Bir havola bo‘lakli o‘lchov-daraja ergash gapli qoshma gaplar. O‘lchov-daraja ergash gapli qo‘shma gaplar havola bo‘laklarning ishtirokiga ko‘ra 2 xil bo‘ladi:
1)Bir havola bo‘lakli gaplar
2) Ikki havola bo‘lakli gaplar
Bir havola bo‘lakli o‘lchov-daraja ergash gapli qo‘shma gaplarda faqat bosh gap tarkibida havola bo‘lak qo‘llanadi. Havola bo‘lak vazifasida kelgan shunday, shu darajada, shu qadar, shunchalik kabi havola so‘zlar mavjud bo‘ladi, bu so‘zlar ba’zan o‘lchov-daraja holi sifatida bir o‘zi, ba’zan birikma tarkibida kelishi mumkin. Bu havola bo‘lak ergash gapni bosh gapga olib kiruvchi, ergash gapning bosh gapdagi “o‘rinbosari” sifatida muhimdir. Ergash gapdagi denotativ voqea bosh gapdagi denotativ voqeadagi harakatning bajarilish darajasini ko‘rsatuvchi uzv sifatida ayni asosiy voqea bilan aloqalanadi. Masalan, O‘shanda shu qadar o‘lgim kelganki, buni so‘z bilan tasvirlab bo‘lmaydi (N. Qobul). Bir yilda kabinetini shu darajada o‘zgartirib yuboribdiki, ko‘rsangiz tarix muzeyi deysiz (A. Ko‘chimov). Hali onaxonning bilmaganlari shu qadar ko‘p ediki, so‘rab oxiriga yetolmasday ko‘rindi (A. Muxtor).
Bu turda bosh gap mazmunan erkin bo‘lolmaydi, ergash gap esa bo‘lishi mumkin.
O‘lchov-daraja ergash gapli qo‘shma gaplarda shakliy-mazmuniy nomuvofiqlik deyarli kuzatilmaydi. Chunki bunday qo‘shma gaplarda ifodalangan har bir denotativ voqea gap sintaktik strukturasiga muvofiq bo‘ladi. Bir havola bo‘lakli natija ergash gapli qo‘shma gaplar. Bunday tuzilishdagi qo‘shma gaplarda natija munosabati shakllanadi. Bu mazmuniy munosabat bir voqelik natijasi sifatida ikkinchi gapda aks etadi. Ya’ni ergash gapdagi harakat bosh gapdagi harakatning natijasi sifatida yuzaga chiqadi. Masalan, “Sen rais Torani bir o‘ray-bir o‘rayki, qaysi teshikka kirganini bilmay qolsin” (Abdulla Qahhor) gapida “Sen rais To‘rani bir o‘ray-bir o‘rayki” gapi ergash gap, “qaysi teshikka kirganini bilmay qolsin” gapi bosh gap. Bosh gapda aks etgan voqelik ergash gapda ifodalangan voqelik asosida yuzaga chiqishi mo‘ljallangan natijani anglatadi. Anglashiladiki, natija ergash gapli qo‘shma gaplardagi fikr mo‘ljallangan yoki real xarakterda bo‘ladi. Mana shu belgi asosida natija ergash gapli qo‘shma gaplarning mazmuniy xususiyatlarini M. Asqarova quyidagicha belgilaydi: