Jonli (umumxalq) til – muayyan millatning, mamlakatning odamlari o’rtasidagi jonli so’zlashuv nutqi, o’zaro aloqa, muomala – munosabat qurolidir. U grammatika qonunlariga, talaffuz qoidalariga, adabiy va badiiy til normalariga, talablariga bo’ysunmaydi. Jonli til – erkinlikni yoqtiradi: sheva ham, varvarizm ham, vulgarizm ham, jargonizm ham, neologizm ham... uning joni - tani bo’lib xizmat qilaveradi, uning chek-chegarasi bo’lmaydi.
Adabiy til – jonli (umumxalq) tilidan tug’ilgan, muayyan grammatika(grammatika) va talaffuz qoidalari (fonetika)ga, imlo talablariga qat’iy amal qiluvchi va turli shevalarda gapiruvchi (“to’qson ikki bovli o’zbek urug’i”) kishilarga tushunarli bo’lgan, matbuot, fan, adabiyot, radio, televidiniye, teatr tilidir.
Adabiy til doimo, uzluksiz tarzda onasi (jonli til)dan va egizak ukasi (badiiy til) dan aloqada bo’ladi: jumladan, ulardan yangi so’z va iboralarni qabul qiladi va o’z navbatida jonli va badiiy tilning rivojiga, takomillashuviga yordam beradi.
3. Badiiy (poetik) til– badiiy asarlar tili sanaladi. U “adabiy asarning mazmunini ro’yobga chiqaruvchi birdan-bir vosita hisoblanadi. Shu sababli badiiy til kitobxonga g’oyaviy va emosional ta’sir qilish vositasi bo’lib xizmat kiladi. Negaki, yozuvchi badiiy til orqali obrazlar manzaralar yaratar ekan, ularning mohiyatini ochib ko’rsatadigan so’z va iboralar tanlaydi. Asl va ko’chma ma’noli so’zlar qo’llaydi, umumxalq tilining gap qurilish usullaridan, arxaizm va jargonlardan foydalanadi”. Shu xilda yozuvchi asar g’oyasiga muvofiq shakl tanlaydi. M. Gorkiy aytganiday, “Ish tafakkurni uyg’otadi, tafakkur ish tajribasini so’zga aylantiradi, undan g’oyalar, gipotezalar nazariyasini... xosil qiladi... Yozuvchining ishida asosiy material so’zdir”. So’z esa, barcha faktlar, barcha fikrlar libosidir. Ammo har bir fakt zaminida ijtimoiy ma’no bor, har bir ma’no zaminida esa bir yoki ikkinchi fikr nega bunday-u, nega unday emas, degan sabab bor... Klassiklar yuz yil davomida asta – sekin ishlangan ana shunday tilda yozganlar. haqiqiy adabiy til shudir” (M.Gorkiy)1 Shunga asosan adabiyot – hayotni so’z orqali badiiy tasvirlash san’atidir.
Badiiy til jonli (umumxalq) tilning farzandi bo’lib, uning bosh vazifasi – badiiylik(obrazlilik)ni yaratishdir. Shu vazifadan kelib chiqib, jonli va adabiy nutqlarni barcha hodisalarini hissiy(estetik) tarzda umumlashtiradi.
Badiiy tilning o’ziga xos asosiy xususiyatlarini ifoda etuvchi qonuniyatlar ham bir talay:
1. Ularning eng birinchisi – obrazlilikdir.Bunga san’atkor tasvirlanayotgan voqea-hodisaning, narsa-predmetning, tug’yon-kechinmaning yaqqol qiyofasini, holatini kitobxon ko’z o’ngida jonli qilib gavdalantiradi. Oddiy kitobxon ham uni ko’radi, his etadi, tirikligiga shohidlikka o’tadi. Maxsus tasviriy vositalar, maxsus leksik boyliklar, so’z o’yinlari kabi unsurlar – obrazlilikni yaratishda bebaho vazifalarni o’taydilar.
