Mualliflik huquqi Bugungi kunda Internetdan ko‘chirilgan asar (rasm, qiziqarli maqola, qo‘shiq, musiqa, kino yoki
boshqa nashr)larni ularning manbasiga havola ko‘rsatmasdan foydalanish oddiy holga aylanib
qolmoqda. Internet foydalanuvchilarining hammasi ham bu asarlarning muallifi mavjudligi,
ulardan ruxsat olish lozimligini bilavermaydi. Axborotning Internetdan joy olganligi undan erkin
va xohlaganday foydalanish mumkin degani emas. Internetdan joy olgan har bir asarning o‘z
egasi bor, har bir asar “Mualliflik huquqi to‘g‘risida”gi qonun bilan himoyalangan. O‘zbekiston
Respublikasida mualliflik huquqining asosiy me’yorlari “O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik
kodeksi” (1041–1073-moddalar) hamda “Mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risida“gi O‘zbekiston
Respublikasi qonunida (2006-yil 22-iyun) qat’iy belgilangan. Agar biror shaxs mualliflik huquqi bilan
himoyalangan asarni noqonuniy ravishda nusxalasa, tarqatsa, undan daromad manbayi sifatida
foydalansa, muallif o‘z mualliflik huquqlarini himoya qilish uchun tegishli idoralarga murojaat etishi
mumkin. Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunlar jahonning deyarli barcha mamlakatlarida mavjud.
Shuning uchun muallif ruxsatisiz uning asarlarini ishlatish, tarqatish mumkin emas!
Ba’zan do‘konlarda kitob, disk va dasturlarning noqonuniy
nusxalarini kuzatish mumkin. Bunday holatda nusxa yaratganlar
ham, ushbu nusxalarini sotganlar ham qonun oldida javobgar
hisoblanadi.
Internetdan olingan ma’lumotni kompyuterda saqlash va undan
shaxsning o‘zi foydalanishi qonunga zid emas. Bu ma’lumotni
veb-sayt, ijtimoiy sahifa, kanal yoki guruhlarda nashr qilish kerak
bo‘lsa, albatta uning manbasiga havola ko‘rsatilishi lozim.
Shuningdek, mualliflik huquqi bilan himoyalanmagan materiallar ham mavjud bo‘lib, ular
quyidagilardan iborat:
• rasmiy hujjatlar (qonunlar, sud qarorlari, qonun hujjatlari va h. k.) va ularning rasmiy tarjimalari;
• davlat ramzlari va belgilari (bayroqlar, gerb, emblema va boshqalar);
• xalq ijodiyoti asarlari;
• axborot xarakteridagi voqea va faktlar to‘g‘risidagi xabarlar;
• qisqartirilgan ismlar va shiorlar.
Internetdagi ma’lumotlardan mualliflik huquqini
buzmasdan foydalanish uchun quyidagilarga
amal qilish kerak:
– mualliflik huquqi belgisini joylashtirish;
– manbani ko‘rsatish;
– ma’lumotlar joylashgan asl saytga to‘g‘ridan
to‘g‘ri havolani o‘rnatish.