Darsning turi: noan’anaviy, sayohat darsi.
Darsning metodi: suhbat, tarmoqlash, mustaqil ish, raqobatlashtirish.
Darsning jihozi: ko‘rgazma qurol, tarqatma varaqa, plakatlar, soat modeli.
Darsning borishi: tashkiliy qism: salomlashish, o‘quvchilarni darsga jalb qilish.
O‘qituvchi: Bolajonlar hozir qaysi dars?
O‘quvchilar xor bo‘lib: Darsimiz riyoziyot,
Hisob-kitob qilamiz.
Raqamlarning sirlarin,
Puxta bilib olamiz.
Dars shiori: Qo‘shamiz va olamiz, ko‘paytirib bo‘lamiz,
Tez va to‘g‘ri hisoblab, ham chiroyli yozamiz.
O‘qituvchi: Navbatchining hisobotini eshitamiz.
Navbatchi sana, davomat haqida hisobot beradi. O‘qituvchi: Bolalar bugungi darsimiz umumlashtiruvchi dars. Umumlashtiruvchi darsning maqsadi nima?
O‘quvchi: Umumlashtiruvchi darsda chorak, yil davomida o‘tilgan mavzularni takrorlab, bir tizimga solamiz.
O‘qituvchi: Bolalar, bugun biz darsimizda “Ertaklar olamiga”ga sayohat qilamiz. Siz qanday ertaklarni bilasiz?
O‘quvchilar bilgan ertaklarini sanashadi. O‘qituvchi: Hozir men sizga rus xalq ertaklaridan “Bo‘g‘irsoq” ertagini aytib beraman. Lekin mana bu savollarimga javob berishingiz kerak.
Savollar: 1. Sanoq qaysi son bilan boshlanadi? (1)
2. Eng katta bir xonali son qaysi? (9)
3. Alisher Navoiy bobomiz nechanchi fevralda tug‘ilgan? (9)
4. Ertaklar qaysi son bilan boshlanadi? (1)
O‘quvchilar savollarga javob berishadi. O‘qituvchi: Bolalar qaysi son kelib chiqdi? Vatanimiz tarixida shu yili qanday qutlug‘ sanalar esda qoldi?
1- o‘quvchi: 31-avgust – Vatanimiz mustaqil beb e’lon qilindi.
2- o‘quvchi: 1- sentabr – Mustaqillik bayrami deb e’lon qilindi.
3- o‘quvchi: 18- noyabr – Davlat bayrog‘imiz qabul qilindi.
4- o‘quvchi: 29-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazildi va 86 foiz ovoz bilan I.A.Karimov O‘zbekistonning birinchi Prezidenti etib saylandi.
O‘qituvchi: Barakalla. Ana endi ertagimizni boshlaymiz. Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda chol bilan kampir bor ekan. Chol bir kuni kampiriga:
Kampirjon, bo‘g‘irsoq pishirib ber, - debdi.
Pishirib bermayman, - debdi kampir.
Nima uchun pishirib bermayman deyapsan? – debdi chol.
Agar mana bu bolalar o‘tilgan barcha mavzularni aytib bersagina pishirib beraman, - debdi kampiri.
Bolalar, boboga yordam beramizmi? Qani yil davomida o‘tilgan mavzularni aytib beringlar.
O‘quvchilar o‘tilgan mavzularni aytib berishadi.