Rivojlantiruvchi maqsad: o‘quvchilarning hisob-kitob ilmiga oid bilimlarini rivojlantirish, vaqt o‘lchovlari jadvalini tuzish, bu bilimlardan misol va masalalar yechish jarayonida foydalanishga o‘rgatish.
Darsning turi: noan’anaviy, sayohat darsi.
Darsning metodi: suhbat, tarmoqlash, mustaqil ish, raqobatlashtirish.
Darsning jihozi: ko‘rgazma qurol, tarqatma varaqa, plakatlar, soat modeli.
Darsning borishi: tashkiliy qism: salomlashish, o‘quvchilarni darsga jalb qilish.
O‘qituvchi: Bolajonlar hozir qaysi dars?
O‘quvchilar xor bo‘lib: Darsimiz riyoziyot,
Hisob-kitob qilamiz.
Raqamlarning sirlarin,
Puxta bilib olamiz.
Dars shiori: Qo‘shamiz va olamiz, ko‘paytirib bo‘lamiz,
Tez va to‘g‘ri hisoblab, ham chiroyli yozamiz.
O‘qituvchi:Navbatchining hisobotini eshitamiz.
Navbatchi sana, davomat haqida hisobot beradi. O‘qituvchi: Bolalar bugungi darsimiz umumlashtiruvchi dars. Umumlashtiruvchi darsning maqsadi nima?
O‘quvchi: Umumlashtiruvchi darsda chorak, yil davomida o‘tilgan mavzularni takrorlab, bir tizimga solamiz.
O‘qituvchi: Bolalar, bugun biz darsimizda tabiatga sayohat qilamiz. Siz tabiat deganda nimani tushunasiz?
O‘quvchilar bilganlaricha javob berishadi. Masalan: Tabiat bizni o‘rab turgan olam, daraxtlar, tog‘lar, havo va.h.
O‘qituvchi: Hozir biz darsimizda tabiatga sayohat qilamiz. Lekin avval tabiat haqidagi shiorimizni bir eslab olaylik.
O‘quvchilar xor bo‘lib: Tabiatjon sen onamiz, Boyliklaring ko‘zga surtib,
Chiroyingga parvonamiz, Seni doim avaylaymiz.
O‘qituvchi: Barakalla. Ana endi ko‘zchalarimizni yumib sayohatga chiqamiz. Ko‘zimizni ochamiz, mana biz tabiat qo‘ynidamiz. Tabiatda bahor faslining boshlanishi. Bu vaqtda tabiat qanday ko‘rinishda bo‘ladi?