Birinchidan, axborot vositalarining yuksak rivojlanishi natijasida internet, uyali telefon, telekommunikatsiyalar va turli axborot nashrlarining kirib kelishi. Bu vositalar orqali taklif etilayotgan “qadriyatlar” ko‘p hollarda yoshlarni milliy qadriyatlarimizdan uzoqlashtirib qo‘ymoqda, boshqacha aytganda o‘ziga xos “ildizi yo‘q individ”larning shakllanishiga, o‘z tarixiy ildizlaridan uzoqlashuviga olib kelmoqda.
Ikkinchidan, “ommaviy madaniyat” turli ko‘rinishlarining yoshlar orasida tobora keng tarqalishi. Bular, asosan kiyinishda, qiziqishlarda, bo‘sh vaqtni o‘tkazishda, didlarning sayozlashuvida, milliy qadriyatlarga munoabatda namoyon bo‘lmoqda. YOt madaniyat qadriyatlarini o‘zida ifoda etayotgan “ommaviy madaniyat” yoshlarimizda g‘arbona individualizm, egotsentrizm, nigilizm, andishasizlik, bexayolik va zo‘ravonlik, milliy qadriyatlarga va ijtimoiy manfaatlarga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lish kabi illatlarni keltirib chiqarmoqda.
Uchinchidan, yoshlar orasida taqlidchilik, g‘arbona ideallarga ko‘r-ko‘rona ergashish kabi holatlar ham kuzatilmoqda. Bunda, xorijda keng tarqalgan axloqiy va ma’naviy yurish-turish andozalarining kinofilmlar, moda va turli xil reklamalar orqali yoshlarning ongi cho‘lg‘ab olinayotganini sezish qiyin emas. Oqibatda, yoshlar o‘rtasida kitob o‘qishdan ko‘ra, kompyuter o‘yinlari oldida vaqtini o‘tkazish, mazmunan sayoz bo‘lgan turli xil janrdagi filmlarni tomosha qilish odat tusiga kirib bormoqda.
Afsuski, aksariyat hollarda yoshlarni bosqichma-bosqich milliy o‘zligidan ayirish, milliy an’analari va urf-odatlariga zarba berib, tarixiy xotirasini qirqish, shu orqali millatlar ustidan hukmronlikka erishish tamoyili kuchaymoqda. Biz axborot asri, mafkuraviy to‘qnashuvlar kuchaygan, ma’lum bir davlatlar va siyosiy kuchlarning manfaatlariga xizmat qiladigan, turli ma’no-mazmundagi mafkuraviy kuchlarning ta’siri doimiy ravishda sezilib turgan davrda yashayotgan ekanmiz, avvalo, yoshlar ongida mafkuraviy bo‘shliq paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayslik uchun ularda tashqi g‘oyaviy ta’sir va xurujlardan himoya qiladigan mustahkam immunitet shakllantirish muhim vazifalardandir. Buning uchun esa, yoshlar erkin, mustaqil fikr yuritadigan, imon-e’tiqodli, aql-zakovatli, irodasi mustahkam, bilimli va dono bo‘lishi, o‘z yurtining tarixiy, milliy qadriyatlari, buyuk ajdodlari qoldirgan bebaho ilmiy-ma’naviy merosini ongi va qalbiga jo etmog‘i darkor. Bu o‘rinda taraqqiyparvar insoniyat erishgan jamiiki yutuqlar, millatimiz rivojiga xizmat etadigan umuminsoniy qadriyatlar va demokratiya tamoyillarini inkor etmaymiz. Aksincha, asrlar osha sayqal topib kelgan milliy urf-odat va an’analarimiz umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashuvi lozimligini e’tirof etamiz. Boshqacha qilib aytganda, demokratiya tamoyillari milliy qadriyatlarda voz kechish hisobiga emas, aksincha, ularning yanada takomillashuvi va gullab yashnashiga xizmat qilmog‘i darkor. SHu sababli, shiddat bilan kechayotgan voqealar hodisa oqimida yoshlarning katta hajmdagi axborotning mazmunini anglashi, uni to‘g‘ri talqin etib, xulosalar chiqarishi nihoyatda muhimdir. Ayni chog‘da yoshlarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun:
a) milliy axborot makonini izchil rivojlantirish va uni axborot resurslari bilan boyitish;
b) axborotni izlash, uni qayta ishlash, saqlash va undan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish;
v) davlat organlari faoliyati yuzasidan xolis, tezkor va to‘la-to‘kis axborot olish imkoniyatini yanda kengaytirish;
g) axborot xizmatidan foydalanuvchilar, avvalo yoshlarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini mavjud manbalardan materiallarni tanlab olishda ularga metodologik yordam ko‘rsatish yo‘li bilan qanoatlantirish, bunda axborot –kommunikatsiya texnologiyalaridan ken va samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratish lozimdir.
