MTTDA MEHNATNI TASHKIL ETISH SHAKLLARI aktabgacha yoshdagi bolalar mehnatini tashkil etishga qaratilgan pedagogik faoliyat muayyan shakllarda tashkil etiladi. Ular:
Topshiriq – maktabgacha yoshdagi bolalar mehnatini tashkil etishning boshlang‘ich shakli hisoblanib, barcha yosh guruhlarida qo‘llash imkoniyatini beradi.
Ilk va kichik yosh guruhlarida bolalarga uncha murakkab bo‘lmagan va qisqa muddatli topshiriqlar beriladi: “O‘yinchoqni, kitobni, stulni olib kel! Joyiga olib borib qo‘y! Tushki ovqat uchun stol ustiga qoshiqlarni qo‘yib chiq!”.
O‘rta va katta guruhdagi bolalarga beriladigan topshiriqlar ancha murakkab bo‘lib, ular endi xonadan tashqarida bajarishga mo‘ljallangan va ma’lum bir kishiga murojaat qilish bilan bog‘langan. Shuningdek, topshiriqlar (o‘yinchoqlarni yig‘ishtirish, gullarga suv qo‘yish, to‘kilgan barglarni terib, tegishli joyga olib borib tashlash) ikki-uch boladan tashkil topgan kichik guruhlar tomonidan bajarilishi mumkin.
Maktabga tayrlov guruhida beriladigan topshiriqlar yana ham murakkablashadi. Bunday topshiriqlar boladan alohida mas’uliyatni va boshqalarga g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lishni tarkib toptirish bilan bog‘liq bo‘ladi: kichik guruh bolalarini sayrga chiqishdan oldin, uyqudan keyin kiyinishiga yordam berish, ularning stolini tushlik ovqatga tayyorlab berish, enaga toza sochiqlarni osish, toza choyshablarni olib kelishga yordamlash va boshqalar.
Navbatchilik – jamoa uchun mo‘ljallangan mehnat faoliyatining shakli bo‘lib, u majburiy tartibda bajariladi. Bolalarning navbatchiligi kichik guruhda yil oxiridan boshlanadi.
Barcha bolalarning mehnatda doimiy ishtirok etishlarini ta’minlash uchun navbatchilikning xilma-xil turlari uyushtiriladi: oshxonada (hamma yosh guruhlarida), mashg‘ulotga tayyorlanishda (o‘rta guruhdan boshlab), o‘simlik va hayvonlarni parvarish qilishda (katta va maktabga tayyorlov guruhlarida).
Kichik guruh bolalari oshxonada navbatchilik qiladilar. Birdaniga to‘rt-besh bola navbatchilik qilishi mumkin, har bir bola bir-ikki stolni bezatadi. Katta va tayyorlov guruhlarida bolalarning vazifalari kengyada. Nonushta va tushlik ovqatga, kech tushki va kechki ovqatga dasturxon tuzatish, ovqatlanib bo‘lingandan so‘ng idish-tovoqni ovqat tarqatiladigan stolga yig‘ishtirish, stollar ustini yig‘ishtirib olish, enagaga choy idishlarini yuvishda yordam berish shular jumlasidandir. Bu yoshdagi bolalar ikki nafardan navbatchilik qilishadi, ammo har bir bolaning ish hajmlari ortadi.
Mashg‘ulotga tayyorgarlik bo‘yicha navbatchilik o‘rta guruhda – bolalar oshxonada navbatchilik qilishni bilib olganlaridan so‘ng kiritiladi. Bu navbatchilar stol va stullarni, mashg‘ulotga kerakli materiallarni, qo‘llanmalarni mashg‘ulotga tayyorlaydilar va xonani tartibga keltiradilar.
Katta guruhdan boshlab bolalar tabiat burchagida navbatchilik qila boshlaydilar. Navbatchilikning bu turi ham ta’limiy, ham tarbiyaviy ahamiyatga ega. Navbatchilikning bu turida ham bolalar ikkitadan tayinlanadi: biri o‘simliklarni parvarish qilsa, ikkinchisi jonivorlarga qaraydi. Ulardan qaysi biri bo‘sh qolsa, ikkinchisiga yordam beradi.
Bolalarning mehnat tarbiyasini tashkil etish shakllaridan yana biri qo‘l mehnati bo‘yicha mashg‘ulotdir. Bilim va malaka birinchi marta berilayotgan bo‘lsa va u tushuntirish hamda barcha bolalarga yaqqol, ko‘rgazmali qilib ko‘rsatishni talab etgan hollarda ana shunday mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Bolalarni mehnat tarbiyasini tashkil etishning topshiriq, navbatchilik kabilarga qaraganda yana bir nisbatan murakkab shakli – bolalarning umumiy, birgalikdagi, jamoaviy mehnatini tashkil etishdir. Umumiy, birgalikdagi va ayniqsa, jamoaviy mehnat bolalarda o‘z harakatlarini boshqalarniki bilan uyg‘unlashtirish, bir-biriga yordam berishni tarkib toptirish uchun ijobiy shart-sharoit yaratadi, ishni bir xil sur’atda bajarishni ta’minlaydi.
Umumiy, birgalikdagi, jamoaviy mehnat bolalar faoliyatining ijtimoiy yo‘naltirilgan maqsadini birlashtiradi. Bunday mehnat natijasi hamma uchun foydali bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Xonani, MTT maydonchasini tartibga keltirish, guruh xonasini bayramga bezatish kabilar bolalarning hammasini mehnat jarayonida ishtirok etishlarini talab etadi.
Umumiy mehnat qo‘yilgan maqsad bilan bog‘liqlikda bolalarning mehnat faoliyatini tashkil etishda har bir bola ishning ma’lum bir qismini bajarishlariga asoslaniladi. M: tarbiyachi bolalardan guruh xonasini tartibga keltirishni so‘raydi va ularga topshiriqlarni taqsimlab beradi: Alisher va Elyor qurilish materiallarini qutiga joylaydi; Shahnoza va Maftuna qo‘g‘irchoqqa toza kiyimlarini kiydiradi; biz Sora va Behro‘z bilan birgalikda stolni ustini tozalaymiz.
Birgalikdagi mehnat bolalarning bir xil sur’at va sifatdagi o‘zaro harakatini talab etadi. Bunday mehnat turini tashkil etishda bolalarni alohida zvenolarga birlashtirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, har bir zvenoga berilgan topshiqlar ham bolalar o‘rtasida taqsimlanadi: bolalardan biri o‘yinchoq-larni javondan olib, polga qo‘yadi, boshqasi javonni changdan tozalaydi, uchinchisi esa, o‘yinchoqlarni qaytadan javonga taxlaydi.
Jamoaviy mehnat bolalarda mehnatga doir hamda axloqiy vazifalarni hal etishga imkon beradi: mehnatga doir topshiriqni taqsimlash, tasodifiy zaruriyat bilan bog‘liqlikda bir-birlariga yordam beradi, umumiy, birgalikdagi ishning sifati uchun intilishadi. Bolalar mehnat faoliyatining jamoaviy shakli jamoaviy o‘zaro munosabatlarni maqsadga yo‘naltirilgan tarzda tarbiyalashga imkon beradi. Har qanday umumiy yoki birgalikdagi mehnat jamoaviy tavsifga ega bo‘lmasligi mumkin, biroq har qanday jamoaviy ish umumiy va birgalikdagi mehnatni o‘zida aks ettiradi.
B