashtirish,
yordamchi fanlar, madaniy meros,
fanning ahamiyati va vazifalari.