3.3. O‘zbek xalq psixologiyasi (o‘zbek xalq og‘zaki ijodi) shaxsda konstruktiv psixologik himoya mexanizmi shakllanishining muhim manbai sifatida Tadqiqotimizning oldindan belgilangan maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun o‘zbek xalq og‘zaki ijodi va uning eng muhim sahifasi bo‘lgan o‘zbek xalq maqollari milliy psixologik va milliy madaniy muhitning in’ikosi sifatida uning chuqur mohiyatini anglash imkonini beradigan ijtimoiy – psixologik so‘rovnoma (IPS) tayyorlashimizga to‘g‘ri keldi. Ijtimoiy – psixologik so‘rovnoma birinchi galda maqollar mohiyatini o‘zbek xalqidagi o‘ziga xoslikni, uning tub psixologiyasini, ruhiy tabiatini aks ettiriadigan jihatlarni (qonuniyatlarni) aniqlashga qaratildi. Tadqiqotda qo‘llanilgan savollar hamda ularning maqsadiy yo‘nalganligi o‘zbek millatining muayyan-tarixiy tarzi va turmushidan olindiki, bular hozirgi kunda ham etnik ong, xalq an’analarining ko‘rinishida, etnik stereotiplar shaklida (maqollarda aks etgan o‘zgarmas sifatlar), o‘zbek xalqining o‘ziga xos konstruktiv (shu bilan birga distruktiv ) xulq - atvor psixologiyasida aks etishini tahlil qilishga xizmat qildi.
Bundan tashqari, millatning vakillari bilan o‘tkazgan suhbatlarimiz hamda ularning shaxsi va faoliyatini bevosita kuzatishlarimiz, shuningdek ular bilan olib borilgan savol-javoblarimiz qo‘llagan metodlarimiz yordamida erishilgan natijalarning ishonchliligini o‘ziga xos tekshirish bo‘ldi.
Tadqiqotimizda qo‘llangan va yuqorida aytib o‘tilgan metodlarga doir materiallar bizni o‘zbek millati vakili shaxsi va faoliyatidagi milliy-tipik hamda ijtimoiy-etnik omillar asosida uning xulq - atvor ifodasi va milliy qiyofasini (tasvirini) bayon qilishga olib keldi.
Shaxsning xislatlari, uning milliy qiyofasi hozirgi paytda psixik hodisalarning eng ko‘p tadqiq qilinayotgan sohalaridan biri hisoblanadi. Ijtimoiy – psixologik so‘rovnoma savollari o‘zbek xalqi yashayotgan milliy-madaniy muhitning xususiyatlari hisobga olingan holda hamda o‘zbek xalq og‘zaki ijodining nodir namunalari o‘zbek xalq maqollarining mazmun mohiyatidan kelib chiqqan holda tuzildi va ekspert psixologlar nazoratidan o‘tkazildi.
Tadqiqotimizning birinchi bosqichda o‘zbek xalq og‘zaki ijodi- milliy ongning in’ikosi ekanligi nazariy jihatdan o‘rganilib tahlil qilindi. Unda milliy ongning psixologik talqini haqidagi ilmiy qarashlar, o‘zbek xalqining milliy psixologik xususiyatlari, o‘zbek xalq og‘zaki ijodida shaxsning xulq – atvor xususiyatlari va psixologik fazilatlarining talqini yoritildi.
Ikkinchi bosqichda o‘zbek xalq og‘zaki ijodining muhim sohasi o‘zbek xalq maqollari o‘rganildi, psixologiya fanlarini o‘qitishda namuna uchun foydalanish zarur bo‘lgan maqollar to‘plandi, tizimlashtirildi va tahlil qilindi hamda psixologiya fanlarini (umumiy psixologiya, ontogeniz psixologiyasi, pedagogik psixologiya, ijtimoiy psixologiya va shaxs psixologiyasi) o‘qitishda amaliyotchi psixolog faoliyatida ulardan o‘rinli foydalanish rejalashtirildi.
Uchinchi bosqichda psixologiya fanlarini o‘qitish jarayonida va amaliyotchi psixolog faoliyatida foydalanish ko‘zda tutilgan o‘zbek xalq maqollarining quyidagicha tasnifi yaratildi va ularning mohiyati psixologik nuqtai nazardan talqin qilindi:
1. Yoshlarda yuksak insoniy sifat va fazilatlarni (konstruktiv xulqni) tarbiyalashga yo‘naltirilgan maqollar.
2. Kishilar fe’l-atvorida uchraydigan salbiy (distruktiv xulq) illatlarning zarari va oqibatlaridan ogoh etuvchi maqollar.
3. Odamlarning narsalar, hodisalar va mehnatga bo‘lgan munosabatlarini (distruktiv xulqni oldini olish va konstruktiv xulqni tarbiyalashga) tarbiyalashga xos maqollar.
4. Shaxslararo munosabatlarni meyorlashtirish, yashash va turmush farovonligini ta’minlashga (distruktiv xulq sifatlari shakllanishini oldini olish va konstruktiv xulq sifatlarini tarbiyalashga) yo‘nalgan maqollar.