OVQATDAN ZAHARLANISHDAN SAQLANISH ASOSLARI Ovqatdan zaharlanishning asosiy tadbirlari quyidagilardan iborat. 1. Kasal chiqaruvchi manbani
chetlatish. 2. Ovqat mahsulotlaridagi zaharlanish jarayonini to‘xtatish. 3. Ovqat mahsulotlarining mikroblar
ishtirokida zararlanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik. 4. Zararlanib qolgan ovqat mahsulotlarini epidemiologik
jihatdan xavfli bo‘lgan mikroblardan xoli qilish. Zararlanishning oldini olish uchun oziq-ovqat mahsulotlarini
tayyorlash davrida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarli omillarga yo‘l qo‘ymaslik talab qilinadi. Oziq-ovqat
mahsulotlarining mikroblar bilan zaharlanib qolishida eng xatarli manba—hayvon (sigir, qo‘y, echki,
cho‘chqa, uy parrandalari) mahsulotlari hisoblanadi. Bunday hollarda asosiy mas’uliyat veterinariya va
sanitariya xodimlariga yuklanadi. Mollarni so‘yishdan oldin veterinariya va sanitariya nazoratidan o‘tkaziladi.
Tayyorlashning hamma bosqichlarida sanitariya-gigiyena va veterinariya tadbirlari joriy etilgan bo‘lishi kerak.
Mahsulot mikroblar bilan ifloslanib qolgan taqdirda veterinar xodimlar tegishli choralarni ko‘rishlari shart.
Hayvonni uyda so‘yish ma’n qilinadi. So‘yish zarur bo‘lgan taqdirda ham uni veterinariya nazorati hamda
bakteriologik tekshiruvlardan o‘tkazilishi kerak. Kasal hayvonlar va parrandalar go‘shtini ishlatishdan oldin
nazorat qilish ham veterinariya-sanitariya xodimlari zimmasiga yuklanadi. Tayyorlangan masalliqni sifati
yomon deb gumon qilinganda uni kimyoviy analiz va bakteriologik tekshiruvdan o‘tkazish uchun
laboratoriyaga yuboriladi. Masalliqlarni saqlashda, pishirishda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal
qilish ovqatlanishni tashkil etishning asosiy shartlaridan hisoblanadi. Ovqatdan zaharlanishning oldini olishda
tez buziladigan masalliqlarni saqlash va ishlatish muddatlariga rioya qilish ham muhim ahamiyatga ega.
Yuqumli kasal tarqatuvchi manba odam bo‘lgani uchun ular orasida tibbiyot ko‘rigi o‘tkazish kerak.
Ovqatdan zaharlanishning sabablarini aniqlash va oldini olish uchun har bir zaharlanish hodisasi albatta
tekshirib chiqilishi va sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalari tomonidan hisobga olinishi shart.
Mikrobsiz ovqatdan zaharlanishdan saqlanish, asosan, oziqovqat mahsulotlariga zaharli birikmalarning
tushishini bartaraf qilishga bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Bosh Davlat sanitariya shifokori tomonidan
1996-yil 26-avgust kuni „Pestitsidlarni toksikligi va xavfliligiga ko‘ra, gigiyenik klassifikatsiyasi bo‘yicha
sanitariya me’yori va gigiyenik normativlari“ tasdiqlandi. Mazkur hujjat inson hayotiga xavf soluvchi yangi
pestitsidlarni qo‘llashga ruxsat bermaslik, atrof-muhitni, suv, havo, tuproqni muhofaza qilishga qaratilgan.