natija ergash gapdagi fikr mo‘ljallangan va taxmin qilingan bo‘ladi26.
Natija ergash gapli qo‘shma gaplarda bir voqea (natija) ikkinchi voqea sababli yuzaga keladi, shunga ko‘ra bunday gaplar “sabab-natija” munosabatiga asoslanadi. Bu xususiyat natija ergash gapli qo‘shma gaplarni “Shartlanganlik munosabatini ifodalovchi ergash gapli qo‘shma gaplar” paradigmasiga birlashtiradi. Natija ergash gapli qo‘shma gap qismlari –ki bog’lovchisi yordamida birikadi. Masalan, U eshikni shunday qattiq taqillatdiki, uydagilarning hammasini uyg’otib yubordi. (Abdulla Qahhor)
Natija ergash gapli qo‘shma gaplarda natija munosabatini kuchaytirish, alohida ta’kidlash maqsadida natijada, oqibatda so‘zlari qo‘llanadi. Masalan, Zambarakning gumburlashidan haybatli bir guvillash hosil bo‘ldiki, natijada bu yerda alohida to‘pning ovozi butkul eshitilmay qoldi (Abdulla Qahhor).
Natija ergash gapli qo‘shma gaplarning bosh gapi tarkibida qo‘llangan shunday, shu darajada, shunaqa, shunaqangi, shunchalik, shuncha, shu qadar, chunonam, nisbiy so‘zlari havola bo‘lak vazifasini bajaradi. Shunga ko‘ra bunday
gaplar bir havola bo‘lakli gaplar hisoblanadi. Masalan, Qonga, yaraga, ingrashlarga shunday odatlangan edilarki, ularni hech narsa taajjublantirmasdi (Oybek). Shuni aytish kerakki, bosh gapdagi harakat atay ergash gapdagi harakatni amalga oshirish uchun qilinmaydi, balki ergash gapdagi harakat bosh gapdagi harakatning natijasi sifatida o‘z-o‘zidan kelib chiqadi. Masalan, Yigitlar … uni shunchalik izzat qilar ediki, Asqar ota bu juvonning oddiy traktorchigina ekaniga shubhalanib qoldi (Abdulla Qahhor). Biroq dehqonlar o‘rtasida mehnat taqsimlash shunday o‘zgardiki, har ikki tomon bir-birovlari kamsitmay boshladilar (G’afur G’ulom). Malik muallim Suyarqulning qulog’ini shunday buradiki, bolaning ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqib ketdi (A. Ko‘chimov).
Aytish kerakki, bunday qo‘shma gaplarning bosh gapi tarkibida deyarli, hamisha, shunday, shunaqa, chunonam kabi so‘zlar bo‘ladi va ular bosh gapdagi voqeaning natijasi borligiga, ya’ni ergash gapga ishora qilib turadi, shuning uchun ularni havola bo‘laklar deyish mumkin. Natija ergash gapli qo‘shma gaplar, demak, bir havola bo‘lakli gaplardir, bu bo‘laklar bosh gapda, asosan, hol o‘rnida keladi. Ana shu bo‘lakka ko‘ra bosh mazmuni erkin bo‘lolmaydi, ergash gap esa erkin bo‘la oladi.
Natija ergash gapli qo‘shma gaplarda voqealarning mazmuniy xususiyatlari asosan ikki xil bo‘ladi. M. A. Asqarova tog’ri ko‘rsatganidek, 1) natija ergash gapdagi fikr real bo‘ladi; 2) natija ergash gapdagi fikr mo‘ljallangan va taxmin qilingan bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, natija ergash gapli qo‘shma gaplarda ba’zan real voqealar o‘rtasidagi ba’zan esa irreal voqealar o‘rtasidagi munosabat ifodalanadi. Yuqoridagi keltirilgan gaplarda real voqealar o‘rtasidagi munosabat ifodalangan. Agar irreal voqealar o‘rtasidagi natija munosabati ifodalanadigan bo‘lsa, ergash va bosh gaplarning kesimi buyruq-istak maylidagi fe’ldan iborat bo‘ladi, ba’zan bosh gapning kesimi kerak, zarur kabi so‘zlar ishtirok etgan birikmadan iborat bo‘lishi ham mumkin. Masalan, Shunday tasvirlab bersinki, o‘quvchi bu odamning yaxshi yoki yomonligini shu ovqat yeb o‘tirishdan bilib olsin (F. Musajonov). Bir ish qilaylikki, o‘z oyog’i bilan kelsin (Shukur Xolmirzayev).
… Biz chorvachilikda ishni shu qadar ongli va davr talabi darajasida tashkil etishimiz kerakki, yoshlar eng yaxshi zavodlarga oqib borgandek unga ishlatilsin (N. Qobul).
Natija ergash gapli qo‘shma gaplardagi mazmuniy munosabat ham subyektiv murakkablashishi mumkin. Bu natija ma’nosini ta’kidlash, ergash gapdagi voqeani kelib chiqishi mumkin bo‘lgan bir necha natijadan biri – eng kichigi ekanligini ko‘rsatish ma’nosi kabilar hisobiga bo‘ladi. Birinchi ma’no nozikligi oqibatda, natijada kabi so‘zlar vositasida ifodalanadi: Keyingi vaqtlarda u shunday tadbirlar qo‘lladiki, oqibatda Malosh Zoltan bilan Zufar bir-birlarini ko‘ra olmadi (O. Yusupov). Yozuvchi ana shunday bir voqeani shunday favqulodda mahorat bilan tasvirlaganki, natijada kitobxon insonning hayotga muhabbati benihoya qudratli kuch ekanini his qiladi (Abdulla Qahhor). Keyingi ma’no nozikligi hatto so‘zi bilan ta’kidlanadi. Kecha shu qadar jimjitki, hatto keksa qayrag’ochda mudragan chumchuqning iniga sig’may tipirchilagani ham eshitiladi (Said Ahmad). Men uning og’zini shunday mahkamlab qo‘yamanki, hatto ichidagi sirini soyasiga ham aytmaydigann bo‘ladi (O. Yusupov). Voqealarning tabiati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, baribir ular denotativdir. Shuning uchun ham natija ergash gapli qo‘shma gaplarda asosiy hollarda mazmuniy-sintaktik nomuvofiqlik yuzaga kelmaydi.