Xalqaro jinoyat huquqi normalarini O‘zbekiston qonunchiligiga implementatsiya qilish masalalari
Bugungi kunda insoniyat tomonidan fan va texnika sohasida zabt kiritilayotgan olamshumul cho‘qqilar bilan birga, transmilliy uyushgan jinoyatchilikning jahon miqyosida yoyilish xususiyati yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xalqaro terrorizm, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi, qurol-aslahalarning pinhona savdosi kabi illatlar tobora xavfli tus olib, insoniyat tinchligi va xavfsizligiga g‘oyatda jiddiy tahdid sifatida yuzaga chiqmoqda. Amaliy materiallarga qaraganda, faqat terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan transmilliy uyushgan jinoiy guruhlarning soni taxminan 500 taga etib, ular tomonidan bir yilda sodir etiladigan terroristik xurujlarning soni 1500 tashkil qilmoqda. Kriminolog-olimlar bashorat qilishlaricha, ushbu sonlar yiliga 300 foizga oshib boradi.2
Xalqaro jinoyatchilikning umumbashariy xususiyat kasb etib borayotgan bir pallada davlatlararo hamkorlikni mukammallashtirishdagi sa'i-harakatlarni yanada kuchaytirishdir dolzarb vazifa bo‘lib turibdi. Xalqaro maydonda ikkitomonlama standartlarga, tashqi siyosatni tor ma'noda sub'ektiv yondashish, yagona aksiljinoyat xalqaro siyosat shakllantirish jarayonlardan bo‘yin tovlashga barham bermay turib, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash borasida sezilarli yutuqlarga erishib bo‘lmaydi. Bu borada xalqaro jinoyat huquqi ulkan ahamiyat kasb etadi. Mazkur institut xalqaro huquqqa xos bo‘lgan tartibga solish, muvofiqlashtirish kabi funktsiyalar orqali uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda umumiy qabul qilingan xulq-atvor standartlarni belgilab, ularning ro‘yobga chiqishini ta'minlaydi. Professor A.X. Saidov yozishlaricha, " ushbu funktsiyalarsiz davlatlarning jahon hamjamiyati bilan munosabatlari va birgalikda mavjudligini tasavvur qilishning imkoni yo‘q".3
Ma'lumki, xalqaro jinoyat huquqi xalqaro huquqning nisbatan yosh instituti hisoblanadi. Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashga oid xalqaro-huquqiy normalarning majmui taxminan 19 asrdan vujudga kela boshlab, muqaddam jinoyatchilarni ushlab berish, sudlovga tegishlilik jinoyat qonunning vaqt va hududda amal qilishi kabi masalalarni qamrab olardi. Hozirga kelib, xalqaro jinoyat huquqi tobora kengayib, uyushgan jinoyatchilikning turli ko‘rinishlariga qarshi kurashga doir shartnomalardan tortib, xalqaro jinoyat sudi faoliyatiga oid huquqiy normalardan iborat. Umuman olganda, zamonaviy xalqaro jinoyat huquqi jinoyatchilikning oldini olish, jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va jazo muqarrarligini ta'minlashga qaratilgan davlatlararo hamkorlik kabi kompleks sohalarni o‘z ichiga oladi.
Bugungi kunda ro‘y berayotgan xalqaro jinoyatchilikning bir davlat doirasidan chiqib ketishi, xalqaro ahamiyatga molik jinoyatlarning sodir etish holatlarining tezkor sur'atlarda o‘sib borishi barcha davlatlardan bir kuch sifatida bir kuch sifatida harakat qilishni, xalqaro shartnomalar asosida xalqaro va milliy qonunchilikni uyg‘unlashtirib borishni talab qilmoqda. Zikr etilgan salbiy jarayonlar xalqaro jinoyat huquqining tartibga solish va muvofiqlashtirish funktsiyalarining ahamiyatni yanada oshiradi. Bu holat ayrim olimlar tomonidan davlatlar jinoiy qonunlaridagi tafovutlarga barham berish xalqaro jinoyat huquqining asosiy vazifasi deb e'tirof etishishga asos yaratdi3. Bizningcha, xalqaro jinoyat huquqi asosida amalga oshirilayotgan o‘zaro huquqiy yordamning ham ulkan ahamiyatga molik ekanligini e'tirof etgan holda, davlatlar jinoiy qonunchiligini birhillashtirish jarayonining muhimligini inkor etish qiyin.
Xalqaro jinoyat huquqi doirasida amalga oshirilayotgan milliy jinoiy qonunlarni birhillashtirish jarayoni xalqaro shartnoma va xalqaro tashkilotlarning qarorlarini davlatlar tomonidan o‘z qonunchiligiga singdirish (implementatsiya) orqali amalga oshiriladi. Xalqaro huquqda implementatsiya hodisasi eng munozarali masalalardan biri bo‘lib, bugungi kunda olimlar ahli orasida bu borada yagona fikrga kelingani yo‘q. Tadqiqotchilar tomonidan implementatsiyaning xalqaro-huquqiy (xalqaro shartnomalarni tuzish va xalqaro tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirib borish) va milliy huquqiy mexanizmi (xalqaro huquqiy me'yorlarni milliy amaliyotga joriy etishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy choralarning majmui) ajratilmoqda. Shu munosabat bilan, nazarimizda, bu borada o‘zbekistonlik olima G. Yuldasheva tomonidan aniqroq tushuncha berilib, uning fikricha, xalqaro huquq normalarining implementatsiyasi - xalqaro huquqqa muvofiq xolda olingan majburiyatlarni to‘laligicha o‘z vaqtida bajarish maqsadida individual va jamoa tarzida yoxud xalqaro tashkilotlar doirasida davlatlarning aniq yo‘naltirilgan faoliyatidir. Olima tomonidan ham xalqaro huquq normalari implementatsiyasining xalqaro va milliy mexanizmlariga turkumlanmoqda.
Tahlillardan ma'lum bo‘lishicha, davlatlarning milliy qonunchiliklarida xalqaro jinoyat huquqi normalari nafaqat jinoyat kodeksi, balki maxsus qonunlar orqali implementatsiya qilinadi. Misol uchun, noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash borasidagi xorijiy davlatlarning qonunchiligi jinoyat kodeksidagi normalar, noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashga doir maxsus qonundagi normalar va aynan narkobiznes natijasida olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashga oid qonundagi normalardan iborat. Bundan maqsad, muayyan jinoiy qilmish uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi bilan chegaralanib qolmasdan, balki ushbu qilmishga qarshi kurashning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmni yaratishdir.
Garchi, hozirda xalqaro jinoyat huquqi normalarini implementatsiya qilish borasida davlatlarning harakatlari ancha faollashib ketsada, bu sohada surunkali xarakterga ega ko‘plab muammolar mavjud. Ichki jinoiy qonunchiligidagi nomukammaliklar, bir jinoiy qilmishga qarshi kurashga oid davlatlar qonunchilikdagi tafovutlar hanuz saqlanib qolib, milliy darajada jinoyatchilikka bardosh berishga yalpi siyosatning amalga oshirish imkoniyatini bermayapti. Vaziyatni og‘irlashtiradigan omillardan biri -bugungi kunda umumbashariy tus olib borayotgan ayrim g‘oyatda xavfli qilmishlarga yagona xalqaro-huquqiy tushunchasi berilmaganligidir. Ma'lumki, xalqaro terrorizm, agressiya kabi xalqaro jinoyatlarning ta'riflash masalasi huquqshunoslik fanida hal qilingani yo‘q va ularni sodir etgan shaxslarning javobgarlikdan qutulishiga zamin yaratmoqda. Shubhasiz, xalqaro jinoyat huquqi doirasidagi unifikatsiyalashtirish jarayonlarini jadallashtirish insoniyat tinchligi va xavfsizligi ta'minlashda ob'ektiv zarurat bo‘lib qolmoqda.
