Huquqni qo’llash aktlarining turlari:
parlament aktlari;
davlat boshlig’i aktlari;
ijro hokimiyati organlarining aktlari;
sud hokimiyati organlarining aktlari;
mahalliy vakillik hokimiyat (o’zini o’zi boshqarish) organlarining aktlari;
korxona, tashkilot, muassasa rahbarlarining aktlari.
Huquqni qo’llash aktlari asoslantirilganlik, qonuniylik va maqsadga muvofiqlik tamoyillari talablariga javob berishi lozim.
6. HUQUQDAGI BO’SHLIQLAR VA ULARNI BARTARAF QILISH YO’LLARI
Davlat va huquq hodisalari jamiyatdagi boshqa voqeliklar bilan birgalikda doimo rivojlanishda bo’ladi. Binobarin, jamiyat hayotiga ta’sir qiluvchi omillar natijasida ijtimoiy munosabatlar murakkablashib boradi. Bu esa qonunshunosning (huquq ijodkorining) huquq tizimini mazkur jarayonga mos ravishda shakllantirib va takomillashtirib borishini talab etadi. Huquq normalari mavjud va kelgusi ijtimoiy munosabatlarni qanchalik e’tiborga olgan holda yaratilmasin, bunda jamiyatdagi barcha o’zgarishlarning barcha jihatlarini qamrab olish mumkin emas.
Huquqdagi bo’shliq – bu tartibga solinishi zarur bo’lgan munosabatlarning amaldagi qonunchilikda huquq normalari bilan qisman yoki to’liq tartibga solinmaganligidir. Huquqdagi bo’shliqni to’ldirish usullari: yangi normativ huquqiy hujjatlarni yaratish; huquq yoki qonun analogiyasini qo’llash.
O’zbekiston Respublikasida ham qonun hujjatlarida bo’shliq mavjud bo’lsa qonun yoki huquq analogiyasi qo’llanilishi mumkinligi belgilab qo’yilgan. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 5-moddasiga asosan fuqarolik huquqiy munosabatlari qonun hujjatlari yoki taraflarning kelishuvi bilan to’g’ridan to’g’ri tartibga solinmagan hollarda fuqarolik qonun hujjatlarining o’xshash munosabatlarni tartibga soluvchi normasi qo’llaniladi (qonun o’xshashligi). Agar qonun o’xshashligidan foydalanish mumkin bo’lmasa, taraflarning huquq va burchlari fuqarolik qonun hujjatlarining umumiy negizlari va mazmuni (huquq o’xshashligi)ga hamda odillik, oqillik va adolat talablariga amal qilgan holda belgilanadi.
Dostları ilə paylaş: |