Iqtisodiyotning o‘rnatilgan barqarorligi darajasi davriy budjet taqchilligi va ortiqchaligi miqdorlariga bog‘liq. Davriy taqchillik (ortiqchalik) iqtisodiy faollik pasayishi (oshishi) sharoitida soliq tushumlarining avtomatik kamayishi (oshishi) va davlat xarajatlarining avtomatik oshishi (kamayishi) natijasida yuzaga keladigan davlat budjeti taqchilligi (ortiqchaligi)dir.
2-rasm. Budjet taqchilligi va ortiqchaligi. Davriy pasayish bosqichida soliqlar avtomatik pasayishi, davlat transfertlarining oshishi natijasida budjet taqchilligi kelib chiqadi.
Davriy yuksalish bosqichida soliqlar avtomatik ko‘payishi va davlat xarajatlarining kamayishi natijasida budjet ortiqchaligi paydo bo‘ladi. Davlat xarajatlari o‘zgarmas bo‘lgan sharoitda ham budjet taqchilligi va ortiqchaligi mavjud bo‘lishi mumkin. Davriy taqchillik va ortiqchalik miqdorlari soliq va budjet funksiyalari grafiklarining «tikligiga» bog‘liq.
Soliq funksiyasi T ning egilish burchagi chegaraviy soliq stavkasi t ning miqdoriga bog‘liq. t qancha yuqori bo‘lsa T chizig‘i shuncha tik bo‘ladi. Davlat budjetidan beriladigan transfertlar hajmi o‘zgarishining daromadlar o‘zgarishiga bog‘liqligini xarakterlovchi γ koeffitsent qancha kichik bo‘lsa, G chizig‘i ham shuncha tik bo‘ladi. Demak daromad oshgani sari budjetga soliq to‘lovlari oshaveradi, budjetdan transfert to‘lovlari esa kamayadi.
Davlat xarajatlari daromadga bog‘liq bo‘lmagan o‘zgarmas miqdor bo‘lganda t qanchalik katta bo‘lsa T chizig‘i shuncha tik va iqttisodiyotning o‘rnatilgan barqarorligi darajasi ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Ammo iqtisodiy o‘sishning ta’minlash vazifasi T va G chiziqlarini yotiqroq bo‘lishini taqozo etadi.
O‘rnatilgan barqarorlashtirgichlar muvozanatli YaIM hajmini , uning potensial hajmi darajasi atrofida tebranishi sababini to‘liq tugatmaydi va ishlab chiqarishning har qanday darajasida mavjud bo‘lishi mumkin.
To‘liq bandlikni ta’minlagan diskret fiskal siyosat yuritilishi natijasida davlat budjetining tarkibiy taqchilligi (ortiqchaligi), ya’ni to‘liq bandlik sharoitida budjet xarajatlari (daromadlari) va daromadlari (xarajatlari) o‘rtasidagi farq yuzaga keladi.
Davriy taqchillik ko‘pincha davlat budjetining haqiqiy taqchilligi va tarkibiy taqchillik farqi sifatida baholanadi.