13-mavzu. Maktabgacha ta’limda muammoli ta’limni tashkil etish bosqichlari
Asosiy savollar
1. Muammoli ta’lim vazifalari.
2. Muammoli ta’limni tashkil etishning o‘ziga hos jihatlari.
Mavzuga doir asosiy tushuncha va iboralar: shaxs,muammoli ta’lim , ta’lim, tarbiya, rivojlanish, omillar, o’qitish texnologiyasi.
1-asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi: pedagogik faoliyatda “Muammoli ta’lim” texnologiyasi, pedagogik faoliyatda tarbiyalanuvchilar bilan individual ishlaydining ahamiyati yuzasidan ma’lumotlar berish.
1-asosiy savolning bayoni:
Maktabgacha ta’limda qo‘llanib kelinayotgan texnologiyalardan biri “Muammoli ta’lim” texnologiyasidir. Muammoli ta’limga o’qitish jarayonidagi barcha kamchiliklarni bartaraf etadigan universal vosita deb qarash to’g’ri emas. Tarbiyalanuvchilar egallashlari lozim bo’lgan bilimlar, ayrim hollarda kamroq kuch va vaqt sarflangani holda, an’anaviy metodlar orqali ham maksimal darajada hal etilishi mumkin. Bunda hamma narsani o’zlashtiriladigan materialning tabiati, tarbiyachi-o’qituvchining bilimdonligi va mahorati hal qiladi. Pedagogning rahbarlik roli muammoli ta’limda ham muhim ahamiyat kasb etadi. U o’quv materialiga tarbiyalanuvchilarning umumiy va individual taraqqiyoti, egallagan bilim, ko’nikma, malaka va ma’naviy sifatlari darajasi, qo’yilgan muammoning umumiy maqsadiga qanchalik mosligidan kelib chiqib ish tutadi.
Muammoli ta’limda tarbiyalanuvchi oldiga bilim berishga yo’naltiradigan masalalar ham, uning ma’naviyatini shakllantirish yo’lidagi muammoli savol yoki topshirqlar ham muhim o’rin egallaydi. Ular muammoli vaziyat hosil qilishning asosiy sharti sanaladi. Bilim berish yoki ma’naviyatni sog’lomlashtirishga qaratilgan muammoli savol yoki topshiriqlar tarbiyalanuvchi uchun ma’lum qiyinchilik tug’diradigan darajada bo’lishi, avval egallagan bilimlariga mos kelishi, shu bilan birga, uning imkoniyatlari doirasidan chetga chiqmasligi lozim. Ya’ni muammoli vaziyatlar bolalarning hayotiy tajribasi va nazariy bilimini hisobga olgan holda yaratilishi kerak bo’ladi.
Muammoning qo’yilishi va uni yechish jarayoni uzilmas bir zanjirdir. Muammo ko’tarilishi bilanoq uning yechimi ustida o’ylanadi va bu, o’z navbatida, yangi muammolarni keltirib chiqaradi. Shu tariqa, uzluksiz tarzda yangi bilimlarni o’zlashtirish amalga oshadi. Ta’lim amaliyotida pedagogning har qanday auditoriyaga olib kiradigan ma’lumotlari tarbiyalanuvchilar tayyor bilim sifatida qabul qiladigan yoki o’zlari mehnat qilib o’zlashtiradigan shaklda bo’ladi. Ta’limning dastlabki bosqichlarida, ya’ni maktabgacha ta’limda birinchisi ko’proq qo’llanilishi tabiiy. Lekin o’qitish kechimida bilimlarni mehnat qilib o’zlashtirish shakli o’rni bilan qo’llanilishi va uni tashkil etishda quyidagi me’yorlarga amal qilinishi maqsadga muvofiqdir:
a) tarbiyalanuvchilar mustaqil ravishda o’zlashtirishlari lozim bo’lgan bilimlar ularning imkoniyatlariga mos murakkablikda bo’lishi;
b) berilajak materialning yechimi dasturda belgilangan vaqt oralig’ida amalga oshirilishi;
v) ijodiy yo’l bilan o’zlashtirilgan bilimlar mustahkamligi va darajasi reproduktiv yo’l bilan olinadigan bilimlardan baland bo’lishi.
