“Ilk qadam”davlat o’quv dasturi asosida maktabgacha ta’lim tashk-fayllar.org (1)
Didaktik o‘yinlar – o‘rganilayotgan ob’ekt, hodisa, jarayonlarni modellashtirish asosida o‘quvchilarning bilishga bo‘lgan qiziqishlari, faolliklarini oshiradigan o‘quv faoliyati turi hisoblanadi. Bu kabi o‘yinlar tarbiyalanuvchilar tomonidan ijtimoiy-foydali mehnat va o‘qish ko‘nikmalarini faol o‘zlashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ularning ahamiyati natijalar bilan emas, balki jarayonning mazmuni va kechishi bilan belgilanadi; bu kabi o‘yinlar bolalarni ijtimoiy munosabatlar jarayonida faol ishtirok etishga tayyorlaydi, ulardagi turli psixologik zo‘riqishlarni kamaytiradi.
Mazmuniga ko‘ra didaktik o‘yinlar ta’limiy o‘yin sifatida MTT tarbiyalanuvchilarining yosh xususiyatlariga mos keladigan o‘yinlar sirasiga kiradi. Didaktik o‘yinlarning muhim belgisi undagi qoidalarning mavjudligidir. O‘yinda o‘yin niyati, o‘yin qoidalari, o‘yin harakatlari o‘rtasida uzviy aloqa mavjud. O‘yin niyati o‘yin harakatlarining tabiatini belgilaydi. O‘yin qoidasi esa, o‘yin harakatlarini, vazifasini hal yetishga va o‘yindagi harakatlarni amalga oshirishga yordam beradi.
Didaktik o‘yinlar orqali bolalarga yangi bilimlar, tushunchalar berib boriladi. Bu o‘yinlarda bolaning har tomonlama rivojlanishi, bilim jarayoni, sensor madaniyati, nutq faoliyati, aqliy qobiliyatlari takomillashadi. O‘yin qoidasiga rioya qilish, unga amal qilish o‘yin mazmunini boyitadi.
Didaktik o‘yinlarda tabiiy narsa va buyumlardan keng foydalaniladi. Bolaning kun tartibida didaktik o‘yin uchun vaqt va joy ajratilishi kerak. Bunday o‘yinlar mashg‘ulot jarayonida va o‘yindan tashqari vaqtlarda guruh yoki yakka-yakka o‘tkaziladi. Bunda o‘yin mazmuni va natijasi puxta aniqlanadi.
Didaktik o‘yinlar jarayonida quyidagi qoidalarga amal qilinishi kerak:
1) navbatma-navbat ta’sir etish;
2) so‘ralganda javob berish;
3) o‘rtoqlari fikrini eshita olish;
4) o‘yin jarayonida boshqalarga halaqit bermaslik;
5) o‘yin qoidasini bajarish;
6) o‘z xatosini tan olish.
Didaktik o‘yinlarda bolalarning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olish lozim. O‘yinda o‘yin sur’ati va ritmi katta rol o‘ynaydi, juda sekin va bir tekisdagi temp bolani ko‘p kuttiradi, juda tez temp esa bolalarni hayajonga soladi, turli bahs-munozaralarga olib keladi. Kattalar tomonidan o‘yin ishtirokchilarini to‘g‘ri baholash muhim ahamiyatga ega.
Didaktik o‘yinlarning quyidagi turlari mavjud: