Rivojlangan mamlakatlar qurilish majmuasida bino va inshootlarni monolit
temirbeton asosida barpo etish dolzarb masaladir. Monolit qurilish tizimi
temirbeton buyum va konstruksiyalarni avvaldan tayyorlangan istalgan shakldagi
unifikatsiyalashtirilgan yig‘ma qoliplarga quyish bilan xarakterli.
Monolit usulda bino va inshootlar qurilganda qurilish vaqti qisqaradi,
montaj ishlari keskin kamayadi, imoratning mustahkamligi oshadi, qurilish
maydonidagi omborxonaga zarurat bo‘lmaydi.
Hozirgi kunda og‘ir metall qoliplar o‘rniga engil pishiq metall va
shishaplastiklardan yig‘iladigan universal qoliplarning ishlatilishi monolit qurilish
tizimini yanada rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda.
Monolit
temirbeton
konstruksiyalar
asosan
og‘ir
va
g‘ovak
to‘ldirgichlardan tayyorlanadi. Turarjoy binolari devorlari yacheykali betonlar
asosida qurilishi mumkin. Maxsus inshootlar monolit qurilishida o‘ta og‘ir,
issiqlikka bardoshli, agressiv muxitlarga chidamli va boshqa turdagi betonlar
ishlatiladi.
Monolit temirbeton uchun armatura zavodda yoki bevosita qurilish
maydoni yaqinidagi armatura sehida yirik karkas bloklari va to‘rlari ko‘rinishida
tayyorlanadi.
Beton qorishmasi temirbeton zavodida yoki qurilish maydonidagi beton
qorish markazida tayyorlanadi.
Zavodda tayyorlangan beton qorishmasi avtobetonovozlar, masofa qisqa
bo‘lganda avtosamosvallarda tashilishi mumkin. Beton qorishmasi tashilayotganda
qatlamlanmasligi, atmosfera muxiti omillari ta’sirida tarkibi o‘zgarmasligi shart.
Ayniqsa, O‘zbekistonning quruq issiq iqlimida beton qorishmasini tashishda
suvsizlanishi oldini olish dolzarb masaladir.
Hozirgi vaqtda qurilish tizimida beton qorishmasini quruq holda tashilib va
bevosita ob’ektning o‘zida suv bilan aralashtirilib ishlatish juda yaxshi natijalar
bermoqda.
Qurilish maydonida beton qorishmasini uzatish kran, transporter,
betonnasos yoki siqilgan havo vositasida ishlaydigan quvurlar orqali amalga
oshiriladi.
Siqilgan havo vositasida ishlaydigan quvursimon transport yordamida
beton qorishmasini 150 m gacha masofaga uzatish mumkin.
Monolit temirbeton konstruksiyalar uzluksiz yoki davriy usulda alohida
bloklar yoki bo‘lmalar ko‘rinishida quyiladi. Uzluksiz usul bino va inshootda
choklar bo‘lmasligi va beton tarkibiga maxsus talablar qo‘yilganda ishlatiladi.
Uzluksiz
usulda
armaturasi
avvaldan
taranglangan
temirbeton
konstruksiyalar, dinamik kuchlanishlar ta’sirida ishlaydigan poydevorlar va
boshqalar tayyorlanadi.
Massiv inshootlar (to‘g‘onlar, gradirnyalar, poydevorlar) ishchi choklar
bilan bloklarga ajratiladi, chunki harorat va kirishish ta’siridan hosil bo‘ladigan
deformatsiyalanish qurilish yaxlitligiga ziyon etkazishi mumkin.
Beton qorishmasi qatlam-qatlam holda quyiladi va ichki titratkichlar
yordamida zichlashtiriladi. Beton qorishmasi qolipga quyilgach, toki beton
loyixadagi
mustahkamlikka
erishguncha
parvarishlanadi.
Bunda
sement
gidratatsiyasi ta’minlanishi uchun harorat va nisbiy namlikni zarur ko‘rsatkichlarda
ushlab turish zarur.
Monolit betonlash ishlari yozda amalga oshirilganda yangi quyilgan beton
yuzasi qurishidan va yog‘in-sochindan saqlanishi kerak. Buning uchun namni
saqlaydigan yog‘och qipig‘i, qum, shlak kukuni sepish yoki polimer plenkalar,
kanop to‘qimalar bilan yopish tavsiya etiladi. Qoliplar echilgan betonning vertikal
qismiga suv sepilishi ruxsat etiladi.
O‘zbekistonning quruq issiq iqlim sharoitida monolit beton quyish alohida
tadbirlarni amalga oshirishni taqozo qiladi. Bunda beton qorishmasini tashish,
qoliplash, ayniqsa parvarishlash ishlariga alohida ahamiyat berish zarur.
Avtomobil yo‘llari, aerodrom qoplamalari va shu kabi yuzasi katta temirbeton
monolit konstruksiyalarni qurishda betonni parvarishlash uchun to‘shalma
materiallar (polietilen, polipropilen plenkasi va sh.k.) yoki plenka hosil qiluvchi
polimerlar (etinol laki, gelpolimerlar) ishlatiladi.
Monolit betonlash qishki davrda bajarilganda beton qorishmasini va
qotayotgan betonni muzlashdan saqlash asosiy masaladir. Monolit betonni
muzlashdan asrashning turli usullari mavjud. Betonni issiqlik izolyasiyasi
materiallari bilan vaqtinchalik o‘rab qo‘yish, beton qorishmasi tarkibiga suvning
muzlash haroratini pasaytiruvchi qo‘shimchalar (natriy xlorid, kalsiy xlorid va
sh.k.) kiritish, “termos” usuli shular jumlasidandir. Issiqlik izolyasiyasi materiallari
sifatida yarim bikr mineral plita, shishapaxta matlari (to‘shamalar), gidroizolyasiya
qoplamali arbolit, kselolit plitalari, g‘ovak to‘ldirgichlar va sh.k. ishlatiladi.
Xususiy hollarda ishlatiladigan “termos” usuliga binoan quyilgan beton
konstruksiyaga maxsus egiluvchan materiallardan yasalgan “ko‘ylak” kiydiriladi
va qoplamaning oraliq bo‘shlig‘iga qizdirilgan bug‘ yoki havo yuborib turiladi.
“Termos” usuli serxarajat va texnik tomondan amalga oshirish murakkab bo‘lgan
usul hisoblanadi.