Yuqorida zikr etilgan barchasi O‘zbekiston Respublikasi uchun g‘oyatda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘z davlat mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq jahon hamjamiyatiga integratsiya qilish hamda nafaqat xalqaro hamkorlikdan iqtisodiy-ijtimoiy naf ko‘rish balki mintaqa va umumbashariy xususiyat kasb etib borayotgan muammolarni bartaraf qilishga mustaqil suveren davlat sifatida o‘z ulushini qo‘shishiga intilayotgan O‘zbekiston uchun xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashda barcha kuch-qudratini safarbar etish hayot-mamot ahamiyatini kasb etib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning e'tirof etishicha, "Biz sa'i-harakatlarimizni birlashib, eng asosiy qoida hozirgi zamon jamiyat taraqqiyotining bebaho boyligini, hatto mintaqada barqarorlikni o‘rnatishning muhim sharti sifatida inson huquqlari va erkinliklariga hurmat va ehtiromni mustahkamlashimiz kerak. Biz siyosiy va iqtisodiy islohotlarni olg‘a siljitishimiz, narkobiznes va terrorizmga, mintaqaviy va jahon hamkorligi jarayonlari rivojiga xalaqit beradigan barcha illatlarga qarshi kurashishimiz lozim".1
O‘zbekiston Respublikasi istiqlol yillarining qisqa, ammo g‘oyatda sermazmun yillari transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash borasida davomida salmoqli faoliyat olib borilgan bo‘lib, jumladan xalqaro jinoyat huquqi doirasida tuzilgan universal shartnomalarning majmui ratifikatsiya qilindi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan terrorizmga qarshi kurash borasida tuzilgan 12 universal Konvensiya, "Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash to‘g‘risida"gi 1988-yilgi Konvensiya, Giyohvandlik vositalari bo‘yicha 1961-yilgi Yagona Konvensiya, "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiya ratifikatsiya qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda ratifikatsiya qilingan shartnomalarning milliy amaliyotda singdirish mexanizmi shakllanmoqda. O‘zbekiston Respublikasida xalqaro shartnoma mazmuniga qarab, ichki davlat akti xalqaro majburiyatlarni joriy qilishni kelgusi huquq ijodkorligi bilan bog‘laydi yoxud bog‘lamaydi. Xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish akti xalqaro shartnomani joriy qilishni bildirmaydi. U yoki bu xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish akti bo‘yicha ular davlat ichida yuridik kuchga ega bo‘lmaydi. Xalqaro-huquqiy normalarni joriy qilish uchun davlatning aniq bir huquqiy ijodkorligi zarur.2
Ta'kidlash lozimki, xalqaro jinoyat huquqi normalarini milliy qonunchilikda implementatsiya qilishda har tomonlama tashkiliy-huquqiy mexanizmni yaratish tajribasidan O‘zbekiston Respublikasida ham foydalanildi. Xalqaro terrorizm, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi, noqonuniy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishiga qarshi kurash mamlakatimizda nafaqat shunchaki Jinoyat kodeksida, balki maxsus qonunlar asosida amalga oshiriladi. Ushbu qonunlarda vakolatli davlat organlari va ularning vazifalari, profilaktika choralari,xalqaro hamkorlikka doir choralar belgilanib, mazkur normativ hujjatlar muayyan jinoyat turiga qarshi kurashni samarali ravishda muvofiqlashtirib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasida xalqaro jinoyat huquqi normalarini implementatsiya qilishda ko‘lga kiritilgan dastlabki yutuqlarni ijobiy baholagan holda, bizningcha, bu boradagi so‘ngi chora-tadbirlarning fursati etildi. Ana shu sababli, bizningcha, mamlakatimizda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risidagi maxsus qonun qabul qilinib, unda uyushgan jinoyatchilikning tushunchasi, mutasaddi davlat organlarining o‘rni va vakolatlari, jamoatchilik bilan ishlash tartibi, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining imtiyoz va kafolatlari, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashga doir qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik va xalqaro hamkorlikka doir choralar belgilanib olinishi kerak. Zero, ushbu qonunni qabul qilish zaruriyati nafaqat ichki sabablar bilan, balki xalqaro hamkorlik doirasida uyushgan jinoyatchilikka qarshi belgilangan choralardan kelib chiqadi. Ma'lumki, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari o‘rtasida "Uyushgan jinoyatchilik to‘g‘risida"gi Namunaviy qonun qabul qilinib, ushbu qonunda uyushgan jinoyatchilik tushunchasi va uning tarkibiy unsurlariga tushuncha berilgan, uyushgan jinoiy guruhlarni tuzish uchun javobgarlik belgilangan, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida vakolatlarini amalga oshiradigan davlat organlarining vakolatlari, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashning samaradorligini ta'minlaydigan maxsus tezkor qidiruv chora tadbirlarning majmui belgilangan, Bu qonun qoidalari Hamdo‘stlikdagi davlatlar qonunchilik tizimiga deyarli singdirilmagan. Aynan shu sababli mutaxassislarning e'tirof etishicha, bugungi kunda MDH davlatlari qonunchiliklarida birhillashtirish emas, balki keskin farqlaydigan qonunlarni qabul qilishda ifodalanadigan uzoqlashish jarayonlari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Shundan kelib chiqib, jinoyatchilikka qarshi kurashga oid maxsus qonunni qabul qilish nafaqat milliy ehtiyojdan kelib chiqqan qadam, balki xalqaro majburiyatlarimizning bajarilishi hamdir.
Dostları ilə paylaş: |