Bu jarayonlar insondan axborotni tanlash, saralash, uni to‘g‘ri idrok etish madaniyatini shakllantirish kabi insonning bevosita dunyoqarashi, salohiyati, tajribasi bilan bog‘liq xususiyatlarni kamol toptirish masalalarining dolzarbligini oshirib, yoshlar oldiga yanada chuqur bilim egallashni, katta ko‘lamdagi axborotni to‘la o‘zlashtirishni va unda samarali foydalanishni hozirgi kunning muhim masalalaridan biri qilib quyadi.
YUqoridagi misollar fuqarolarni avvalo, yoshlar dunyoqarashini shakllantiruvchi ma’naviy va intelektual muhitni pokligini saqlash borasida axborot vositalarining o‘rni va ta’sir kuchi beqiyos ekanligidan dalolat beradi. SHu sababli, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq axborot vositalarining faoliyati odamlarning fikri va xatti-harakatini boshqarishga emas, aksincha haqqoniy ma’lumot va xabarlar asosida ularning dunyoqarashini kengaytirish va yuksaltirishga qaratilgan. Axborotning katta oqimi sharoitida inson o‘zini erkin his eta olishi uchun axborot madaniyatiga ega bo‘lishi zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu o‘rinda axborot madaniyati deyilganda ta’lim, ilmiy bilish va faoliyatning boshqa turlari davomida yuzaga keladigan, axborotga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan bilimlar, o‘quv va ko‘nikmalarning tizimlashtirilgan yig‘indisi tushuniladi. Inson axborotga bo‘lgan o‘z ehtiyojini to‘g‘ri shakllantira olishi, axborot resurslari orasidan o‘zi uchun kerakli bo‘lgan axborotni izlay oilishi, uni qayta ishlash va shu asnoda sifat jihatidan yangi axborot yarata bilishi, yakka tartibda axborot qidiruvi tizimini olib borishi shuningdek axborot muloqotiga qodirligi va kompyuter sohasidagi savodxonligi aborot madaniyatining mezonlari hisoblanadi.
Axborot xurujining yoshlarga ta’sirini kuchayishi davrida axborot madaniyatini shakllantirish masalalarini o‘rganishda quyidagilarga e’tiborni qaratish maqsadga muvofiq.
Birinchidan, jamiyatning axborot salohiyati nafaqat axborot texnologiyalarining rivojlanish darajasi bilan, balki axborot madaniyatining darajasi bilan ham belgilanadi. Har qanday texnika yangiliklari va g‘oyalari madaniyatining ajralmas qismiga aylangan taqdirdagina, ularning ijtimoiy ahamiyati va samarasi oshadi.
Ikkinchidan, axborot jamiyatini shakllantirishga fuqarolarning axborot sohasiga loqaydligi va befarqligi, ba’zi axborot tarmoqlarining yopiqligi, axborot yig‘ish va uni saqlashga mablag‘larning katta qismi sarflangan bir paytda ushbu axborotga keyinchalik kam murojaat qilinishi kabi holatlar ham to‘sqinlik qiladi.
Uchinchidan, hozirgi zamrn texnikasining rivojlanish darajasi, muhandislik echimlarining sifati va ekologik xavfsizlik, ya’ni jamiyatning madaniyati darajasiga bog‘liq bo‘ladi.
To‘rtinchidan, jamiyatning muayyan qismi axborotni qayta ishlash va undan samarali foydalanish texnologiyasini egallaganligi ularga o‘z manfatlaridan kelib chiqqan holda axborotni o‘zgartirish, jamiyat a’zolarining qolgan qismiga o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilish, ularga ta’sir o‘tkazish xavfini yuzaga keltiradi.
Beshinchidan, jamiyatning axborot infratuzilmasini texnologlar yaratganligi sababli, jamiyat taraqqiyotida texnokratik tamoyillarni ustunlik qilishining real imkoniyatlari oshadi. SHu bois hozirgi zamon jamiyatini modernizatsiya qilish jarayonida inson omilining o‘rni va ko‘lamini aniqlab olish zarur.
Oltinchidan, axborot kommunikatsiyalarining rivoji g‘alati vaziyatni yuzaga keltiradi. Bu texnologiyalarning taraqqiyoti qanchalik kitob bilan yuz bersa, har bir insonning axborot-psixologik faoliyatida shunchalik ko‘p muammolarni yuzaga keltiradi, bu esa axborot madaniyatni shakllantirishni yanada dolzarb qiladi.
Paragraf xulosalariga ko‘ra, axborot vositalari jadal rivojining hozirgi globallashuv sharoitida yoshlar tarbiyasiga o‘tkazayotgan salbiy ta’siri quyidagilarda namoyon bo‘ladi: birinchidan, axborot vositalarining yuksak rivojlanishi natijasida internet, uyali telefon, telekommunikatsiyalar va turli axborot nashrlarining kirib kelishi: ikkinchidan, “ommaviy madaniyat” turli ko‘rinishlarining yoshlar orasida tobora keng tarqalishi; uchinchidan, yoshlar orasida taqlidchilik, g‘arbona ideallarga ko‘r-ko‘rona ergashish kabi holatlar ham kuzatilmoqda.