Ikki havola bo‘lakli to‘ldiruvchi ergash gapli qo‘shma gaplar. Ikki havola bo‘lakli to‘ldiruvchi ergash gapli qo‘shma gaplarda nimani – shuni, kimni – o‘shani, uni tarzidagi havola bo‘laklar qo‘llanadi. Masalan:
"Ota nimani talab qilsa, shuni bajarib yurdi” (Abdulla Qahhor).
Gapida ikki denotativ voqea ifodalangan. Qo‘shma gapning mazmuni ana shu ikki denotativ voqea o‘rtasidagi munosabatdan iborat bo‘ladi. Ayrim hollarda bosh gapda havola bo‘lak ifodalanmasligi mumkin:
Nimadan og’iz ochilsa, to (shuni) bilmaguncha qo‘ymaydi (Abdulla Qahhor).
Ba’zan to‘ldiruvchi ergash gapdagi havola bo‘lak ega, bosh gapdagi havola bo‘lak esa to‘ldiruvchi vazifasida kelishi mumkin. Masalan:
Kimki bo‘lsa dilozor, undan el-u yurt bezor (Maqol).
Nutqda ba’zan bunday ergash gapli qo‘shma gaplarning bosh gaplari tarkibidagi to‘ldiruvchi vazifasidagi havola bo‘lak shaklan ifodalanmasligi ham mumkin. Ammo bu mazmuniy munosabatlarning to‘liq ifodalanaverishiga to‘sqinlik qilmaydi. Buni quyidagi misollarda ko‘rishimiz mumkin.
Nimani bersangiz, shunga roziman (N. Qobul).
Ularning dadalari nima deyishsa, o‘shani olib berishadi. (Said Ahmad).
Yuqorida ko‘rib o‘tilgan misollarda havola bo‘laklar o‘rtasida moziylik bor, havola bo‘lakning har ikkalasi ham to‘ldiruvchi sintaktik o‘rnini egallagan. Xullas, ikki havola bo‘lakli to‘ldiruvchi ergash gapli qo‘shma gaplarda esa har ikki qism ham biri ikkinchisisiz mazmunga ega bo‘lolmaydi.
Ikki havola bo‘lakli aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplar. Aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplarning ikki havola bo‘lakli turida kimning – uning, kim – u, qanday – shunday, qaysi – o‘sha tarzidagi qarshilantirilgan havola bo‘laklar mavjud bo‘ladi. Bunday gaplardan ham ikki denotativ voqea ifodalanadi va ular o‘rtasidagi aloqa juda zich bo‘ladi, chunki bunday gaplarda ham mazmunan, ham shaklan o‘zaro tobelanish mavjud. Masalan, Kimning quroli bilim bo‘lsa, uning kelajagi porloq (J. Abdullaaxonov).
Xalq qaysi yo‘ldan yursa, sen ham shu yo‘ldan yur (Oybek).
Kim unga kattaroq va’da bersa, o‘shaning orqasidan ketaveradi (O. Yusupov).
Nihoyat shuni aytish kerakki, aniqlovchi ergash gapli qo‘shma gaplarning birinchi turida bosh gap avtosemantik bo‘la oladi, ergash gap esa hamisha sinsemantik, ikkinchi turida esa har ikkala gap ham sinsemantikdir.