Yirtqich hayvon-(Carnivora) sut emizuvchilarning bir turkumi. Ularning kattaligi har xil. Tanasining uzunli 20 sm dan 3 m gacha (oq ayiq) bo`ladi. Ogʻirligi 0,1—700 kg . Bu turkumga, asosan, yirtqich hayvonlar kiradi. Qoziq tishi katta, oziq tishlari oʻtkir, kurak tishlari kichik bo`ladi. Yirtqichlarning tirnoqlari oʻtkir bo`ladi. Baʼzilarining tirnoqlari ichkariga botib kirgan. Koʻrish, eshitish va hidlash a`zolari yaxshi rivojlangan. Oʻzbekistonda yirtqich hayvonlarning 25 tacha turi uchraydi. Yirtqichlar zararkunanda kemiruvchilar sonini kamaytirib, tabiatda kasal va nimjon xayvonlar sonini kamaytirishi bilan katta ahamiyatga ega.
Yirtqich qush-(Falconiformes) — qushlarning bir turkumi. Tanasi yirik yoki oʻrtacha kattalikda bo`ladi, eng mayda vakili—karlik lochin bo`lib, qanotining uzunligi 9—10 sm ga teng. Eng yirik amerika tasqarasining qanoti esa 115 sm, yoyilganida 2,5–3 m, vazni 8–12 kg keladi. Tumshugʻi kuchli rivojlangan, uchki qismi ilmoqqa oʻxshash egilgan boʻlib, oʻljasi terisini yirtish va etini uzib olishga moslashgan. Oyoqlari oʻrtacha uzunlikda, panjalari kuchli rivojlangan, tirnoqlari oʻtkir, ilmoqsimon egilgan. Tirnoqlari yordamida chang solib oʻljasini oʻldiradi va uni ushlab turadi. Yirtqich qushlarning tumshugʻi asosidagi terisi patsiz, ochiq rangli boʻlib, tanasining boshqa qismidan ajralib turadi. Patlari tigʻiz boʻlishi, koʻzlari boshining 2 yonida joylashganligi bilan yapaloqqushlardan farq qiladi. Jigʻildoni juda keng , tana vaznining deyarli yarmiga teng keladigan oziqni sigʻdiradi. Tuxumdan chiqqan joʻjasining koʻzi ochiq, tanasi pat bilan qoplangan boʻlsa ham uyada uzoq vaqt yashaydi. Koʻpchilik yirtqich qushlarning nari va modasi bir xil rangda, koʻpincha nari modasiga nisbatan kichikroq yoki bir xil kattalikda (amerika kondorining nari yirikroq) boʻladi. Kunduzi hayot kechiradi. Yirtqich qushlar Yer yuzida keng tarqalgan va ular ancha uzoq yashaydi. Tutqinlikda lochin 55, burgut 46, tasqara 69, qirgʻiy 25 yil yashagan. Yilda bir marta, baʼzan 2 marta koʻpayadi. Daraxtlar shoxi, kavagi, qoyalar va yerga uya quradi yoki boshqa qushlar uyasini egallaydi. Odatda, oʻsha juftning oʻzi har yili bir joyning oʻziga uya qurib, bola ochadi. Yirik yirtqich qushlar 1—2 ta, maydalari 6—7 ta, baʼzan 9 tagacha tuxum bosadi. Tuxumini bittadan bir necha kun davomida qoʻyganidan uyadagi joʻjalari ham har xil yoshda boʻladi. Yirik yirtqich qushlar (Masalan, burgut, boltayutar) 2 oy, maydalari 1 oyga yaqin tuxum bosadi. Mayda va oʻrtacha kattalikdagi qushlarning joʻjasi 1 oydan, yirik qushlarniki 3, hatto 4 oydan soʻng uchirma boʻladi. Yirtqich qushlar har xil hayvonlar, asosan, sut emizuvchilar, qushlar va hasharotlar, baʼzan hayvonlar oʻlimtigi bilan oziqlanadi. Tropik mintaqalarda (Afrika) yashovchi ayrim yirtqich qushlar mevalar bilan oziqlanadi. Oʻljasini havodan turib izlaydi, shuning uchun koʻzlari, uchish qobiliyati yaxshi rivojlangan. Yirtqich qushlar kishilarning xoʻjalik faoliyatida muhim ijobiy ahamiyatga ega. Koʻpchilik turlari qishloq xo`jaligi ekinlari zararkunandalari, kemiruvchilar, hasharotlarni qirib foyda keltiradi. Boshqalari esa kuchsiz va kasallangan hayvonlar bilan oziqlanadi. Yirtqich qushlarning soni kamayib borayotganligi sababli koʻpchilik mamlakatlarda muhofaza qilinadi. Ularning 290 ta turi maʼlum. Oʻzbekiston hududida lochinlar va qarchigʻaylar oilasiga mansub boʻlgan 40 turi uchraydi.
Yo`g`on ichak- odam va umurtqali hayvonlar ichagining bir qismi. Oʻng yonbosh sohasida bevosita ingichka ichakdan keyin boshlanib orqa chiqaruv teshigi (anus) bilan tugaydi. Odam yoʻgʻon ichagining uzunligi 1,5–2 m boʻlsa, diametri ingichka ichakka nisbatan ikki hissa katta.