Bir kun. Yomg’irli tun. Qop-qora zulmat. Chuchvaradek qaynar Usmon Nosirning “Naxshon” dostonidan keltirilgan ushbu parchani o’qigan kitobxon ko’z o’ngida Naxshonning “bir kuni – dardli bir qayg’usi” yaqqol ko’z o’ngida jonlanadi: Och-nahor, boshpanasiz qolgan Naxshon muttasil savalab yog’ayotgan yomg’irli tunga duch keladi. “Tun qop-qora zulmat”, osmon ham baxmal kabi qora”ki – Naxshon tortayotgan azobni, uning huvillagan qalbini yorqin gavdalantiradi. Ayniqsa, “ko’chalarda suvning chuchvaradek qaynashi” - o’xshatishning go’zal namunasi, yomg’irning yog’ishi darajasi (savalab yog’ish)ni, uning holatini, manzarasini aniq ifodalaydiki, uni kitobxon ko’z oldiga ravshan keltiradi. Yomg’irning ham Naxshon dardiga dard qo’shayotganidan, uning qayg’usini yanadi ko’paytirayotganidan kitobxon ham azoblanadi.
2. Badiiy asar tilining obrazliligi uning tasviriy va hissiy xususiyatini yuzaga chiqaradi. Badiiy asar tili xarakterlar va manzaralarni yaqqol gavdalantirish uchun, birinchi navbatda, ularning ichki dunyosini, mohiyatini butun qarama-qarshiliklari bilan aks ettiradi va shu akslangan hayot kitobxon his-tuyg’ularini uyg’otadi. Demak, hayot(inson) qalbining turfa xil holatlarini tasvirlash orqali kitobxon his-tuyg’ulariga ta’sir ko’rsatish-tasviriylik va emosional xususiyatni keltirib chiqaradi. Buni to’liq anglash uchun, keling, “badiiy asar – umrni uzaytiruvchi mo’jiza” tushunchasini tahlil qilaylik.
Bu tushunchaning juda oddiy isboti bor; faqat chuqurroq mulohaza darkor. Inson tanasini-ochlik(Navoiy bobomiz “Ochlik negizida hikmat bor, to’qlik tagida g’aflat bor” deb bekorga aytmaganlar) poklaganidek, inson qalbini - ko’z yoshi tozalaydi. Ko’z yoshi qalbning katarsissi (“tozalanish”i)dir. U yoki bu tarzda jarohatlangan, yaralangan qalbni-tozalovchi, davolovchi; u yoki bu tarzda xursanddchiligi “oshib, toshib” ketganda ham qalbni yorilib ketishidan saqlab, o’zligiga qaytaruvchi vosita – ko’z yoshidir.
Orzularingiz amalga oshmasa, turmushdan, ishongan kishingizdan xafsalangiz pir bo’lsa, xafagarchilik, achchiqlanish, qoniqmaslik, ranj-alam hislari cho’lg’ab olsa, fojia yoki dahshatga, dilozorlik yoki qadrsizlanishga duch kelsangiz – kishi qalbi larzaga keladi: vahima, ma’yuslik, alam o’rab oladi. Azobli o’y-fikrlar tomirlarni toraytiradi, qonda adrenalin ko’payadi, “iztirob” garmonlari haddan oshib ketadi, o’zingizni qayoqqa urishni, qayoqqa qo’yishni bilmaysiz... Ana shunday paytda ko’z yoshi davo vazifasini o’taydi. U qanchalik achchiq bo’lmasin – obi diyda qilib olganida odam o’zini ancha ravshan tortadi.
