Huquqni amalga oshiruvchi sub’ektlar faoliyati xarakteriga ko’ra:
Huquq normalariga rioya qilish. Rioya etish orqali taqiqlovchi normalar amalga oshiriladi. Ushbu shaklning mohiyati taqiqlangan harakatlarni sodir etishdan passiv holatda o’zini tiyishdan iborat;
Huquq normalarini bajarish. Huquqni amalga oshirishning ushbu shakli huquq sub’ektlaridan majburiy ko’rsatmalarni hayotga joriy etish bilan bog’liq faol harakatlarni talab qiladi;
Huquq normalaridan foydalanish. Huquqdan foydalanish shaxsga berilgan huquqlarini amalga oshirishga yo’naltirilgan. Binobarin, ushbu o’rinda uning xohishi bo’yicha faol harakat ham, passiv harakat ham bo’lishi mumkin. Masalan, fuqarolar saylov huquqlaridan foydalanish yoki foydalanmasliklari mumkin;
Huquq normalarini qo’llash.
3. HUQUQ NORMASINI QO’LLASH - HUQUQNI AMALGA OSHIRISHNING MUHIM SHAKLI SIFATIDA
Huquqni qo’llash – huquq normalari talabini amalga oshirishning asosiy shakllaridan biridir. Huquqni qo’llash vakolatli davlat organi tomonidan individual-aniq ko’rsatma (qaror, buyruq, farmoyish) chiqarish orqali huquq normalarini amalga oshirishga yo’naltirilgan faoliyatdir. Huquqni qo’llash faoliyati huquqiy normani (qoidani) to’la - to’kis tatbiq etish uchun vakolatli idoraning aralashuvi talab etilgan hollarda zaruriyatga aylanadi. Huquqni qo’llash faoliyati davlat–hokimiyati xarakteriga ega. Unda qaror (ya’ni, huquqni qo’llash hujjati) tegishli organning azm-ixtiyori, irodasi mahsuli sifatida maydonga chiqadi. Zero, bu idora o’z qarorini davlat hokimiyati nomidan chiqaradi va hayotga joriy etadi. Huquqni qo’llashning belgilari: davlat hokimiyati funktsiyasini qo’llash vakolatiga ega bo’lgan organlar yoki mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi;
individual xarakterga ega;
muayyan huquqiy oqibatlarni – sub’ektiv huquq, majburiyatlar, javobgarlikni o’rnatishga yo’naltirilgan bo’ladi;
maxsus belgilangan protsessual shakllarda amalga oshiriladi;
individual xarakterga ega bo’lgan yuridik qaror chiqarish bilan yakunlanadi.