Pedagog-tarbiyachi shaxsiga qo‘yilgan talablar. Uning shaxsini
shakllantirish. Pedagog-tarbiyachining nutq madaniyati.
Har qanday jamiyatda barkamol avlodni tarbiyalash, voyaga yetkazish va
uni ma’lum bir kasbga yo‘naltirish og’ir va mashaqqatli mehnat evaziga amalga
oshiriladi. Bu mashaqqatli mehnat uzluksiz ta’lim va tarbiyaviy faoliyatning
mahsulidir.
Mamlakatimiz birinchi Prezidenti I.A.Karimov “Yuksak ma’naviyat –
yengilmas kuch” asarida o‘qituvchining kasbiy faoliyatiga shunday ta’rif beradi:
“Barchamizga ayonki, inson qalbiga yo‘l, avvalo ta’lim-tarbiyadan boshlanadi.
Shuning uchun qachonki bu haqda gap ketsa, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho
merosni eslash bilan birga, ota-onalarimiz qatori biz uchun eng yaqin bo‘lgan
yana bir buyuk zot – o‘qituvchi va murabbiylarning oliyjanob mehnatini hurmat
bilan tilga olamiz... Muxtasar qilib aytganda, maktab degan ulug’ dargohning
inson va jamiyat taraqqiyotidagi hissasi va ta’sirini, nafaqat yoshlarimiz, balki
butun xalqimiz kelajagini hal qiladigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini
hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi” degan edi.
Mamlakatimizning kelajagi, mustaqil O‘zbekistonning istiqboli, ta’lim
sohasida olib borilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan tarbiyachi-
o‘qituvchiga, uning saviyasiga, tayyorgarligiga, fidoyiligiga, yosh avlodga ta’lim
berish va barkamol inson darajasida tarbiyalab, voyaga yetkazishga nisbatan
shijoatiga bog’liq.
Ma’lumki, ta’lim muassasalarida tarbiyaviy jarayon bevosita o‘qituvchi
tomonidan tashkil qilinadi va olib boriladi. Yangicha ijtimoiy sharoitda ta’lim-
tarbiyadan ko‘zda tutilayotgan maqsadlarga erishish, o‘quvchilarning dars va
darsdan tashqari xilma-xil tarbiyaviy faoliyatlarini uyushtirish, ularni bilimli, odobli,
e’tiqodli, vatanparvar, mehnatsevar, barkamol inson qilib o‘stirish va kasbga
yo‘naltirish o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan.
Tarbiya – o‘qituvchi va o‘quvchi (tarbiyachi va tarbiyalanuvchi)lar o‘rtasida
tashkil etiluvchi pedagogik faoliyat bo‘lib, tarbiyalanuvchini ma’lum bir maqsadga
muvofiq takomillashtirish uchun shaxsga muntazam va tizimli ta’sir
etish,jamiyatning ijtimoiy-tarixiy tajribalariga yondashib shaxsni har tomonlama
shakllantirish, uning xulq-atvori va dunyoqarashini, ijtimoiy ongini tarkib
toptirishda xalqning boy mafkuralariga yo‘naltirilgan qizg’in faoliyat jarayonidir.
Tarbiya asosida tarbiyalanuvchining ongi shakllanadi, ma’naviy boyligi va his-
tuyg’ulari rivojlanadi, o‘zida ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topish uchun zarur
bo‘lgan, kishilar bilan o‘zaro munosabatni to‘g’ri tashkil etishga xizmat qiladigan
axloqiy odatlar hosil bo‘ladi Tarbiya xususida taniqli o‘zbek adibi Abdulla
Avloniyning “Al-hosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot, yo mamot, yo najot – yo
falokat, yo saodat – yo razolat masalasidur”
1
– deb aytgan fikrlari barcha millat
vakillarining tarbiyasiga mos keluvchi haqiqatdir. Ushbu fikrlardan anglaniladiki,
shaxs tarbiyasi xususiy ish emas, balki ijtimoiy, milliy va davlat ishidir.
1
Avloniy Abdulla. “Turkiy guliston yoxud axloq”. – Toshkent, O‘qituvchi, 1992y.
O‘zbekiston Respublikasining biringi Prezidenti I.A.Karimov o‘qituvchidagi
tarbiyachilik qobiliyatining asosiy mohiyatini shunday ta’riflaydi: «Tarbiyachi –
ustoz bo‘lish uchun, boshqalarning aql-idrokini o‘stirish, ma’rifat ziyosidan
bahramand qilish, haqiqiy vatanparvar, haqiqiy fuqaro etib yetishtirish uchun, eng
avvalo, tarbiyachining o‘zi ana shunday yuksak talablarga javob berishi, ana
shunday buyuk fazilatlarga ega bo‘lishi kerak». Demak, o‘z faoliyatini endigina
boshlayotgan o‘qituvchilar va doimiy izlanishda bo‘lgan tajribali o‘qituvchilar ham
tarbiyachilik mahoratiga zamin yaratuvchi quyidagi jarayonlarni bilishi kerak:
- har qanday pedagogik vaziyatlarda o‘quvchining ichki va tashqi dunyosini
to‘g’ri tushunish malakasi;
- pedagogik vaziyatlarni to‘g’ri idrok qilish uchun diqqatni jamlash;
- tarbiyalanuvchilarga ishonch va talabchanlik;
- tarbiyaviy vaziyatni har tomonlama puxta baholay olish qobiliyati;
- xilma-xil pedagogik taktlardan o‘zi uchun eng muhimini ajrata olish
qobiliyati;
- ziddiyatli tasodifiy holatlarda ikkilanmasdan to‘g’ri qaror qabul
qilish;
- tarbiyada ta’sir etishning turli usullaridan foydalana olish
qobiliyati;
- fikr va mulohazalarini so‘z bilan, mimika va pantomimik harakatlar bilan
o‘quvchi ongiga aniq yetkaza olish;
- dars va darsdan tashqari faoliyatda o‘quvchilar bilan kommunikativ aloqa
o‘rnata olish qobiliyati;
- o‘quvchilar ongida erkinlik va tashabbuskorlikni, o‘z fikr
mulohazalarini qo‘rqmasdan bayon qilish ko‘nikmalarini tarbiyalash;
- qiyin holatlarda o‘quvchilarga yordam bera olish;
- tarbiyaviy tadbirlarni o‘tkazishda o‘quvchilar jamoasi bilan doimo
maslahatlashish;
- o‘tkazilayotgan tarbiyaviy tadbirlar yuzasidan o‘quvchilarning
fikrlarini o‘rganish;
- o‘z-o‘zini boshqarishning turli shakllaridan unumli foydalanish;
- har bir o‘quvchining yashirin ijobiy fazilatlarni ko‘ra olish va
takomillashtirish;
- o‘quvchilarning ijtimoiy kelib chiqishiga qarab toifalarga
ajratmaslik, bir xil munosabatda bo‘lish.
Tegishli ma’lumotli, kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatlarga ega
bo‘lgan shaxslar pedagoglik faoliyati bilan shug’ullanish huquqiga ega deyiladi
«Ta’lim to‘g’risida»gi Qonunning 5-moddasida.
Pedagog-tarbiyachi bolalarga kundalik hayotda, o‘yinlarda, mashg’ulotlarda,
birgalikdagi mehnat faoliyatida va ular bilan bo‘ladigan muomalada ta’sir
ko‘rsatadi. U har bir bolani diqqat bilan o‘rganishi, uning shaxsiy xususiyatlarini,
qobiliyatlarini bilishi, pedagogik nazokatini namoyon qilishi, bolalarning xulq-
atvorini, ish natijalarini haqqoniy baholashi kerak, ularga o‘z vaqtida yordam
ko‘rsata olishi, oiladagi ahvoli bilan qiziqishi zarur. Hozirgi zamon tarbiyachisining
asosiy fazilatlaridan biri o‘z kasbiga sadoqatliligi, g’oyaviy e’tiqodliligi o‘z kasbini
sevishi va bu kasbga bo‘lgan cheksiz sadoqati o‘qituvchi – tarbiyachi boshqa kasb
egalaridan ajratib turadi. Pedagog-tarbiyachi shaxsiga qo‘yiladigan muhim
talablaridan biri shuki, u o‘z predmetini, uning metodikasini chuqur o‘zlashtirgan
bo‘lishi zarur. Bu pedagog-tarbiyachining obro‘sini ko‘taradi. Tarbiyachi kasbiga
xos bo‘lgan muhim fazilatlaridan, talablaridan biri bolalarni sevish ularning hayoti
bilan qiziqish har bir shaxsni xurmat qilishdan iborat. Bolani sevgan butun kuch va
bilimini bolalarni kelajagi buyuk vatanga sodiq fuqaro qilib tarbiyalashga safarbar
qila oladigan odamgina haqiqiy tarbiyachi-pedagog bo‘la oladi. Bolalarni sevish –
pedagogning murakkab mehnatini jozibali va yengil qiladi. Tarbiyachining
bolalarga munosabati pedagogikada tarbiyalanuvchi shaxsga hurmat, unga
talabchanlik bilan bir qatorda turadi. Bu munosabat bolada pedagogga nisbatan
ishonchni uyg’otadi, o‘qituvchiga bolalarni chinakam ma’naviy murabbiysi
bo‘lishga imkon beradi.
Pedagog faoliyatining muvaffaqiyati pedagogik qobiliyatlarining mavjudligiga
ham bog’likdir. Pedagogik qobiliyat - pedagogik mahoratga erishishning zaminidir.
Pedagogik qobiliyat tarkibiga: pedagogik kuzatuvchanlik, pedagogik tasavvur,
diqqatni taqsimlash, tashkilotchilik qobiliyati va pedagogik muomala kiradi.
Pedagogik qobiliyatlar pedagogik faoliyati jarayonida, shuningdek uni bu faoliyatga
tayyorlash jarayonida shakllanadi. Pedagogik mahorat – bu yosh avlodga ta’lim-
tarbiya berishni yuksak darajada va doimiy ravishda takomillashtirib borish
san’atidir.
Dostları ilə paylaş: |