Muammoli ta’lim muammoni hal etish jarayonini butun jamoaning faol aqliy ishiga aylantiradi. Bu har bir bola shaxsining individual xususiyatlarini maksimal darajada inobatga olinishini taqozo etadi. Faqat shundagina tarbiyalanuvchilar jamoasining barcha a’zosi butun ta’limiy jarayonda tom ma’nodagi ijod kishisiga, fikr odamiga aylana boradi.
Muammoli ta’limda tarbiyalanuvchilar qiyinchiliklarga duch kelishlari, tabiiy. Muammoli vaziyatda qiyinchilik o’zlashtirilishi lozim bo’lgan noma’lum narsaning yangiligi va umumlashtirilishi zarurligi hamda shaxs intellektual imkoniyatlari darajasi bilan xarakterlanadi. Tarbiyalanuvchining intellektual imkoniyati qancha kichik bo’lsa, biror masalani hal qilishda muammoli vaziyatning murakkabligi shuncha katta bo’ladi.
Pedagog mashg’ulot loyihasini tuzishga muammoni qo’yish bilan birga butun jarayon davomida uning muammolilik darajasini uzluksiz tarzda saqlab tura olsagina, biror mavzuni muammoli tarzda o’rganish mumkin bo’ladi. Shundagina tarbiyalanuvchining bilim olishdagi faolligi va mustaqilligi to’liq ta’minlanadi. Aslida, muammoli ta’lim kechimi uchun masalaning yechimi maqsad emas, balki o’quv materialini ongli ravishda o’zlashtirish va tarbiyalanuvchi qobiliyatlarini o’stirish yo’lidagi vositadir.
Muammoli ta’limda tarbiyachi tarbiyalanuvchilar bilan individual ishlaydi. Bu undan kasbiy mahoratni, kompetentlilikni talab qiladi. Gap shundaki, u yoki bu o’quv topshirig’i bir bola uchun qiyin, ikkinchisi uchun oson. Ta’lim jarayonini to’g’ri tashkil qilish uchun har bir tarbiyalanuvchi o’zining kuchi darajasidagi masalani hal qilish bilan shug’ullanishiga erishish lozim bo’ladi. Shundagina har bir tarbiyalanuvchining bilim olishga bo’lgan qiziqishini saqlab qolish mumkin. Buning uchun tarbiyachining oldida hamisha qiyin didaktik masala ko’ndalang turadi. U mashg’ulot mavzusida nafaqat o’quv-biluv muammosini yechishi, balki qanday yo’llar bilan bu mavzu mazkur bolalarning har biri tomonidan o’zlashtirilishi mumkinligini oldindan ko’ra olishi taqozo etiladi.
Muammoli ta’limda tarbiyachining asosiy vazifalaridan biri tarbiyalanuvchilarda intellektual zo’riqishga ehtiyoj va qiziqish uyg’otishdir. Buning uchun avval qiyinchiliklar chamalanadi. Bolalarga hamma muammoli masalalar ham qiziq bo’lavermaydi. Tarbiyalanuvchini masalaning shunchaki yechimi emas, balki undan intellektual zo’riqish, zehn, onglilik talab qiladigan masalani hal etish jarayoni qiziqtiradi. Qiyinchiliklarni chamalaganda, tarbiyachi tarbiyalanuvchilarning intellektual imkoniyatlarini ham hisobga olishi shart. Ayrim bolalar uchun masala qancha qiyin bo’lsa shuncha qiziqarli bo’ladi. Shuning uchun masalaning ob’ektiv qiyinligidan tashqari, yechuvchining sub’ektiv imkoniyatlari ham hisobga olinishi zarur. Gap faqat tarbiyalanuvchilarning har xil tayyorgarlik darajasi haqida emas, balki, ular aqliy faoliyatining individual xususiyatlari haqida ketyapti. Sekin-sekin tarbiyalanuvchining mustaqil ravishda muammoning yechimiga erishishi muammoli ta’limning maqsadlaridan biridir. Bu tarbiyalanuvchining shunday ishlarni bajarishga bo’lgan ehtiyoji darajasi bilan asoslanadi.
Ta’lim jarayonini muammoli tashkil etish bolani tarbiyaviy, ta’limiy, qiziqtiruvchi, rivojlantiruvchi imkoniyatlar bilan ta’minlaydi. Bu jarayonning uchta maxsus vazifasi mavjud:
Mantiqiy usullar yoki ijodiy faoliyatning maxsus yo’llaridan foydalanib tarbiyalanuvchilarda bilimlarni ijodiy o’zlashtirish ko’nikmasini shakllantirish.
Hayotiy vaziyatga ko’ra mavjud bilimlardan ijodiy foydalanish ko’nikmasini tarbiyalash.
Ijodiy faoliyat ko’rsatish ko’nikmalarini shakllantirish.
Bundan tashqari, muammoli ta’limning quyidagi vazifalari ham mavjudki, bu jarayonni tashkil etishda ularni ham nazardan qochirmaslik maqsadga muvofiqdir:
Tarbiyalanuvchilarning bilim olish faoliyatini mustaqil va ijodiy yo’nalishga chiqarish.
Bolaning yangi bilim va faoliyat usullarini o’zlashtirishini ta’minlash.
Tarbiyalanuvchilarning har birida o’z imkoniyati doirasida ilmiy dunyoqarash shakllanishini ta’minlash.
Shakllanib kelayotgan shaxsda hissiy-irodaviy sifatlarni rivojlantirish, uning ko’nglidagi odam va olam sirlarini bilishga bo’lgan ichki ehtiyojini qondirish.
Yuqoridagi vazifalarning har biri alohida tarbiyalanuvchining amaliy va nazariy-intellektual faoliyatida namoyon bo’ladi hamda ular muammoli ta’limning quyidagi xususiyatlari bilan bog’liq:
tarbiyalanuvchining yangi tushunchalarni muammo yo’li bilan mustaqil o’zlashtirishdagi xususiy faoliyati bo’lib, u bilimlarning ongli, chuqur va mustahkam o’zlashtirilishini ta’minlaydi;
muammoli ta’lim shaxs dunyoqarashi shakllanishida eng samarali usullardan biri sanaladi. Chunki muammoli ta’lim jarayonida to’plangan bilimlar mustaqil, tanqidiy, ijodiy tafakkur ko’magida amaliy faoliyatda qo’llanib, qat’iy ishonchga aylanadi;
o’quv va amaliy muammolar o’rtasidagi qonuniy aloqadorlik yuzaga keladi. Hayot bilan aloqadorlik o’zlashtirilgan bilimlarni har xil amaliy faoliyatda qo’llanilishiga xizmat qiladi;
tarbiyalanuvchilarning har xil mustaqil ishlarini tizimli ravishda va samarali qo’llash imkoniyati yaratiladi;
muammoli ta’limning individualligi har qanday mavzuni o’zlashtirish uchun tarbiyalanuvchida bilim, ko’nikma va malakalarning ma’lum darajasi oldindan mavjud bo’lishini taqozo etadi. Muammoning har xil shaklda bo’lishi farazlar xilma-xilligini tizimga soladi va natijalarga har xil yo’llar bilan erishilishini ta’minlaydi;
muammoli ta’limning navbatdagi xususiyati uning jo’shqinligidir. Bu jo’shqinlik muammo har bir bolaga o’ziga xos tarzda ta’sir ko’rsatishidan kelib chiqadi;
muammoli ta’lim tarbiyalanuvchilarning yuqori darajadagi faolligiga asoslanadi. Chunki muammoli vaziyatning o’zi aqliy zo’riqishning asosiy manbai hisoblanadi. Tarbiyalanuvchining fikrlashi uzluksiz tarzda, uning ruhiy-hissiy faoliyati bilan tabiiy aloqada bo’ladi. Tadqiqot shaklida bo’lgan har qanday fikrlash qo’yilgan muammoning individual qabul qilinishini, shaxsiy tuyg’ularni, emotsional faollikni oshiradi;
muammoli ta’lim bilimlarni sermahsul va ijodiy o’zlashtirishni ta’minlaydi, tarbiyalanuvchi ijodiy faoliyatini kuchaytiradi. Unda o’ziga ishonchi hissini orttiradi.
Ko’pincha ilmiy adabiyotlarda muammo bilan murakkab savollar aralashtirib yuboriladi. Bir qator olimlar muammoni har qanday savoldan ajratib turadigan belgi hal etilishi kerak bo’lgan masalaning muhimligi yoki qiyinligida, deb biladilar. Ammo muhimlik ham, qiyinlik ham muammoning asosiy xususiyati emas. Chunki o’ta muhim va murakkab savollar ham muammo darajasiga ko’tarila olmasligi mumkin. “Savol” so’zining xususiyatlari va ahamiyati lug’atlarda: «javob talab qiladigan murojaat; o’rganiladigan, muhokama qilinadigan predmet, yechimini talab qiladigan masala»1 deb ko’rsatilgan. Savolda ifodalangan bilmaslik ilmiy izlanish natijasida ma’lumga, o’rganilgan narsaga aylansa, bunday savol muammo bo’lolmaydi. Savolda, odatda, javob uchun zarur bo’lgan ma’lumotlar mavjud bo’ladi. Savol uni so’rayotgan odam javobini biladigan, soddaroq fikrlashni talab qiladigan, butun vaziyatning etishmayotgan qismlarini to’ldirishdan iborat bo’lgan hodisa. Buni tarbiyalanuvchi savolni tushunib, unga javob berish uchun kerak bo’ladigan faktlar orasida shunday aloqa o’rnatadi, deb tushunish mumkin. Ba’zan savolga javob berish uchun qandaydir bir faktni eslashning o’zi kifoya. Bola yo’naltirilgan fikrlash usullari, odatda, avvallari foydalanilgan bo’ladi va u shu andaza bo’yicha harakat qiladi.
Agar shu oddiy savol yangi qonuniyatlarni kashf etish imkoniyatlari haqidagi tahminlar bilan uyg’unlashtirilsa, u muammoga aylanishi mumkin. Muammo bir necha yechimga egaligi bilan savoldan farqlanadi. Echimlarning har biri salmoqli asosga ega bo’ladi. Ko’p muammolar qisqalik maqsadidan kelib chiqib savol yoki topshiriq tariqasida qo’yiladi.
Polyak pedagogi V. Okon muammoli ta’limga xos vaziyatni muammoni biror masala yuzasidan tashkil qilish, uni shakllantirish bilan birga hal etish jarayonida tarbiyalanuvchi yoki o’quvchilarga zarur ko’mak berish, bu jarayonning izchilligini ta’minlash va boshqarish, olingan natijalarni tekshirish hamda bilimlarni mustahkamlash kabi faoliyatlar yig’indisi sifatida baholaydi2.
Muammoli ta’lim masalasi bilan maxsus shug’ullangan rus pedagogi M. Maxmutovning fikricha, muammoli ta’lim bilimlarni ijodiy o’zlashtirish va faoliyatning maxsus qonuniyatlariga asoslangan, ilmiy izlanishning asosiy jihatlarini o’zida jamlagan, o’qitish hamda o’qish metodlari, usullarini uyg’unlikda qamrab olgan didaktik tizimni o’zida aks ettiradi. U bilimlar asosini chuqur o’zlashtirishni ta’minlaydi, tarbiyalanuvchining bilim olishdagi mustaqilligini, ijodiy qobiliyatini oshiradi, dunyoqarashini shakllantiradi, kengaytiradi3.
