X BOB. JINOYATDA ISHTIROKCHILIK 1-§. Jinoyatda ishtirokchilik tushunchasi Ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlar o‘z huquqiy xususiyatlariga
ega bo‘lib, bu ularni mustaqil jinoyat-huquqiy institutga ajratish imkonini
beradi.
NOTA BENE ! Ikki yoki undan ortiq shaxsning qasddan jinoyat sodir etishda
birgalashib qatnashishi jinoyatda
ishtirokchilik deb topiladi
(JK 27- moddasi). Ishtirokchilikda sodir etiladigan jinoyatlarning yuqori ijtimoiy xavfi
shu bilan shartlanadiki, bunday holatlarda jinoiy-huquqiy muhofaza
obyektlariga sezilarli katta zarar yetkaziladi, jinoiy faoliyat yanada
mustahkamroq berkitiladi, bu esa huquq muhofazasi idoralarining uni o‘z
vaqtida fosh etish va oldini olish bo‘yicha ishini qiyinlashtiradi.
Mazkur shart-sharoit alohida tasniflangan jinoyatlar tarkiblarini
konstruksiyalashda ko‘pincha hisobga olinadi. Masalan, shaxslar guruhi
tomonidan yoki uyushgan guruh tomonidan yoki uyushgan guruh a’zosi
tomonidan uning manfaatlarida sodir etilgan qasddan qotillik (JK 97-
moddasi 2-qismi «p» bandi).
Jinoyatning u yoki boshqa tarkibini kvalifikatsiya qilishda nafaqat
uning sodir etilishida shaxsning birgalikdagi ishtirokiga, balki
ishtirokchilikning muayyan alomatlari va turlariga ham e’tibor qaratish
zarur, bu esa adolat, qonuniylik prinsiplari amalga oshirilishining
kafolatidir. Agar ishtirokchilar harakatlarida JK Maxsus qismi moddasida
tasvirlangan u yoki bu jinoyatning kvalifikatsiyalovchi alomatlari bo‘lsa
(masalan, shaxslar guruhi, uyushgan guruh va hokazolar tomonidan jinoyat
sodir etilishi), u holda sodir etilgan qilmishni ishtirokchilikning u yoki bu
turini tavsiflovchi muayyan alomatlaridan kelib chiqqan holda Maxsus
qismning tegishli moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilish lozim.
289
Ishtirokchilik tushunchasining JK Umumiy qismi instituti sifatidagi
ta’biri yetarlicha kengdir. Ishtirokchilik jinoiy faoliyatning maxsus shakli
sifatida qator obyektiv va subyekt alomatlari bilan tavsiflanadi.