Angliya parlamenti. Angliyada birinchi parlament 1265-yilda chaqiriladi. Parlament tarkibida baronlardan tashqari, ruhoniylar, har bir graflikdan ikkitadan ritsar hamda yirik shaharlardan ikkitadan vakillar to‘plangan. Parlament XIV asrdan lordlar va umumpalatalarga bo‘linadi. Lordlar palatasida qirol taklif etgan zodagonlar yepiskoplar, abbatlar majlis o‘tkazganlar. Umumpalatada esa ritsarlar va shaharliklar vakillari qatnashgan. Parlament– fransuzcha parle – «gapirmoq» so‘zidan olingan. XIV asrdan boshlab parlament soliqlar tayinlashdan tashqari, qonunlar ishlab chiqish va qabul qilishda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. Angliya yuz yillik urushlar davrida. Yuz yillik urushlarAngliya iqtisodiyotiga ham katta zarar yetkazdi. Qirol Richard II 1377-yilda mamlakatda qo‘shimcha jon solig‘Ijoriy etdi. 1380-yilda jon boshi solig‘i 3 baravarga oshirildi. Soliqni yig‘ishdagi suiiste’molliklar, nohaqliklar Angliyada xalq qo‘zg‘oloni boshlanishiga sabab bo‘ldi. Kambag‘al ruhoniylar va rohiblardan xalq voizlari yetishib chiqqan. Xalq orasida katta obro‘ga erishgan JonBoll o‘z va’zlarida «Odam Ato yer haydab, Momo Havocharx yigirgan paytda kim dvoryan bo‘lgan!» deb aytgan kinoyali so‘zlari qishloqlarda tez-tez takrorlangan. Jon Boll hamma odam teng, yer esa uni ishlayotgan kishiniki ekanligini ana shu bilan isbotlar edi. U arxiyepiskop buyrug‘i bilan qamoqqa olingan. Uot Tayler qo‘zg‘oloni. Qo‘zg‘olon 1381-yilning may oyida soliq yig‘uvchilar bedodligidan boshlanib, tez orada Angliyaning katta qismini qamrab oladi. Qo‘zg‘olonchilar tomonidan ozod etilgan Jon Boll uning rahbarlaridan biriga aylanadi. Dehqonlardan iborat qo‘zg‘olonchilar tunukasoz Uot Tayler boshchiligida poytaxtga yo‘l oladi Londonliklar qo‘zg‘olonchilarga shahar darvozalarini ochib berishadi. Qirol a’yonlari, taniqli amaldorlarning uylariga o‘t qo‘yiladi. Aybdor deb topilgan amaldorlar qatl etila boshlanadi. Yosh qirol Richard II qo‘zg‘olonchilar bilan muzokaralar boshlashga majbur bo‘ladi. Uchrashuvda qabul qilingan «Mayl End» dasturiga binoan: dehqonlarning qaramligini bekor qilish, erkin savdoga ruxsat berish, yer solig‘ini kamaytirishga rozilik beriladi. Qirol bilan uchrashuvdan so‘ng qo‘zg‘olonchilarning o‘ziga to‘q qismi uylariga tarqalishadi. Lekin qo‘zg‘olonchilarning kambag‘al qismi bunga qoniqmay Londonda qoladi va qirol bilan yana uchrashish uchun Smitfildga boradilar. Yangi ishlab chiqilgan dasturda feodallar tortib olgan yaylov va o‘rmonlarni qaytarish, ibodatxona yerlarini musodara qilib dehqonlarga bo‘lib berish, aholini teng huquqli bo‘lishini ta’minlash kabi talablar bor edi. Uchrashuv paytida qirol a’yonlaridan biri bilan janjallashib qolgan Uot Tayler to‘qnashuvda yaralanib halok bo‘ladi. Sarosimada qolgan dehqonlarni, ularning barcha talablari bajarilishi va’da qilinib, shaharni tark etishga ko‘ndiradilar. Lekin qo‘zg‘olonchilar izidan yuborilgan qo‘shin ulardan ayovsiz o‘ch oladi. Qo‘zg‘olon mag‘lubiyatga uchrasa-da, uning ta’sirida Angliyada dehqonlarning mehnat majburiyatlaridan voz kechiladi. XV asr davomida qaram dehqonlar to‘lov evaziga ozodlikka erishadi. Soliqlar tartibga solinadi.