Olimlarning fikriga qo’shimcha qilib yana shuni aytish mumkinki, muammoli ta’lim tarbiyalanuvchilarda shaxslik sifatlarining shakllanishiga, ma’naviyatining boyishiga ham sharoit yaratadi. U bilimlarni, tushunchalarni tarbiyachi rahbarligida, tarbiyalanuvchilarning o’zlari tomonidan ongli ravishda o’zlashtirilishini ta’minlash va faollik kasb etishiga xizmat qiladi.
Muammoning, muammoli vaziyatning vujudga kelganini tarbiyalanuvchi hodisa bilan u haqdagi tasavvur orasida qarama-qarshilik paydo bo’lganda his qiladi. Bu qarama-qarshilikni bartaraf qilish uchun unga avval o’zlashtirgan bilimlari va tajribasining o’zi kamlik qiladi. Muammoni anglab etishning o’zi har qanday fikrlash jarayonining boshlanishidir.
Muammoda uning echim uchun tayyor javob yoki ma’lumot yo’q. Eng avvalo, muammoni hal eta oladigan darajada tiniqlashtirib olish va buning uchun fikrlash jarayoni yordamida unga mos keladigan ma’lumotlarni topish talab qilinadi. Muammoni echmoqchi bo’lgan odam, avval unda nimalar etishmayotganini aniqlashi va o’sha faktlarni qanday topishni belgilab olishi kerak bo’ladi. Ko’rinadiki, muammoda yechim shakllantirilmaydi. Tarbiyachining vazifasi ma’lum muammoli vaziyatni tashkil etish ekan, buning uchun u, avvalo, tarbiyalanuvchiga muammo nimadan iborat ekanini to’g’ri anglatishi, unda shu masalani hal etishga xohish-qiziqish paydo qilishi, ichki ehtiyoji – motivatsiyasini uyg’otishi zarur hisoblanadi.
Muammoli ta’limdagi keyingi masala bevosita muammoning yechilishidan iboratdir. Bu jarayonni quyidagi bosqichlarga ajratish mumkin:
Muammoning tahlili va asoslovini ilgari surish. Muammo ma’lum qiyinchilik bor joyda paydo bo’ladi va uning echimi uchun tarbiyalanuvchida mavjud bo’lgan bilimlarning o’zi etarli bo’lmay qoladi.
Masalaning yechimini qidirish va uni hal etish. Muammoni tekshirishda uning yangi aloqalari va ilgari ma’lum bo’lmagan sifatlari aniqlanadi. Shu tariqa asta-sekinlik bilan ob’ektga doir yangi bilimlar to’planadi. Har safar uning yangi jihatlari va xususiyatlari ochila boradi. Bu bosqichni masalani hal etish yuzasidan farazlarning shakllanish bosqichi deb atash mumkin. Unda urinishlar va xatolar, avvalgi tajribalarga tayanish, echimning taxminiy yo’llarini belgilash, echish tamoyillarining isboti va fikrlarni asoslash ishlari amalga oshiriladi.
Muammoning echish yo’llari to’g’riligini tekshirish va olingan natijalarni belgilangan mezonlar asosida baholash4.
Har bir bosqich ma’lum umumiy jihatlar, muammoni echish yo’llarini qidirish va topishdan iborat faoliyatlar bilan xarakterlanadi. Bola xato qilishdan cho’chimay, o’z izlanishlari asosida masalani hal etishning rejasini tuzadi. Bu jarayonda, tabiiy ravishda muqobil yo’llar ham ko’zda tutiladi. Masalani anglash bilan uning echimigacha bo’lgan yo’l qiyin va uzoq bo’lishi ham mumkin. Masalaning hal etilishidagi eng muhim jihat uning echimi haqida tasavvurga ega bo’lishdir. Bu tasavvurga asta-sekinlik bilan, bir qator samarasiz urinishlardan keyin, kutilmaganda erishish ham mumkin.
Dostları ilə paylaş: |