Mavzuning o‘rganilganlik darajasi. Qadimgi Ustrushonada mustaqillik yillarida arxealogiya qazuv- tadqiqotlari doirasi ancha kengaydi. Jumladan, Xarkana rustokining ilk o`rta asr yodgorliklari Qing`irtepa, Almantepa, Jalmantepa, Lapaktepa, Nushkent, Xavos, Saganaktepa, Eski Xavos, Oqtepa, Qultepa yodgorliklari, O`rta Osiyoning IX-XII asrlardagi tog`-kon metalurgiyasi makonlaridan biri, Turkiston tizmalarida joylashgan Miq qal`asi ochib o`rganildi10. Tadqiqotlar o`tkazilgan yodgorliklar geografik jihatdan tekislik dasht, tog` oldi va tog` mavzelarda joylashgan. Ustrushonadagi yodgorliklar XX asrning ikkinchi yarmidan 90-yillariga qadar qisman o‘rganilgan. Asosiy tadqiqotlar Ustrushonaning sharqiy va janubiy qismi (Tojikiston hududi)da keng qamrovli olib borilgan. Bu yerda, N.N.Negmatov, E.D.Saltovskaya, T.P.Kiyatkina, A.K.Mirboboev, R.Z.Avzalov, S.SH.Marafiev kabi arxeologlar tomonidan olib borilgan uzoq yillik izlanishlar natijasida ko‘plab yodgorliklar ochib o‘rganilgan11. Biroq, hozirgi vaqtga qadar bu tadqiqotlar O‘zbekiston hududida joylashgan yodgorliklardan topilgan moddiy ashyolar bilan qiyosiy solishtirib o‘rganilmagan.
O’zbek sharqshunoslari, akademiklar Ya.G’ulomov, A.Muhammadjonov asarlarida, shuningdek, zamondosh olimlardan H.Ziyoyev, N.Ne’matov, S.Anorboyev, M.Pardayev, A.Pardayev, H.Muhammedov, A.Bedimurodov, M.Isoqov, N.Nemtseva, S.Nishonov, O’.Nosirov, H.Haydarov va boshqalarning monografiya, risola va ilmiy maqolalarida shahar tarixi, madaniyati, xalqining turmush tarzi haqida muhim ma’lumotlar berilgan12.
Jizzaxda Ya.Gʻ.Gʻulomov (1951, 1960-61), H.Muhamedov (1956-59), M.Aminjonova (1964), S.Rahimov (1966-70), R.A.Badaxov (1980), Oʻ.Alimov (1982-84) va boshqalar arxeologik qazishlar olib borganlar. Jizzax hududidagi Uchtepa mavzesidagi III-IV asrlarga oid mozortepalardan turli sopol parchalari, tangalar topildi. Jizzax yaqinida 1955-yil Ya.Gʻ.Gʻulomov bronza davriga oid tosh kursini topgan13.
Ustrushonaning shimoliy va shimoliy-g‘arbiy qismida yodgorliklar ancha ko‘p saqlanib qolgan. Ular asosan Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining tog‘ va tog‘ oldi hududlarida Mirzacho‘l sarhadlarida joylashgan. Bu yodgorliklarning ba‘zilari A.A.Gritsina, S.R.Rahimov, O.A.Alimov, E.B.Anorboev, M.H.Pardaev, F.E.Toshboev va J.I.G‘ofurovlar tomonidan qisman o‘rganilgan. Mazkur tadqiqotlarda yodgorliklarning paydo bo‘lishi, arxeologik manbalar tavsifi, yodgorliklarning davriy sanasi, yodgorlik sohiblarining qaysi xalqlar va etnik guruhlarga mansubligi to‘g‘risida ilmiy fikrlar berilgan. Aytish mumkinki, Ustrushonadagi yodgorliklar qisman tadqiq qilingan bo‘lib, bu ma‘lumotlar orqali mazkur tarixiy madaniy vohada yashagan ajdodlarimiz o‘tmishi va ularning o‘lka tarixida tutgan o‘rni masalalari yoritilgan.
Qayd etilgan va o`rganilgan yodgorliklarning aksariyati milodiy IV-V va VI-VIII asrlarga mansubdir. Shimoli-g‘arbiy Ustrushona hududlarini va xususan Jizzax vohasini muqim, o`troq hayot tarziga o`tgan ko`chmanchi xalqlar tomonidan ommaviy o`zlashtirilishi xuddi shu davrlarga to`g`ri keladi14.Shu sababli mazkur regionning antik va ilk o`rta asr davriga oid yodgorliklarini o`rganish arxeologiya fani uchun muhim ma`lumotlar beradi.
Dostları ilə paylaş: |