Sahnalashtirilgan o‘yinlar bolalar biror ertak yoki hikoya syujeti asosida ma’lum bir rolni bajarishiga, o‘yin jarayonidagi personajlarning aytadigan so‘zlarining yod olinishiga asoslangan bo‘lib, bolalarda iroda, intizom, o‘z harakatlarini boshqalarning harakatiga muvofiq amalga oshirish kabi sifatlarni tarbiyalashda samarali vosita sanaladi. Sahnalashtirilgan o‘yinlarni tashkil etish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga qamrab oladi:
I bosqich. Sahnalashtirish uchun badiiy asarni tanlash. Badiiy asarni tanlashda quyidagi talablarga rioya qilish kerak:
1) ertak yoki hikoyada qatnashuvchilar soni ko‘p bo‘lishi kerak;
2) asarning nafaqat mazmuni, balki unda harakatlarning ham turfa xil bo‘lishiga e’tibor qaratish lozim;
3) asar ifodali o‘qishga mos bo‘lishi kerak;
4) asar mazmuni qiziqarli va emotsional bo‘lishi zarur;
5) asar bolalarning yoshiga mos kelishi lozim.
II bosqich. Sahnalashtirish uchun tanlangan ertak yoki hikoyaning mazmunini o‘qib berish.
III bosqich. Asarni bolalar tomonidan eslab qolinishiga erishish: qayta o‘qib berish, har bir bolaning aytadigan gaplari ustida individual ish olib borish, rasmlar namoyish etish.
IV bosqich. O‘yin qiziqarli o‘tishi va uzoq davom etishi uchun o‘yinga kerakli materiallar, kiyimlar tayyorlash hamda rahbarlikni to‘g‘ri amalga oshirish.
Sahnalashtirilgan o‘yinlar bolalarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda oddiydan murakkabga qarab yo‘naltirib borilishi maqsadga muvofiq. M: o‘rta guruh uchun asosan harakatni aks ettiruvchi asarlar tanlansa, katta guruh bolalari uchun esa asar qahramonlarining ancha murakkab munosabatlari, ularning kechinmalari, qayg‘ulari aks ettirilgan asarlar tanlanadi.
Bolalarning qurilish, buyum yasash o‘yinlari rollarga bo‘linib o‘ynaydigan o‘yinning tarkibiy qismidir. Biror narsani qurish bolalarni o‘z fikrlarini ro‘yobga chiqarish usulidir. Qurilish materiallari bilan o‘tkaziladigan o‘yinlarda bolalarning texnikaga qiziqishi ortadi, kuzatuvchanligi rivojlanadi, ular geometrik jismlarning eng oddiy xususiyatlari bilan tanishadilar.
Qurilish materiallari bilan bog‘liq o‘yinlarni o‘tkazishda quyidagi jihatlarni hisobga olish lozim:
1) qurilish materiallari butun guruh bolalarining bir paytda o‘ynashlari uchun yetarli bo‘lishi lozim;
2) guruh xonasida qurilish materiallarini saqlaydigan, uni quradigan va bir necha kungacha saqlab qo‘yishning iloji bo‘lgan joy bo‘lishi kerak;
3) qurilish materiallari uchun har bir detalga alohida xonachalari bo‘lgan g‘ildirakli shkaf bo‘lishi, uni bolalar istagan tomonlariga sudrab olib yurishlariga imkon yaratilishi kerak;
4) qurilish materiallari saqlanadigan burchakda mayda o‘yinchoqlar, o‘yinchoqli odamlar, qushchalar, hayvonlar, transport bo‘lishi mumkin;
5) bolalarning o‘zlari o‘yinchoq yasashlari uchun har doim kerakli material bo‘lishi zarur;
6) bolalarga qurilish usullarini o‘rgatish lozim;
7) qurilish materiallaridan ishlangan buyumlarni bir necha kungacha, hatto undan ko‘proq muddat saqlash kerak.
Qurish-yasashga doir o‘yinlar uchun qum, suv, qor kabilar asosiy vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Qum bolalarning yozda o‘ynashlari uchun yaxshi material. Har bir guruhda ikkitadan qum yashigi bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Shunda hamma bolalar o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Qum bolalarning o‘ynashlari uchun eng qulay o‘yin vositasi bo‘lib hisoblanadi. Qum maxsus yashiklarda nam holatda saqlanadi.
Qumni saqlashga muayyan gigiyenik talablar qo‘yiladi. Ular:
a) qum turli xil tosh, shishalardan tozalangan bo‘lishi;
b) qum faqat namroq holda saqlanishi;
d) bolalarning salomatligiga xavf solmasligi kerak.
Kichik yoshdagi bolalarni qum bilan o‘ynashlari uchun bayroqchalar, o‘yinchoqlar tayyorlab qo‘yilishi kerak.
Suv bilan o‘ynaladigan o‘yinlar bilan kichik yoshdan boshlab shug‘ullanish mumkin. Suvda qo‘g‘irchoqni cho‘miltirish, o‘yinchoqlar bilan o‘ynash, katta yoshdagi bolalar esa suvda cho‘milishlari mumkin.
Qor bilan o‘ynaladigan o‘yinlar bolalarda quvnoq kayfiyatni uyg‘otadi. Buning uchun yog‘och belkurakcha, qorni tashish uchun quticha ortilgan chana bo‘lishi shart. Kattalar yordamida qor uyumlaridan turli shakllar, qorbobo, qorqiz, hayvonlarning qiyofasini yasaydilar.