Siz “O’tgan kunlar” romanini o’qir ekansiz, “Navo kuyi” bobiga kelganingizda, albatta, Otabek holatiga tushasiz:
“... Dutorni sozlash uchun reza kuylardangina olib turgan mashshoq, Otabek kutmagan joyda “Navo”dan boshlab yuborgan edi. Kuyning boshlanishi bilan naq uning vujudi zir etib ketgandek bo’lib keyin piyolasini bo’shatdi va ixtiyorsiz ravishda dutorning mungli tovushiga berildi. Dutor tovushi qandaydir o’zining bir hasratini so’zlagandek, hikoya qilgandek bo’lib eshitilar edi. Yo’q, bu hasratni o’z tilidan so’zlamas edi – Otabek tilidan so’zlar edi... Otabekning ko’z o’ngida o’tgan kunlari birma-bir o’ta boshladilar-da, nihoyat “anavi” xotiralarni, “anavi” hangomalarni ham ko’rinish berib o’tdilar... Dutor bu ko’rinishni uning ko’z o’ngida keltirib to’xtatgach, bu fojeaga o’zi ham chidab turolmagandek yig’lay boshladi. Dutor quruqqina yig’lamas edi, balki butun koinotni “zir” etdirib va xasta yuraklarni “dir” silkitib yig’lar edi... Otabek ortiq chidab turolmadida, ro’moli bilan ko’zini yashirib, yig’lamoqqa kirishdi... u ko’z yoshlarini to’xtatmoqchi bo’lar edi, biroq hozirgi ixtiyor o’zida emas edi – hamma ixtiyor dutorning hazin “Navo”sida, toqatsiz yig’isida edi... Dutorning nozik torlaridan, tilsimli yuraklaridan chiqqan “Navo” kuyi o’z nolasiga tushunguvchi Otabekdek yigitlarga juda muhtoj edi. O’z dardini tushungan bu yigitga borgan sayin dardini ochib so’zlar, yig’lab va ingrab so’zlar edi... Eshituvchi esa dunyosini unutib yig’lar, kuchini yig’ishtirib yig’lar va hasratu alamini ko’z yoshisi bilan to’kib yig’lar edi...
Nihoyat, “Navo” kuyi uning butun tanidagi suvlarini ko’zi orqali to’ktirdi-da, falakning teskari harakatidan shikoyat etib qo’ydi va dunyoda yolg’iz hasratgina bo’lmaganini bildirgandek o’zining “Savt” kuyini yer yuziga shodlik va sevinch yog’dirib arz eta boshladi. “Navo”ning sehrli “savti” Otabekning ko’z yoshlarni quritdi-da, bir yengillik bag’ishladi. “Navo” bilan yuvilib ketgan uning umid gulzorida yangi chechaklar unib chiqdi...”
Otabekning ushbu tuyg’ularidagi kuydiruvi alam – qaynotasi tomonidan haydalgan, xo’rlangan kuyovning, Kumush tomonidan achchiq maktub orqali “hiylakor tulki, og’zi qon bo’ri, uyatsiz yigit” kabi martabalar bilan siylangan sevimli yorning butun iztiroblarini go’yo o’zingizning boshingizdan o’tkazayotgandek tasavvur etasiz. Yozuvchi tomonidan o’ylab topilgan badiiy dunyoni tamoman unutib, siz bilan yuz berayotgan hayotiy hodisadek his etasiz. Ichki hissiyotingiz uyg’onib, sizni tamoman rom etadi: siz Otabek kabi iztiroblar ta’sirida adoyi tamom bo’lmaslikka, yurak tomirlarini toraytirishini (u o’limga olib kelishi mumkin) to’xtatishga intilib, “o’ldiruvchi” his-hayajoningizni tarqatish uchun xayolan bo’zaxonadan taskin izlaysiz, “anavini” unutish uchun o’zingizni mastlikka urasiz, “Navo”ni tinglab bor hasratu alamingizni ko’z yoshingiz orqali to’kasiz. Qo’lingizdagi kitob sahifalari ko’z yoshingiz bilan namlanadi, davomini o’qish uchun duv-duv tushayotgan ko’z yoshlaringizni artasiz, yuragingiz hapqirishidan ingranasiz... Ko’z yoshlaringiz yurak g’ashligini, alamli tashvishlarini yuvib ketadi, xalqimiz ta’biri bilan aytganda “ko’z yoshi ko’ngilni eritadi”. hamma holatlarni ifoda etish qiyin, lekin bitta haqiqat ayon: badiiy asardagi o’ylab topilgan hayot samimiy yaratilgani sababli sizga yuqadi, ta’sirdorlik otashi zo’rligi tufayli sizning qalbingizdagi tug’yon qo’zg’ab, unga behisob harorat beradi, yondiradi. Qahramon (asar) bilan birga yig’laysiz. Shuning evaziga qalbingizdagi bor dog’lar, tushkunliklar, alamlar, vahimalar, xavotirlar, iztiroblar yuvilib ketadi, ko’nglingizni bo’shatib olasiz. Natijada tomirlar kengayadi: qon yoyilib, bemalol oqadi; har xil zo’riqishlar pasayib, qon bosimi ham mo’tadillashadi: charchoq o’rniga kuch-qudratingiz oshadi.
Buloq suvida cho’milgandan so’ng badan qanchalik poklansa, yayrasa, badiiy asar tufayli qalbingiz shunchalik tozaradi, yayraydi. Kelajakdagi hayotingiz mazmuniga baraka qo’shadi, maqsadlaringizga erishmoq yo’llarida mayoq vazifasini o’taydi. Tozalik badanning yashovchanligini oshirgani kabi, toza qalb hayotga maftunkorlikni oshiradi, umringiz uzayishiga asos beradi.
Endi inson taqdiri va holatidagi-quvonch va shodlik yoshlari haqida mulohaza yuritaylik.
Ko’nglingiz yayrasa – qo’shiq yoki kuyni xirgoyi qilasiz. Zavqingiz oshsa, xursandchiligingiz ko’paysa – ezguliklar ulashasiz, hammaga yaxshilik qilgingiz keladi, charchoqni bilmaysiz. Lekin juda xush keladigan, asaldek yoqadigan his-hayajonlar oshib ketsa, uni boshqara olmasangiz – quvonch o’lim eshigini ochib berishi mumkin. “Quvonganidan o’lib qolganlar” tarixda juda ko’p: Sofokl shon-shuhrati avj payti-olomon olqishlayotgan vaqtda o’lib qolgan. Pyer otasi mashhur yozuvchi Bomarshega “Seviliya sartaroshi” asarini o’qib berayotganda, otasi kulgudan o’lib qolgan... Demak, bunday holatlar bo’lmasligiga ham ko’z yoshi yordamga keladi: ortiqcha zavq-shavq, qalbning yondiruvchi olovini – zararli va ortiqcha tuyg’ularini ko’z yoshi “yuvadi”, uni me’yoriga keltiradi, aqlni ishga soladi:
“Qutidor tanchaga borib o’tirmadi-da, ayvon peshonasidan turib, qo’lidagi xatni yuqori tovush bilan o’qib chiqdi:
“Muhtaram qayin otamizgah
Siz bilan meni qorong’u zindonlarga tushurib, dor ostilarigacha tortgan, buning ila o’zining vahshiyona tilagiga yeta olmagandan keyin, mening tilimdan soxta taloq xati yozib darboza yonidagi haydattirishga muvaffaq bo’lgan va bir gunohsizni shahid etgan homid ismli bir to’ng’izni, nihoyat ikki yillik sargardonlik so’ngida, yordamchilari bilan tuproqqa qorishtirishga muvaffaq bo’ldim... Sizning shonli hovlingiz yonida voqye bo’lgan bu kurash, albatta, sizni va uy ichingiz ham yor-do’stlaringizni anchagina tinchsizlikka qo’ygan bo’lsa kerak... Sizdan bu ulug’ gunohi uchun avf so’rab, haydalgan o’g’lingiz – Otabek Yusufbek hoji o’g’li”.
Ammo qutidor “haydalgan” so’zini tashlab o’qidi. Maktub o’qilib bitganda Oftob oyim, ayniqsa Kumush qutidorning boyagi holiga tushgan edilar. Kumushning bu daqiqadagi holini qalam bilan chizib ko’rsatish, albatta, mumkin emas. U titrar edi, ko’kargan edi, to’lg’anar edi... hozirgi eng kuchli hayajon va hissiyotni, hissiyotning a’lo ifodasi bo’lgan yosh bilan to’kar edi”(264-bet).
Ko’rinyaptiki, ikki yillik hijron azobini boshidan o’tkazgan, qanchadan-qancha (taloq xati, bevalik dardi, Komilbekka unashtirish kabi) azoblarni boshidan kechirgan farishta bu quvonchli xabarni eshitganda, dastlab “dahshat va taajjub ichida qotib qoladi”. So’ngra ota-ona huzurida ekanligini unutmay (odobni saqlagan holda), dardini oshkor ayta olmay “titraydi, ko’karadi, to’lg’anadi” va qalbida junbushga kelgan tuyg’ularni ko’z yoshi bilan “yuvadi” va uni sizga, menga ham yuqtiradi. Bu quvonch yoshlari – Kumushni ham, siz-u meni ham poklaydi, ruhimizni yengillashtiradi, harakatimizga, o’yimizga, orzularimizga qanot beradi. Chunki “yosh ko’zdan emas, balki yurakdan chiqadi”. Shu sabab U.Freyd: “Yig’i – inson uchun zo’riqish vaqtidagi eng yaxshi himoya vositasidir... Sog’ bo’lish uchun yig’lang”, – deydi. Amerikalik ruhiyatshunos T.Lekner “Yig’lashdan uyalmang. Agar, Alloh insonga ko’z yoshi atalmish ne’mat bergan ekan, demak ular to’kilishi kerak”, - deydi. Jonli asar tufayligina tiriklikni ma’nisini teran anglaymiz, ertangi hayotimizga e’zozlangan mazmun beradi. Buni ijod, etish shunday tuyg’uni boshdan kechirish (Adabiyot bergan huzur) hayotingizga ezgulik baxsh etadi. Ezgulik esa – yaratishga chanqoqlik tug’diradi, umrni mazmunli kechirishga undaydi, besamar va gunoh ishlardan, tuhmat va bo’hton uyushtirishdan, alam va og’riqlar o’tkazishdan, fisqu-fasod va g’iybat yuritishdan, ko’rolmaslik va hasaddan... saqlaydi. Kitobxon o’zini, o’zligini tezroq anglaydi. O’zini anglamoq baxti-komillikka yetaklaydi.
Shu sabab qalbdagi nozik qirralarning usta tasvirchisi – A.Qodiriy o’zi ta’kidlaganidek, “Eng kuchli hayajon va hissiyotni, hissiyotning a’lo ifodasini” ko’z yoshi orqali beradi. Ko’z yoshi qahramonlar qalbidagi po’rtanalarni-qayg’u va shodliklarni ta’sirchan ifodalaydi va har bir holatda (romanda o’ttizdan ortiq yig’i tasviri bor) ko’z yoshi “detali o’quvchida yozuvchiga ishonch uyg’otadi”, u “asarning xuddi shu joyida tasvir etilayotgan ahvolga, ideyaga to’g’ri” keladi.
Demak, badiiy asarni mutoala qilish, o’qish, “O’tkan kunlar”ga o’xshash klassik asarlarni uqish va shu jarayonda tasvirlanayotgan hayotni yozuvchi, san’atkordek yaratish, kashf etish umringizga umr qo’shadi, dunyongizni boyitadi, yo’lingizni ravshan qiladi, ezgullikka yetaklaydi.
3. Badiiy asarda har bir so’z muayyan “yuk”ni tashishi lozim. San’atkor doimo minglab so’zlar ichidan eng keragini tanlaydi; zargarona tanlangan ana shu so’zlar qahramon va sharoitning mazmuni (g’oyasi), holati bilan chambarchas bog’lanishi, u aniq estetik maqsad(mazmun)ni voqye qilishi shart. Bundan har qanday so’z badiiy asarda o’z “yuki”ga ega bo’lishi kerak, degan qoida kelib chiqadi. “Bir yig’inda Asqad Muxtor xarakterli bir faktni aytib bergan edi. G’afur G’ulom ishtirok etgan mushoiralardan birida yosh shoir Asqad Muxtor tortinib-qimtinib quyidagi to’rtligini o’qiydi: