Maydalab – bo‘laklovchi burg‘ilar va burg‘ilash boshchalariga bir, ikki va ko‘p sharoshkali burg‘ilar kiradi. Bu burg‘ilar bilan jinslarni maydalash-aylanish jarayonida sharoshka tishlarining jinsga urilishi hisobiga, jinslarning bo‘laklanishi esa sharoshka tishlarini quduq tubi tekisligiga ishqalanishi natijasida yuzaga keladi. Maydalab – bo‘laklovchi burg‘ilar sferik, ikki va uch konusli sharoshkalarga ega. Maydalab – bo‘laklovchi burg‘ilarga M, MZ, MS, MSZ, S va SZ turidagi burg‘ilar kiradi.
M turidagi burg‘ilardan yumshoq, plastik, kam abraziv jinslarni, hamda slansli gillar, g‘ovak qumtoshlar, ohaktoshlar, mergellar va shu kabilarni burg‘ilash uchun foydalaniladi. Bu burg‘ilarning tishlari o‘tkirlashgan, burchaklari esa kichik bo‘ladi.
MZ turidagi burg‘ilar sharoshkalarning tishlarini yemirilishga olib keluvchi plastik abraziv jinslarni burg‘ilashda qo‘llaniladi. Bu turdagi burg‘ilar qattiq qo‘yma tishlarga ega.
MS turidagi burg‘ilardan o‘rta qattiqlikdagi jinslar qatlamchalari aralashgan yumshoq jinslarni burg‘ilashda foydalaniladi (slansli gillar, gilli mergellar, g‘ovak gilli slanslar, gips, tosh tuzi, bo‘rli yotqiziqlar, toshlar va boshqalar).
MSZ turidagi burg‘ilar yumshoq, abraziv, orasida o‘rta qattiqlikdagi tog‘ jinslari bo‘lgan qatlamlarni burg‘ilash uchun mo‘ljallangan.
S turidagi burg‘ilar kam abraziv, o‘rta qattiqlikdagi (gilli, qumli slanslar va g‘ovak argellitlar, sementlashgan kvarsli alevrolitlar, dolomitlar, zich ohaktoshlar va boshqalar) jislarni burg‘ilash uchun mo‘ljallangan. Sharoshkalarning tishlari M va MS turidagi burg‘ilarnikiga nisbatan qisqa, ularning o‘tkirlashish burchagi esa katta.
SZ turidagi burg‘ilar o‘rta qattiqlikdagi abraziv jinslarni burg‘ilash uchun mo‘ljallangan.