Tovar kelib chiqqan joy nomi tushunchasiga taʼrif bering?
Tovar kelib chiqqan joy nomiga guvohnoma olish jarayonini huquqiy jihatdan tavsiflang.
Tovar kelib chiqqan joy nomi va geografik ko‘rsatkichlar tushunchalarining bir-biridan farqi nimada?
Guvohnoma berish rad etilishi qonuniymi?Fikringizni asoslang.
5. “Tog‘ mevalari” MChJ Apellyatsiya Kengashiga murojaat qilishi mumkinmi?Apellyatsiya Kengashining vakolatlari haqida nimalarni bilasiz?
O‘zbekiston Respublikasi “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunining
5-moddasiga muvofiq mamlakat, aholi punkti, joy yoki boshqa jo‘g‘rofiy obyektning tovarni belgilash uchun ishlatiladigan, uning alohida xususiyatlari tamomila yoki asosan mazkur jo‘g‘rofiy obyektga xos tabiiy sharoitlar bilan yoki boshqa omillar yoxud tabiiy sharoitlar va ushbu omillarning birikmasi bilan belgilanadigan nomi tovar kelib chiqqan joy nomi deb e’tirof etiladi.
Geografik ko‘rsatkich mahsulotni ma’lum jo‘g‘roviy obyekt hududidan kelib chiqqanligini anglatib, bunda mazkur mahsulotning sifati, obro‘si yoki boshqa xususiyatlari ham uning jo‘g‘rofik kelib chiqishi bilan ham belgilanadi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-yanvardagi PQ–4965-son qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida “Tovar kelib chiqqan joy nomlarini muhofaza qilish va ularni xalqaro ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi Lissabon bitimi”ning (1958-yil 31-oktabr) qoida va normalariga muvofiqlashtirilgan “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda va yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasiga ham intellektual mulk qatoriga geografik ko‘rsatkichlar kiritilishi rejalashtirilgan.
Tovar kelib chiqqan joy nomlari bilan geografik ko‘rsatkichlar orasidagi asosiy farqlar quyidagilar:
- tovar kelib chiqqan joy nomi bo‘lishi uchun tovarning xususiyatlari tamomila yoki asosan mazkur jo‘g‘rofiy obyektga xos tabiiy sharoitlar bilan yoki boshqa omillar yoxud tabiiy sharoitlar va ushbu omillarning birikmasi bilan belgilanishi lozim, geografik ko‘rsatkichda esa mahsulotning ayrim jihatlari (sifati, obro‘si yoki boshqa xususiyatlari) uning jo‘g‘rofik kelib chiqishi bilan bog‘liq bo‘ladi;
- tovar kelib chiqqan joy nomi bo‘lishi uchun tovar ishlab chiqarlishining barcha bosqichlari tegishli jo‘g‘rofiy obyekt hududida amalga oshirilishi lozim, geografik ko‘rsatkichda esa mahsulot ishlab chiqarishning bir qismi ham tegishli hududda amalga oshirilishi mumkin;
- tovar kelib chiqqan joy nomi bo‘lishi uchun jo‘g‘rofiy obyekt nomi ro‘yhatga olishdan avval mashhur bo‘lishi shart emas, geografik ko‘rsatkichda esa keng jamoatchilik orasida mashhurlik talab etiladi.
Mazkur kazusda “Quva anori” nomi ostida qadoqlangan anor mevalarini tovar kelib chiqqan joy nomi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi, chunki ushbu mahsulotning alohida xususiyatlari tamomila yoki asosan tegishli jo‘g‘rofiy obyekt (Quva tumani)ga xos tabiiy sharoitlar bilan yoki boshqa omillar yoxud tabiiy sharoitlar va ushbu omillarning birikmasi bilan belgilanmagan. “Quva anori” tovar kelib chiqqan joy nomi sifatida muhofaza qilinmaydi. Shu sababli Adliya vazirligining rad javobi asosli hisoblanadi. “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganidan so‘ng “Tog‘ mevalari” MCHJ o‘z mahsulotini tegishli tartibda muhofaza qilishi mumkin.